AsosiySiyosat

Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan Orolbo`yi mintaqasi ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilindi

'Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan Orolbo`yi mintaqasi ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilindi'ning rasmi

O`zbekiston Prezidentining Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish to`g`risidagi tashabbusi amalga oshdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining Matbuot xizmati ma`lum qildi.

2021-yilning 18-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev taklifiga binoan Orolbo`yi mintaqasini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish to`g`risidagi maxsus rezolyusiya bir ovozdan qabul qilindi.  

O`zbekiston rahbarining tashabbusi jahon hamjamiyati tomonidan keng qo`llab-quvvatlandi. Dunyoning turli mintaqalaridagi 60 ga yaqin davlatlar mazkur rezolyusiyaga hammuallif sifatida ishtirok etgani bu fikrni yaqqol taqdiqlaydi.

Bosh Assambleya qabul qilgan rezolyusiya:

— Orolbo`yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo`llab-quvvatlashini e`lon qiladi;

— bundan buyon ham Orolbo`yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yo`lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini rag`batlantiradi;

— Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo`yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish bo`yicha qo`shma chora-tadbirlarni amalga oshirishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhimligini ta`kidlaydi;

— barcha manfaatdor tomonlarni qo`shma fanlararo tadqiqotlar o`tkazishga, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etishga, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o`sishga hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo`llashga turtki berishga chaqiradi.

Hujjatda O`zbekiston rahbariyatining tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazining tashkil etilgani hamda BMT shafeligida Orolbo`yi mintaqasi uchun ko`psheriklik Trast fondini ta`sis etilganiga yuksak baho berildi va bu tashabbuslarning BMT tomonidan qo`llab-quvvatlanishi qayd etildi.

Orolbo`yi Bosh Assambleya tomonidan “Ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi” singari yuqori maqom taqdim etilgan ilk mintaqa bo`ldi. BMT Bosh Assambleyasi maxsus rezolyusiyasining qabul qilinishi yuqori texnologik innovasiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy qilishga investisiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini majmuaviy qo`llash, cho`llashuv va ekologik migrasiya jarayonlarining oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni va rag`batlantiruvchi omillarni shakllantirish yo`lidagi sa`y-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, hujjat mintaqaviy ustuvorlik, integrasiya va barqaror rivojlanishni qo`llab-quvvatlash bo`yicha BMT tizimidagi ixtisoslashgan agentliklar, jamg`armalar va dasturlarning amaliy harakatlarini hamda loyihalarini umumlashtirish va ular o`rtasidagi muvofiqlashuvni ta`minlashga xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar