1

Yuragimda saqlaganlarim: “Seni ko`rgani keldim, qizim...”

Mutolaa 07.03.2016, 11:36
Yuragimda saqlaganlarim: “Seni ko`rgani keldim, qizim...”

Yangi hayot boshlaganimga hali ko`p bo`lgani yo`q, lekin juda qiyin vaziyatga tushib qoldim. Dardimni hech kimga aytolmayman... Menga maslahat beradiganlar chiqib qolar, degan umiddaman.

Ota-onam men esimni tanimasimdan ajrashib ketishgan. 

— Oyi, Nasibani dadasini men ham dada desam maylimi? – bolaligimda onamga shunday savol berganimda u yum-yum yig`lagandi. 

— Yo`q, qizim, Nasibani dadasi sening tog`ang bo`ladi. U kishini tog`a deyishing kerak. 

— Unda mening dadam qaerda, kelsinlar...

Onamni o`sha paytda juda qiynaganimni endi-endi anglayapman. Yolg`iz boshi bilan ukam ikkimizni hech kimdan kam qilmay o`stirdi. Ancha yil tog`amning oilasi bilan yashadik. Atrofimdagi bolalar dada deb otalarining bo`yniga osilganida, nega mening otam yo`q, deb ich-ichimdan ezilardim. Dadam bizni olib ketish uchun kelishini shunchalik istardim-ki... 

— O`rtog`imning dadasi kasal bo`lib qolgan ekan, do`xtirlar olib ketishibdi. Bizni dadamizni ham do`xtirlar olib ketgan, to`g`rimi, opa? Tuzalsalar keladilar... – esini taniy boshlagan ukamning bu gapiga men ham ishona boshladim. Lekin ancha yillar o`tdi hamki, dadamdan darak yo`q.    

— Qizim, uyimizga mehmon kelgan. Sen bilan ukangni ko`rgani...Kirib ko`rish, — dedi bir gal buvim. 

— Dadammi?!. Ana, aytgandim-ku, dadam bir kuni baribir keladi, deb. Ukamni ham chaqirib kelaymi? 

— Ukang allaqachon kelgan...

Xayolimda dadam ukamni quchoqlab o`tiribdi, degan tasavvurda shoshib mehmonxonaga kirdim. 

To`rda bir begona kishi o`tiribdi, ukam esa tog`amning yonida uning pinjiga kirgudek begonasirab turibdi. Onam ko`rinmaydi. 

— Salom ber, dadangga, qizim...

— Assalomu alaykum... – negadir tashqariga qaytib chiqmoqchi bo`ldim. Tushlarimizga kirib, bizni mahkam bag`riga bosib erkalaydigan dadam mening tasavvurimdagi kishi emas, qandaydir bizga umuman begona odam ekan. 

— Katta qiz bo`lib qolibsan-ku...

Orzu qilganimdek uning quchog`iga otilmadim, dadam ham menga talpinmadi. Nega u haqiqiy otam bo`lsa, bizga shunchalik begona, deb o`zimga savol berardim ulg`ayganim sari.   

Ota diydoriga to`ymay o`sgan bolaligimiz ham ortda qolib ketdi. Ukam ham, men ham o`z hayot yo`limizni topib oldik. Bizni yolg`iz boshi bilan oyoqqa turg`izgan onam qanchalik qiynalganini endi anglayapman. Tog`alarimdan ham bir umr minnatdorman. Ko`nglimizni o`ksitmaslik uchun qo`llaridan kelganini qilishdi ular. Maktabni tugatib, institutga kirishga tayyorlanib yurgan kunlarimda uyimizga birin-ketin sovchilar kela boshlashdi. 

— Yaxshi joydan kelishdi, opa. Qiz bolaga har doim ham bunday joydan sovchi chiqavermaydi. Uzatib yuboravering, o`zlari o`qitib olishadi, — onamni o`rtaga olishdi xolalarim. 

— Onangni qiynama, qizim, uniyam o`yla. Hayotini sen bilan ukangga bag`ishlab, qayta turmush ham qurmadi. Endi sizlarning orzu-havasingizni ko`rsin. Sovchilarni rad qilma...

Qarindoshlarimizning gapi to`g`ri edi. 

“O`qishga kirib olsam, meni tinch qo`yishadi”, deb o`ylardim. Afsuski, omadim chopmadi, “Yaxshi joy”ga uzatadigan bo`lishdi meni.

Mana, kelin bo`lib tushganimga ham ikki yilcha bo`lib qoldi. Tushgan xonadonim juda yaxshi. Qaynota-qaynonam mehribon, shirinso`z odamlar. Menga qilayotgan e`tiborlaridan bir tomondan o`ksik qalbim quvonsa, bir tomondan juda iymanardim. Hayotning menga bergan tuhfasimikan bu? Otasiz o`sgan qalbimni turmush o`rtog`imning mehri to`ldirgandek bo`ldi. Men ham yangi oilamga bor mehr, e`tiborimni berishga intilardim. Bir yil o`tib o`g`illi bo`ldik. Hayotning mazmuni, haqiqiy baxt nimalagini endi anglay boshladim. Onam ham, kelinlik xonadonimdagilar ham juda xursand. Kelinligimda ertalabdan kechgacha katta hovlida bir o`zim qolib, uy yumushlarini tugatganimdan so`ng zerikib qolardim. Endi kichkintoyim bilan bo`lib, kunlar qanday o`tayotganini ham sezmay qolyapman. Qaynona-qaynotam bozorda ishlashadi, turmush o`rtog`im kichik xususiy tadbirkorlik korxonasini yuritadi. Moddiy tomondan hech qanday kamchilik yo`q, eganim oldimda, emagani ortimda desam ham bo`ladi. Ularga qo`limdan kelganicha xizmat qilishni, ko`ngillaridagidek kelin bo`lishni istaganim uchun men ham tinmayman. Meni qiynalib o`stirgan onamga, buvim va tog`alarimga ham bir gap tegmasin, deyman-da. Turmushimizning ikkinchi yilida qaynonam pullarini ham menga ishonib topshiradigan bo`ldi.

— Hamma pullarni menga berib ketishyapti. Ba`zida sanalmagan bo`ladi. “Yaxshilab taxlab, sanab qo`ying”, deydi qaynonam. Sizga ozroq pul olib keldim, oyi. Kamchiligingizga ishlatarsiz. Uydagilar bilishmaydi, — bir marta onamga ozroq pul olib borgandim, baloga qoldim.

— Bu ishni bir marta qilding, ikkinchi marta qilma. Eringning ruxsatisiz uning bir tiyiniga ham xiyonat qilma. Men sendan pul so`radimmi? Xudoga shukr, shu kungacha hech kimdan qarzdor bo`lgan joyim yo`q. Juda kunimdan qolsam, ana, o`g`lim bor, kunimga yaraydigan...

Hammasi ko`ngildagidek ketayotgandi... Yarim oldin ro`y bergan bir voqea sabab halovatim yo`qolgan. Xullas, mening yaxshi joyga kelin bo`lganimni eshitgan otam yo`qlab keladigan bo`ldi. Bolaligimda qanchalik zor bo`lgandim unga, endi esa... Birinchi marta turmush o`rtog`im bilan birga kirib kelishganida hushim boshimdan uchay dedi.

— Dasturxon tuza, oyisi, mehmon keldi. Hoynahoy, bu qarindoshingni tanimasang kerak. “Ayolingizning qarindoshi bo`laman, meni yaxshi tanimaydi”, dedilar. Uyga olib kelaverdim. Tez oshga unna...

Turgan joyimda ancha payt qotib qoldim. Mehmonxonaga kirib ketgan erim mendagi o`zgarishni sezmadi, yaxshiyam. Otamning bu qilig`idan xafa bo`lishni ham, xursand bo`lishni ham bilmasdim. Ko`nglimning bir burchida “Ozgina bo`lsayam, menga nisbatan mehri bor ekan-ku, yo`qlab kelibdi, nega otasiman, deb ochiq aytavermaydi. Axir bular otasiz o`sganimni bilishadiku...” turli xayollar charx urardi boshimda. O`sha kuni u kishini yaxshilab mehmon qilib kuzatishdi. Bu gapni onamga aytsam, onam ham juda sarosimalanib qoldi. 

— U seni deb emas, pul uchun kelgan, bolam... Oldindan shunday odati bor, birovlardan pul olib, bermay ketadi. Bir joyda yolchitib ishlamaydi. Undirgan pullarini aroqqa sarflaydi. Endi sening hayotingni buzmasaydi... — onam ko`ksini changallab yig`ladi. 

Shirin oilam buzilishini o`ylab, men ham qo`rqib ketdim. 

— Erimga aytaman, u odam hech qanday qarindoshimmas, uni yaqingizga yo`latmang, deyman...

— Ishqilib yomonligi tegmasin-da...

Bir umr kutib yashagan, mehriga zor bo`lgan odamimni endi o`zimdan uzoqlashtirishim kerak. Bir tomondan vijdonim ham qiynaladi. Axir nima bo`lganda ham u mening otam-ku. Erimga hammasini ochiqchasiga aytib bersam, meni qanday qabul qilarkan. Qaynota-qaynonam-chi, ular nima deyishadi? 

— Nima bo`lyapti senga, biror joying og`rimayaptimi? — bir nuqtaga tikilib qolganimni ko`rgan erimning mehribonchiligidan keyin ko`nglim buzilib ketdi. Qaniydi unga ko`nglimda kechayotgan hamma gapni  ayta olsam? 

Yaqinda hovlimiz darvozasi taqilladi, borib ochsam, ostonada dadam turibdi. Vujudimni qaltiroq bosib qoldi. 

— Seni bir ko`rib ketay, deb keluvdim, qizim, — dadamning gapidan keyin o`zimda jur`at topib, uyga taklif qildim. 

— Meni kechir, qizim, seniyam bezovta qilyapman. Nima qilay, ko`rgim keldi-da... Ayniqsa o`g`lingni sog`indim. Nevara shirin bo`ladi, deganlari rost ekan-da... 

Darhol dasturxon tuzab, mehmon qildim. Biror soat o`tirib, ketishga chog`landi. 

— Kelganimni uyingdagilar bilmay qo`yaqolsin... - dedi ketayotib. 

Negadir otamga juda rahmim keldi. 

— To`xtang, — uyga kirib bir dasta pul olib chiqib, uzatdim. Indamay oldi. Onamga o`xshab urishib bermadi. 

Shundan keyin ham ikki-uch bor yo`qladi otam. Men esa ikki o`t orasidaman, erimga, qaynota-qaynonamga dadamni tanishtiraymi yoki... Ular qanday qabul qilisharkan?..

Maktubni MOHITOBON oqqa ko`chirdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1