AsosiySiyosat

Sizlarning yutuq va g`alabalaringizga ishonaman — Prezident maktab bitiruvchilarini tabrikladi

'Sizlarning yutuq va g`alabalaringizga ishonaman — Prezident maktab bitiruvchilarini tabrikladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston maktablarini bitiruvchi o`g`il-qizlarga tabrik yo`lladi. Tabrik matnini Prezident Matbuot xizmati e`lon qildi:

Aziz farzandlarim!

Qadrli maktab bitiruvchilari!

Avvalo, barchangizni beg`ubor o`quvchilik yillaringizni ortda qoldirib, qadrdon maktabingiz, mehribon ustozlaringiz bilan xayrlashib, hayotingizning yangi, yanada mas`uliyatli bosqichiga qadam qo`yayotganingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda mamlakatimizdagi barcha maktablarda “so`nggi qo`ng`iroq”lar yangrab, qariyb 438 ming nafar o`quvchi yoshlarimiz etuklik shahodatnomalarini qo`llariga olmoqda.

Bu nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g`oyat quvonchli va hayajonli voqeadir. Chunki, qalbi pok orzu-umidlar bilan to`lgan sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo`lgan ta`lim-tarbiya sohasidagi sa`y-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini ko`ramiz.

Sizlar keyingi ikki yil davomida pandemiya sharoitida o`qib va yashab, qiyinchiliklarga qarshi kurashish ko`nikmalarini ham egallashingizga to`g`ri keldi. Albatta, bu murakkab sinovli kunlar hademay o`tmishga aylanadi.

Ishonchim komil, yangi O`zbekiston sharoitida, zamonaviy taraqqiyot talablari asosida ta`lim-tarbiya olgan yosh avlod vakillari sifatida barchangiz davlatimiz, xalqimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarni qadrlab, ulardan yanada samarali foydalanasiz.

Qadrli o`g`il-qizlarim!

Ma`lumki, biz o`z oldimizga ulkan maqsadlarni qo`yib, ularga erishishning eng muhim omili sifatida ta`lim-tarbiya sohasiga juda katta ahamiyat bermoqdamiz.

Qisqa muddatda maktabgacha ta`lim, oliy va o`rta maxsus ta`lim tizimida muhim o`zgarishlar amalga oshirildi. “Yangi O`zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab ta`limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

Bu haqda gapirganda, oxirgi to`rt yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilinib, tubdan ta`mirlangani va jihozlanganini qayd etish lozim.

Yurtimizda mutlaqo yangicha mazmun va shakldagi zamonaviy Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etilmoqda.

Hozirgi vaqtda respublikamizda 10 mingdan ziyod davlat umumta`lim, 171 ta nodavlat, 18 ta davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat ko`rsatmoqda. Jumladan, 56 ta matematika, 28 ta kimyo-biologiya, 14 ta axborot texnologiyalari fanlariga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etildi.

Shu boradagi ishlarimizni izchil davom ettirib, keyingi paytda fizika va chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktablar ochishga alohida e`tibor bermoqdamiz. Shu yil sentyabr oyida 14 ta fizika va 207 ta chet tillariga ixtisoslashtirilgan maktab o`z faoliyatini boshlashini alohida ta`kidlash lozim.

Eng muhimi, ana shu maktablarda ta`lim-tarbiya olayotgan o`g`il-qizlarimiz xalqaro fan olimpiadalari, ijodiy festival va tanlovlarda yuqori o`rinlarni egallamoqda, mamlakatimiz va xorijdagi nufuzli oliygohlarga kirib o`qish huquqini qo`lga kiritmoqda.

Oxirgi bir yarim yilda iqtidorli o`quvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qo`lga kiritgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Yurtimizda olijanob kasb egalari bo`lgan o`qituvchilar, ustoz-murabbiylarning mashaqqatli mehnatini munosib rag`batlantirish, ularning ish va turmush sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro`-e`tiborini oshirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.

Xalqaro fan olimpiadalari g`oliblari va ularning ustozlarini moddiy taqdirlash mexanizmi yo`lga qo`yilgani ham ana shunday ishlarimiz qatoriga kiradi.

Dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar tajribasi asosida maktab ta`limi uchun o`quv dasturi va darsliklarining yangi avlodini yaratish bo`yicha amaliy ishlar boshlandi.

Bugungi kunda butun yurtimizni qamrab olgan besh muhim tashabbus doirasida ham siz, aziz yoshlarimizning etuk insonlar bo`lib kamol topishingiz uchun ko`p ishlar qilinmoqda.

Xususan, farzandlarimizni san`at dunyosiga oshno etish maqsadida 800 dan ortiq madaniyat markazida 4,5 mingdan ziyod to`garak faoliyati yo`lga qo`yilgani, ular musiqa asboblari va zarur jihozlar bilan ta`minlangani, maktablarda tashkil etilgan 36,5 mingdan ziyod to`garaklarga 1 million 100 ming nafar o`g`il-qizlarimiz jalb etilgani bu boradagi muhim qadamlardir.

Shuningdek, respublikamiz maktablarida 49 mingdan ortiq, bolalar va o`smirlar sport maktablarida esa 26 mingga yaqin to`garaklarda minglab o`g`il-qizlarimiz jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug`ullanmoqda.

Barcha maktablarimiz keng polosali Internet tarmog`iga bosqichma-bosqich ulanayotgani hamda mamlakatimizda jami 133 ta raqamli texnologiyalar o`quv markazi ochilgani farzandlarimizda zamon talabi bo`lgan kompyuter va “Ay-Ti” texnologiyalar sohasida bilim va ko`nikmalarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Yana bir muhim masala – yoshlar o`rtasida kitobxonlik madaniyatini keng targ`ib qilishga alohida e`tibor berilmoqda. Shu asosda 201 ta axborot-kutubxona markazidagi kitoblar soni qariyb 25 millionga etkazilgani, o`tgan yili maktab kutubxonalari 150 mingdan ziyod yangi adabiyotlar bilan ta`minlangani yoshlarimizning intellektual va ma`naviy salohiyatini yuksaltirishda muhim rol o`ynamoqda.

Aminmanki, shu kunlarda joylarda ko`tarinki kayfiyatda o`tkazilayotgan yoshlar forumlari va besh muhim tashabbusga bag`ishlangan festivallar ham maktablardagi bitiruv tadbirlariga uyg`un bo`lib, o`g`il-qizlarimiz hayotida o`chmas iz qoldiradi.

Hurmatli yosh do`stlarim!

Mana shu unutilmas damlarda sizlar yangi hayot ostonasida turib, kelajak rejalarini tuzar ekansiz, oldingizda katta imkoniyatlar va mas`uliyatli vazifalar turganini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Qalbingizdagi ezgu orzu-intilishlarni ro`yobga chiqarishda mamlakatimizda faoliyat ko`rsatayotgan 137 ta oliy o`quv yurti, 339 ta kasb-hunar maktabi, 193 ta kollej va 196 ta texnikum sizlarga muntazirdir.

Sizlar uchun ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oliy ma`lumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Shu maqsadda 71 ta oliy ta`lim muassasasida sirtqi, 18 ta oliygohda kechki bo`limlar faoliyat ko`rsatmoqda.

Iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlaridagi ehtiyojdan kelib chiqib, so`nggi 5 yilda bakalavriat bosqichida 134 ta ta`lim yo`nalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil etildi.

Oliy ta`lim muassasalarida 2021-2022 o`quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich masofaviy ta`lim shaklida ham kadrlar tayyorlash yo`lga qo`yiladi.

Hozirgi kunda yoshlarimiz uchun bir vaqtning o`zida 5 tagacha oliy ta`lim muassasasida tanlovlarda ishtirok etish imkoniyati yaratildi.

Bitiruvchi yoshlarni oliy ta`lim bilan qamrab olish darajasi 2016 yildagi 9 foizdan 2020 yilda 25 foizga etdi. Mazkur ko`rsatkichni joriy yilda 28 foizga, 2030 yilda 50 foizga etkazish – asosiy vazifamizdir.

Azim poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng ilg`or oliygohlari bilan hamkorlikda xalqaro talablar asosida tashkil etilayotgan Yangi O`zbekiston universiteti ham siz, aziz yoshlarimizni joriy yildan o`z bag`riga chorlaydi.

Aziz bitiruvchilar, qadrli farzandlarim!

Shu kunlarda sizlarning baxtingiz, kamolingizni o`ylab, yurtimizda yana bir tizim joriy etilmoqda. Ya`ni, joylarda viloyat, shahar va tuman hokimliklari, sektor rahbarlari ota-onalar va o`quvchilar bilan uchrashib, barcha bitiruvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish tashabbusi bilan chiqmoqda.

Bir so`z bilan aytganda, maktabni bitirib chiqayotgan yigit-qizlarimizdan birontasi e`tibordan chetda qolmaydi. Ularning har biri xalqimiz, Vatanimizning cheksiz mehri va yuksak e`tiborini his qilib yashaydi.

Shu munosabat bilan sizlarga, butun mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib aytmoqchiman: hech qachon unutmang, sizlar inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi O`zbekiston, yangi Renessans bunyodkorisizlar.

Sizlarning hayotda o`z munosib o`rningizni topishingiz uchun davlatimiz va jamiyatimiz bundan buyon ham bor kuch va imkoniyatlarini to`la safarbar etadi.

Xalqimizning ana shunday yuksak ishonchiga doimo munosib bo`ling!

Sizlarning o`z oldingizga yuqori maqsadlar qo`yib, vaqtingizni behuda o`tkazmay, doimo bilim va ko`nikmalaringizni oshirib borishingiz, yangi kasb-hunarlarni egallashingiz va eng asosiysi o`z maqsadingiz sari tinmay harakat qilishingiz albatta kelgusidagi muvaffaqiyatlaringiz garovidir.

O`rganish, izlanish va intilishdan aslo to`xtamang!

Sizlarni maktab ta`limini muvaffaqiyatli tugatganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sihat-salomatlik, ishda va o`qishda, shaxsiy hayotda katta yutuq va omadlar tilayman.

Mustaqil hayot sari tashlayotgan ilk dadil qadamingiz qutlug` va muborak bo`lsin!

Sizlarning yutuq va g`alabalaringizga ishonaman, aziz bolalarim!

Shavkat Mirziyoev,

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar