O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi o`tkazildi, deya xabar qilmoqda Senat Axborot xizmati.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n beshinchi yalpi majlisini 2021 yil 28 may kuni chaqirish to`g`risida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida ikki kun (28 – 29 may kunlari) davomida bo`lib o`tadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko`rib chiqilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, “Transport to`g`risida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasi madaniyat va san`at xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi, “O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi va boshqa qator qonunlar muhokama qilinishi ko`zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasida 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi to`g`risidagi masala ko`riladi hamda Vazirlar Mahkamasining O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020 yil va 2021 yil birinchi choragi yakuni bo`yicha ijrosi to`g`risidagi hisobotlarni eshitiladi.
Yalpi majlisda ta`lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta`minlash bilan bog`liq muammolar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so`rovlari yuborish, shuningdek, boshqa masalalar ko`rib chiqilishi ham rejalashtirilgan.






