AsosiySiyosat

Oliy majlisi Senatining XV yalpi majlisida Prezident xavfsizlik xizmatiga oid qonun ma`qullandi

'Oliy majlisi Senatining XV yalpi majlisida Prezident xavfsizlik xizmatiga oid qonun ma`qullandi'ning rasmi

Bugun, 29 may kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Senatining XV yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O`zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda Senatning Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Majlisda ta`kidlanganidek, Qonunini qabul qilish zarurati quyidagi omillar bilan asoslanadi:

birinchidan, 2018 yilning yanvar oyida tashkil etilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyati O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yopiq qarorlari bilan tartibga solingan bo`lib, ochiq tarzdagi normativ-huquqiy xujjatlar mavjud emas;

ikkinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati maxsus vakolatli organ hisoblanib, qo`riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida huquqiy, tashkiliy, qo`riqlash, rejim, tezkor-qidiruv, muhandislik-texnik va boshqa tadbirlar majmuini amalga oshiradi.

Bunda Prezident davlat xavfsizlik xizmati tezkor-xizmat faoliyatining alohida jihatlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlariga to`g`ridan-to`g`ri ta`sir etadi.

Xususan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati o`ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish jarayonida qo`riqlanuvchi shaxslar manfaatlarini ko`zlab, qo`riqlash tadbirlari o`tkazilayotgan joylarda erkin harakatlanishni, qo`riqlanuvchi shaxslarning bo`lish ob`ektlari atrofida va harakatlanish yo`nalishlarida turli xil ob`ektlarning qurilishi va rekonstruksiyasini, qo`riqlanuvchi shaxslarga va ular bo`lish ob`ektlarida xizmat ko`rsatishga bevosita jalb etilgan tashkilotlarning mehnat faoliyati amalga oshirilishini va boshqa xarakatlarini cheklaydi;

uchinchidan, Prezident davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari hamda qo`riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta`minlashga jalb etilgan boshqa huquqni muxofaza qiluvchi organ
va kuch ishlatuvchi tuzilmalar xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish chog`ida o`q otar qurolni qo`llashning aniq tartibi belgilanmagan.

Shu munosabat bilan Qonunda quyidagi masalalarni tartibga solish ko`zda tutilgan. Xususan:

- qo`riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta`minlash sohasida qo`llaniladigan umume`tirof etilgan tushunchalar va atamalar, ularning mazmunini sharhlash va to`g`ri qo`llash maqsadida ushbu faoliyat turining prinsiplari;

- qo`riqlanishi belgilangan qo`riqlanuvchi shaxslarning toifasi;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmatining maqomi, asosiy vazifalari, huquq va majburiyatlari, qo`riqlanuvchi shaxslarning xavfsizligini ta`minlash sohasida boshqa davlat organlari bilan xamkorlik qilish masalalari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmatining shaxsiy tarkibini butlash tartibi, harbiy xizmatchilarining maqomi, huquq
va majburiyatlari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan haqiqiy harbiy xizmat o`tashning alohida jihatlari, ularga harbiy unvon berish va kasbiy tayyorgarligini tashkil etish;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasi kafolatlari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlarini xizmat guvohnomalari, jetonlar va harbiy kiyim-kechak bilan ta`minlash masalalari;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar, sovuq yoki o`qotar qurol qo`llanilishining batafsil shartlari va tartibi;

- Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini nazorat qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Qonun O`zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining huquqiy asoslarini takomillashishiga, amaldagi qonun hujjatlari va yurtimizda barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlarga uyg`unlashishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.

    Boshqa yangiliklar