1

Shavkat Mirziyoev “Yashil o`sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” xalqaro sammitida ishtirok etdi

Siyosat 30.05.2021, 17:04
Teglar: Shavkat Mirziyoev
Shavkat Mirziyoev “Yashil o`sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” xalqaro sammitida ishtirok etdi

30 may kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o`tayotgan “Yashil o`sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti ishida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim o`zgarishi oqibatlarini engib o`tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta`minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo`yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari o`rin olgan.

Tadbirda dunyoning etakchi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Xususan, sammitda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Evropa Kengashi Raisi Sharl Mishel
va Evropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Kesyan, AQSh Prezidentining iqlim masalalari bo`yicha maxsus vakili Jon Kerri, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgieva, Yashil o`sish global instituti raisi Pan Gi Mun va IHTT bosh kotibi Anxel Gurriya qatnashmoqda.

O`zbekiston Prezidenti o`z nutqida “yashil” tiklanish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yo`nalishlarini qayd etdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o`z nuqtai nazarini bayon qildi.

Davlatimiz rahbari “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun butun xalqaro hamjamiyatning sa`y-harakatlarini birlashtirish zarurligini alohida ta`kidladi.

Orol dengizi halokatining global oqibatlarini engib o`tish bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz yaqinda O`zbekiston tashabbusi bilan Orolbo`yini ekologik innovasiyalar va texnologiyalar hududi deb e`lon qilish bo`yicha qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasi to`liq qo`llab-quvvatlangani uchun barcha xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Mazkur yo`nalishdagi ishlarni, shu jumladan maxsus tashkil etilgan BMT Trast jamg`armasi, Yashil o`sish global instituti, “P4G” sheriklik platformasi va boshqa xalqaro institutlar doirasida birgalikda faol davom ettirish taklif etildi.

Mintaqamizda iqlim o`zgarishlari, bug`lanish darajasini oshiruvchi gazlar va atmosfera ifloslanishi muammolari  ta`sirida transchegaraviy daryolar oqimi va biologik xilma-xillik qisqarayotgani munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.

O`zbekiston Parij bitimi doirasida 2030 yilga qadar parnik gazlarini atmosferaga chiqarishni qisqartirish bo`yicha o`z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga sodiq ekani ta`kidlandi.

Shu munosabat bilan “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish O`zbekistonda yaqin o`n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko`paytirish imkonini berishi qayd etildi.

Kelgusi yili O`zbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya o`tkazish, shuningdek, “yashil” iste`mol madaniyatini shakllantirish maqsadida “yashil iqtisodiyot”ni barpo etishga yoshlarni jalb etish bo`yicha maxsus dasturni amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.

Prezidentimiz ushbu muhim sohada amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida O`zbekiston «P4G» sherikligiga qo`shilish hamda uning to`laqonli ishtirokchisiga aylanishga tayyor ekanini bildirdi.

Forum ishi davom etmoqda. Uning yakunida “yashil” tiklanish va barqaror taraqqiyot sohasidagi xalqaro sa`y-harakatlarni birlashtirish bo`yicha eng muhim vazifalarni o`zida aks ettiradigan Seul deklarasiyasi qabul qilinadi.

Sharhlar

Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoevga turkman xalqi alohida qadrlaydigan alabay zotli kuchuk sovg`a qildi

21.10.2022, 13:45

Turkmanistonga rasmiy tashrif doirasida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu mamlakat Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Prexident matbuot xizmati. Davlatimiz rahbari...
"Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va u erda tinch hayotni tiklash muhim". Shavkat Mirziyoev Ostonadagi sammitda nutq so`zladi

13.10.2022, 11:20

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo`yicha kengash VI sammitida nutq so`zladi. O`zbekiston rahbari Afg`onistondagi vaziyatni hal etish va...
Shavkat Mirziyoev Urganchda Jaloliddin Manguberdi haykalini ochib berdi (foto)

29.08.2022, 11:46

Avval xabar qilganimizdek, Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Urganch shahrida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etish uchun Xorazm viloyatiga...
Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai Munavvara ziyoratidan boshladi (video)

17.08.2022, 16:42

Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashrifni Madinai munavvara ziyoratidan boshladi. O`zbekiston rahbari Madina...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1