Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Ezgu film” studiyasi tomonidan suratga olingan rejissyor Jahongir Ahmedovning “Ilhaq” badiiy filmi (https://telegra.ph/Ilhaq-05-31)bir necha tillarga tarjima qilinmoqda. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar qildi.
Mazkur film Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g`alabaning 75 yilligiga bag`ishlanib, unda 5 farzandini frontga jo`natgan ayol Zulfiya aya taqdiri va kechinmalari haqida suratga olingan.
Rejissyor Jahongir Ahmedov kinokartinaning boshqa tillarga tarjima qilinishi haqida so`zlab berdi:
“Kinokartina birinchi navbatda rus tiliga tarjima qilindi hamda 19-22 may kunlari Tojikiston Respublikasida bo`lib o`tgan “O`zbek kinosi kunlari” doirasida ilk bor rus tilida premerasi o`tkazildi.
Filmning rus tilidagi varianti qardosh xalqlar tomonidan juda iliq kutib olindi va endilikda “Ilhaq” kinokartinasini qozoq, turkman, tojik, qirg`iz tillariga tarjima qilish hamda premeralarini o`tkazish taklifi berildi. Ayni vaqtda agentlik buyurtmasiga binoan “Ezgu film” studiyasi tomonidan film tojik tiliga tarjima qilinyapti.
“Ilhaq” filmining hozirda rus tilidagi tarjima va ingliz tilidagi subtitr qilingan varianti tayyor”.