AsosiyJamiyat

Inspeksiya – suvdan foydalanishdagi qonunbuzarliklar oqibatida 1 mlrd.so`mdan ortiq jarima qo`llanilgan

'Inspeksiya – suvdan foydalanishdagi qonunbuzarliklar oqibatida 1 mlrd.so`mdan ortiq jarima qo`llanilgan'ning rasmi

Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi mutaxassislari ishtirokida "Joriy yilda suv tanqisligini yumshatish maqsadida suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar" mavzusida Matbuot anjumani o`tkazildi.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 apreldagi “Suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv xo`jaligi ob`ektlaridan foydalanish borasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 199-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida, Inspeksiyaning 2021 yil 13 aprelda I-27-sonli buyrug`i qabul qilinib,  markaziy apparat hamda hududiy boshqarmalarida suvdan foydalanishni tahlil qilish Shtablari tashkil etilgan.

“Suv va suvdan foydalanish sohasida qonun ustuvorligini ta`minlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va suvdan foydalanish sohasida qonun buzilishi holatlarini oldini olish, hujjatlarni rasmiylashtirish hamda taqdim etish Tartibini tasdiqlash to`g`risida” manfaatdor vazirlik va idoralarning qo`shma qarori qabul qilindi.

2021 yilning yozgi sug`orish mavsumi uchun suv olish limitlarini har bir foydalanuvchi va iste`molchiga taqsimlanib, etkazilishi hamda suvdan foydalanish va suv iste`moli yuzasidan shartnomalar to`liq rasmiylashtirilishi nazoratga olindi.

Inspeksiya ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning sug`orish mavsumi uchun tuzilgan 71 561 ta shartnomalar reestrida belgilangan tartibda nazoratni ta`minlash maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligi va irrigasiya tizimlari havza boshqarmalari, shuningdek, tumanlar qishloq xo`jaligi bo`limlaridan olinishi ta`minlandi.

Suvning hisobi to`liq yuritilishini nazoratga olish maqsadida esa, suv etkazib beruvchi tashkilotlar, suv iste`molchilari uyushmalari, fermer, dehqon xo`jaliklari, klaster tashkilotlari va boshqalarning suv olish joylarida yuritilayotgan 99 056 ta suvni oldi-berdi jurnallari Inspeksiyaning hududiy organlarida ro`yxatdan o`tkazildi.

Inspeksiyani aralashuvi bilan suv etkazib beruvchi tashkilotlar hisobidagi 484 ta suvni boshqarish vositalari, 373 ta suv o`lchash vositalari ta`mirlanishi, suv iste`molchilari uyushmalari, fermer xo`jaliklari va klasterlar tomonidan ishlatilayotgan sug`orish tarmoqlaridagi 1346 ta suv olish joylari suvni boshqarish, 1006 ta suv olish joylari suv o`lchash vositalari bilan jihozlanishi ta`minlandi.

Joylardagi suv omborlaridan suv chiqarishni qat`iy belgilangan rejim asosida amalga oshirilishi nazoratga olindi hamda 14 ta suv omboridan ruxsatsiz suv chiqarish holatlari bartaraf ettirildi.

Suvdan oqilona foydalanishning eng muhim omili bu suvdan foydalanish va suv iste`moli tartibiga qat`iy amal qilish hisoblanadi.

Shundan kelib chiqib, Suvdan foydalanish va suv iste`moli tartibiga qat`iy rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o`rnatildi.

Xususan, “O`zagroinspeksiya” organlari tomonidan o`tgan hisobot davrida belgilangan tartibda o`tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 5708 ta holatda suvdan foydalanish va suv iste`moli qoidalarini buzish;

1985 ta holatda suv ob`ektlarining holatiga ta`sir etuvchi gidrotexnika ishlarini va boshqa ishlarni o`zboshimchalik bilan bajarish;

513 ta holatda suv ob`ektlaridan belgilangan suv olish limitlarini buzish;

430 ta holatda suvdan foydalanish va suv iste`moli rejalarini buzish;

632 ta holatda suv ob`ektlaridan olinadigan va ularga quyiladigan suv miqdorini dastlabki hisobini yuritish qoidalarini buzish;

 356 ta holatda davlat suv kadastri yuritishning belgilangan tartibini buzish;

1205 ta holatda suv xo`jaligi inshootlari va qurilmalaridan foydalanish qoidalari buzilganligi aniqlangan.

Shuningdek, 1151 ta holatda suv iste`molchilari tomonidan limitdan ortiqcha suv olinganligi, 1200 ta holatda suvdan foydalanuvchilar va suv iste`molchilari tomonidan suv olishga ruxsat etilmagan joylardan, shuningdek, shartnoma tuzmasdan suv olganligi, 750 ta holatda suvdan maxsus foydalanish ruxsatnomasisiz suv olish yoki suvdan foydalanish, 774 ta holatda suvni o`zboshimchalik bilan egallab olish kabi tartib buzilish hamda 1006 ta boshqa holatdagi qonunbuzilishlar aniqlangan.

O`z navbatida, 2191 ta holatda qishloq xo`jaligi ekin maydonlarini ko`llatib sug`orish, 2757 ta holatda suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga foydalanmasdan tashlab qo`yilishini joyida bartaraf ettirilishi natijasida o`rtacha 276,1 mln.m3 suv resurslarini isrof bo`lishi oldi olingan.

Inspeksiya organlari tomonidan mazkur qonunbuzilishi holatlarini kelib chiqish sabablari o`rganilib, kelgusida shu kabi qonunbuzilishlarni oldini olish bo`yicha tegishli tashkilot va korxonalarning mas`ul mansabdor shaxslariga 9239 ta ogohlantirish, 1297 ta yozma ko`rsatma va 371 ta taqdimnomalar kiritildi.

Shuningdek, aniqlangan qo`pol qonun buzilishi holatlariga nisbatan 3789 ta mamuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 1 073 mln. so`mlik ma`muriy va 2274 ta 1 167 mln. so`mlik moliyaviy jarima sanksiyalari qo`llanildi.

Bundan tashqari, 1206 ta qonun buzilishi holatlari yuzasidan to`plangan hujjatlar tegishliligi bo`yicha ko`rib chiqishlik uchun Sudlarga kiritilishi ta`minlandi.

 Aniqlangan holatlar va ko`rilgan ta`sir choralari to`g`risida muntazam ravishda Respublika ishchi guruhi va shtabiga axborot kiritilishi ta`minlanib kelinmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar