Shavkat Mirziyoev BAAning Dubay shahrida bo`lib o`tgan boks bo`yicha Osiyo chempionatida g`alaba qozongan boks bo`yicha O`zbekiston terma jamoasiga tabrik yo`lladi:
"Mard va jasur farzandlarim, yurtimiz qahramonlari!
Siz, azizlar shu yil 24-31 may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida bo`lib o`tgan boks bo`yicha Osiyo chempionatida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, azmu shijoatli o`zbek farzandlari qanday buyuk ishlarga qodir ekanini yana bir bor yaqqol namoyon etdingiz.
Sizlarning mana shunday yorqin g`alabangiz va uning omillari haqida so`z yuritar ekanmiz, mamlakatimizda keyingi yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga alohida e`tibor berilayotganini alohida ta`kidlash o`rinlidir.
Ana shunday yuksak e`tibor tufayli yoshlarimiz o`rtasida sportning boshqa turlari qatori boksga bo`lgan mehr va qiziqish ham tobora ortib bormoqda.
Hech shubhasiz, bu borada o`zining shonli an`analariga ega bo`lgan o`zbek boks maktabining sizdek munosib vakillarining jahon maydonlarida erishayotgan ulkan yutuqlari ham beqiyos rol o`ynamoqda.
Bundan besh yil oldin aynan sizlarning yuksak mahorat va matonatingiz bilan Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida O`zbekiston charm qo`lqop ustalari jahonning eng qudratli va etakchi boks jamoalari qatoriga ko`tarilgani barchamizga cheksiz g`urur va iftixor bag`ishlaydi.
Sizlar keyingi yillarda ana shu yutuqlarni yanada mustahkamlab, 3 ta Osiyo birinchiligi, Osiyo o`yinlari va 2019 yili Rossiyaning Ekaterenburg shahrida o`tkazilgan jahon chempionatida barcha raqiblarni ortda qoldirib, umumjamoa hisobida birinchi o`rinni qo`lga kiritganingiz tahsinga sazovordir.
O`zbek boksining shuhratini kelgusida jahon miqyosida keng tarannum etish, ushbu sport turini yoshlarimiz o`rtasida yanada ommalashtirish maqsadida yaqinda maxsus qaror qabul qilganimiz sizlarga yaxshi ma`lum, albatta.
Mazkur hujjatda qariyb bir asrlik boy tarix va an`analarga ega bo`lgan o`zbek boks maktabini yanada rivojlantirish, uning jahon sportidagi etakchilik mavqeini mustahkamlash, yoshlarimiz o`rtasidan yangi Osiyo, jahon va Olimpiya chempionlari etishib chiqishini ta`minlash bo`yicha zarur chora-tadbirlar belgilanganini aytib o`tishni istardim.
Shu o`rinda mamlakatimizda xotin-qizlar sporti, xususan, ayollar boksi ham izchil rivojlanib borayotganini qayd etish lozim. Sizlar g`oliblikni qo`lga kiritgan Osiyo chempionatida To`maris va Barchinoydek botir va dovyurak momolarimizning munosib davomchilari bo`lgan jasur qizlarimiz ham faol ishtirok etib, 1 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo`lga kiritganlari hammamizni quvontiradi.
Bu haqda gapirganda, yaqinda yoshlar o`rtasida bo`lib o`tgan dunyo birinchiligida o`zbek qizi Nigina O`ktamova milliy tariximizda birinchi marta xotin-qizlar orasida “jahon chempioni” degan yuksak sharafga muyassar bo`lganini faxr bilan tilga olamiz.
Ishonamanki, bu hali boshlanishi. Kelgusida qizlarimiz bundan ham yuksak g`alabalari bilan jahon boks olamini hayratga soladi, albatta.
Aziz g`olib va muzaffar farzandlarim!
Sizlarning Osiyo chempionatida erishgan ulkan yutug`ingiz eng ulug`, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga munosib sovg`a bo`ldi.
Sizlar ushbu g`alabangiz bilan xalqimizga yanada ko`tarinki kayfiyat, katta va quvonch olib keldingiz.
Bunday muvaffaqiyatlar zamirida tajribali murabbiylar va federasiya xodimlarining kechayu kunduz qilayotgan tinimsiz mehnati, faxriylarimizning yillar davomida to`plagan buyuk va bebaho merosi, xalqimiz va hurmatli ota-onalaringizning duolari mujassam, desak, har tomonlama to`g`ri bo`ladi.
Yaqinda Tokio shahrida boshlanadigan Olimpiya o`yinlarida ham sizlarga mana shunday ulkan zafar va omadlar yor bo`lsin!
Jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrog`ini yanada baland ko`tarib, uning shon-shuhratini oshirishda barchangizga sihat-salomatlik, kuch-g`ayrat va yangi-yangi g`alabalar tilayman.
Yorqin va ulkan yutug`ingiz muborak bo`lsin!"






