Bugun, 2 iyun kuni, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev Amerikaning Crow Holdings kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashdi. Samimiy ruhda o`tgan muloqotda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Bu haqda shahar hokimligi xabar berdi.
Toshkent shahar hokimi amerikalik tadbirkor va olimlarni poytaxtimizda ko`rib turganidan xursandligini bildirib, mehmonlarga Toshkentning so`nggi yillardagi yutuqlari, salohiyat va imkoniyati haqida ma`lumot berdi. Jumladan, shahar iqtisodiyoti oxirgi 3 yilda ikki barobar yuksalgani, ayni shu davrdagi bunyodkorliklar ko`lami bundan avvalgi 70 yilda qilingan ishlar xajmi bilan teng ekanligini alohida qayd etib o`tdi. Shu bilan birga oxirgi 3 yilda poyaxtimizda 22 ta er usti hamda 4 ta er osti metro bekatlari qurilgani, ayni paytda ta`limni rivojlantirishga, jumladan, xususiy ta`limning hissasini oshirishga ham katta e`tibor qaratilayotganligini, fizika, matematika, kimyo, biologiya, geografiya fanlari qatori ingliz tilini yaxshi o`zlashtirgan o`quvchilar va ularning o`qituvchilari uchun hokim stipendiyasi va mukofot puli joriy qilinganligini ma`lum qildi. Xizmat ko`rsatish yo`nalishida ta`lim, tibbiyot, sport va gastronomik turizmni rivojlantirish, shahar sayyohlar uchun nihoyatda qulay va jozibador bo`lishi yo`lida ish olib borilayotganligini ham bildirdi. Shuningdek, O`zbekiston poytaxti azaldan ilm-ma`rifat, madniyat markazi bo`lganligiga e`tibor qaratib, hozir olib borilayotgan barcha yo`nalishdagi ishlar Toshkentning nufuzini yanada yuksaltirish, turistik jozibadorligini oshirish, umuman, shaharni har tomonlama rivojlantirishga qaratilganligini aytib o`tdi.
O`z navbatida Crow Holdings kompaniyasi boshqaruvi raisi Xarlan Krou samimiy qabul va do`stona muhit uchun minnatdorlik bildirib, juda go`zal va barqaror rivojlanib kelayotgan shahar hamda uning rahbariyati bilan uchrashuvdan katta taassurot olayotganligini bildirdi. Toshkent shahar hokimining poytaxt va uning taraqqiyot strategiyasi haqidagi fikrlaridan ta`sirlanganligini aytib, agar shahar shu suratda olg`a boradigan bo`lsa, yutuqlar, natijalar ancha salmoqli bo`lishini e`tirof etdi. Shuningdek, uning kompaniyasi turar va noturar joylar, ishlab chiqarish maskanlari va mehmonxonalarni qurishda ilg`or ekanligini qayd etib, ular uchun ayni shu sohadagi hamkorlik istiqbolli ekanligiga e`tibor qaratdi.
Toshkent shahar hokimi bugungi kunda AQShlarining qator nufuzli ishbilarmonlari poytaxt iqtisodiyotiga investisiya kiritgani va ular bilan birgalikda turli loyihalar amalga oshirilayotganiga ham to`xtalib, shular qatorida Crow Holdings bilan hamkorlikda ishlash samarali bo`lishini aytib o`tdi.
O`zaro muloqot davomida mehmonlar shahar infratuzilmasi, iqtisodiyoti, soliq tizimi, xizmat ko`rsatish sohasi va boshqa yo`nalishlardagi savollarga javob oldilar.