61 yoshli italiyalik murabbiy Anchelotti ikkinchi bor Madridda ishlaydi.
Anchelotti barchaga birdek yoqib qolgandi — futbolchilar, muxlislar, matbuot. Peres esa kiyim almashtirish xonasida bunday fantastik muhitni avval hech qachon ko`rmaganini aytib, italiyalik bu mutaxassis «Real» uchun o`z Aleks Fergyusoni bo`lishini orzu qilishini aytadi. Ammo shotlandiyalikka muvaffaqiyatsizliklar vaqtida imkon berishgan, Peres esa kechirmaydi. Anchelotti 2014/15 yilgi mavsumda sovrinsiz qolganida, unga shartnomasini oxiriga etkazib qo`yishiga imkon bermasdan, eshikni ko`rsatib qo`yishadi.
Bu Peresning prezidentligi davrida ishdan bo`shatilgan o`ninchi murabbiy edi. Italiyalik murabbiyning iste`fosidan keyin madridliklar rahbari ohangni o`zgartiradi va yuqori marralar olish va rivojlanish uchun yangi impuls haqida gapira boshlaydi. Peres murabbiyga jarohatlar epidemiyasi xalal bergani haqida o`ylab o`tirmaydi, yakunlangan mavsumda Zidan ham shu kabi muammolar bilan to`qnashgandi. Prezident o`shanda futbolchilarning, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Anchelotti bilan quchoqlashib tushgan rasmini qo`yib, yana qachondir birga ishlashdan umid qilishini bildirgan Krishtianu Ronalduning reaksiyasini ham e`tiborsiz qoldiradi.
Aynan o`shanda Peresning qaroridan g`azablangan portugaliyalik «Real»dan ketish haqida ilk bor o`ylay boshlagandi. Vaqti kelib bu baribir sodir bo`lganida — Zidan bilan birga kechgan uch fantastik mavsumdan keyin, — Ronaldu Anchelotti bilan maslahatlashib «Yuventus»ga yo`l oladi.
Resept hamisha ham ish bermaydi
«U noyob inson. Uning professional sifatlari haqida ortiqcha gapirishga hojat yo`q. Karlo — yuqori darajadagi mutaxassis. Bir tomondan, u jamoa uchun avtoritet, boshqa tomondan — u o`z kamtarligi bilan o`ziga jalb qiladi», — bu Ronalduning Anchelotti muvaffiqiyati siri haqidagi fikrlaridan iqtibos.
U hamisha jamoadagi vaziyatni nozik his qiladi va futbolchilarni o`ziga yaqinlashtiradi. U yaxshi ishlab turgan mexanizmni buzmaslikni afzal ko`radi va futbolchilarning kuchli tomonlaridan maksimal darajada foydalanishga harakat qiladi. Faqat «Bavariya»da istisno holat ro`y bergan, bu erda ayrim faxriy futbolchilar murabbiyga ochiqchasiga isyon ko`tarishgan. Ayniqsa Frank Riberi va Aren Robben faol bo`lgan, ammo ularni faqat Yupp Haynkes tiya olishi mumkin edi.
«Napoli»da ham hammasi u o`ylaganidek kechmadi, ammo Anchelotti Vezuviy etagidagilarni o`zi tinchlantira oladi. Murabbiyning sevimli 4-4-2 sxemasidan norozi bo`lgan etakchilarni u tinchlantiradi, OAVda uning asosiy dushmani sifatida talqin etilgan Lorenso Insine esa golni nishonlash uchun murabbiyning oldiga yugurib kelib, uni quchoqlaydi. Keyin forvard matbuotga bergan intervyusida murabbiyga komplimentlar qilib, hech kimga o`xshamaydigan alohida insonni uchratganini aytadi.
Ammo Anchelotti ziddiyatlar bilan yashaydigan jamoa uchun, ayniqsa mojaro izlab yuradigan prezident Aurelio De Laurentis uchun ancha yumshoqlik qildi. Murabbiy klub rahbariyatining Chempionlar ligasi guruh bosqichida «Zalsburg»dan uchralgan mag`lubiyatdan keyin jamoa futbolchilarini bazaga yuborish to`g`risidagi qaroriga qarshi chiqadi. De Laurentisaning yomon natijalar uchun maoshlarni qisqartirish to`g`risidagi tahdidlaridan bezor bo`lgan futbolchilar ham bu talabni bajarishmaydi va uylariga ketib qolishadi.
La liga va Chempionlar ligasi rekordlari uchun qaytish
«Napoli» o`shanda «Genk»ni yirik hisobda mag`lub etib, baribir Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqadi, ammo Anchelotti matbuot anjumani vaqtida ishlashda davom etishini aytishidan ikki soat vaqt o`tib klub uning iste`fosi haqida e`lon qiladi. O`shanda ayrimlar u endi kuchli murabbiy emasligi va uning faoliyati yakuniga etib qolgani haqida aytishgandi. Ammo u atigi 11 kun ishsiz o`tirdi. Avvalgi jamoalariga qaraganda kamtarroq bo`lsa-da, «Everton» unga APLda ishlash bo`yicha taklif berdi.
Hozircha uning tarixi yaxshi ketmoqda, ammo Anchelottini Madridda nima kutayotganini tasavvur qilish qiyin. U 2024 yilgacha amal qiladigan shartnomasining oxirigacha ishlay oladimi? O`z vaqtida Anchelotti shtabida unga yordam bergan Zidandan yangilanishga muhtoj jamoani qabul qilib olmoqda. Endi jamoada Serxio Ramos, Rafael Varan va Marselo bo`lmaydi. Peres hali tarkibga David Alabadan boshqa futbolchi olmadi, bu transferga esa Anchelottining aloqasi yo`q, Anchelotti ortidan «Everton»ga ketgan Xames Rodrigesni qaytarish mumkin. Madridda Zidan davrida umuman ish bermagan 4-4-2 sxemasining taqdiri qanday kechishini tasavvur qilish qiyin.
Ikki narsa haqida ishonch bilan gapirish mumkin. Birinchidan, kiyim almashtirish xonasidagi muhit sokin bo`ladi, jamoa bir oila bo`lib yashaydi. Ikkinchidan, Anchelottida bajarilmagan bir vazifa qolgan. U A seriyada, APLda, Bundesligada va Liga 1da chempion bo`lgan, futboldagi «Katta shlem»ni yutish uchun unda hali zabt etilmagan la liga qolgan. Madriddagilar undan Chempionlar ligasida ham g`olib bo`lishni kutishadi, bu «quloqli kubok»ni ushbu italyan uch marta ko`targan — Zidan va Bob Peysli bilan bir xil natija. Dunyo rekordini o`rnatish uchun unga yana bir sovrin kerak, ammo bunga erishish 2014 yildagidan ancha qiyinroq, «Real» o`sha vaqtdagi kabi yulduzli tarkibga ega emas.






