AsosiySiyosat

Amsterdamda O`zbekiston savdo uyi ochiladi

'Amsterdamda O`zbekiston savdo uyi ochiladi'ning rasmi

O`zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi vakillari Niderlandiyaning «QTI Services B.V» kompaniyasining  Rotterdam shahrida oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha tashkil qilingan biokimyoviy laboratoriyasining ochilish marosimi doirasida «Agri food NL LTD» kompaniyasi direktori Toerijalai Ahmadi, «Afghan Dutch BV» kompaniyasi bosh direktori Xotak Manan va «Parfum Worldwide» kompaniyasi direktori Vahid Atmar bilan muzokaralar o`tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Bo`lib o`tgan uchrashuvlar chog`ida xorijiy investorlarga mamlakatimizda yaratilgan qulay investisiya muhiti, tadbirkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlar hamda yaqinda Evropa Ittifoqiga milliy mahsulotlarni olib kirishda yangi imtiyozlar olishga erishilganligi xususidagi ma`lumot taqdim etildi.

Niderlandiyalik hamkorlar O`zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o`zgarishlarni diqqat bilan kuzatib borishini ma`lum qilar ekan, mamlakatimizda qo`lga kiritilayotgan keng qamrovli muvaffaqiyatlar sababi bevosita respublika rahbari rahnamoligida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan tub islohotlarning natijalari, tadbirkorlarga, xorijiy sarmoyadorlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani bilan izohlanishini ta`kidladi.

O`zbekiston bilan o`zaro hamkorlikning istiqbollariga katta ishonch bilan qarashlarini bildirgan tadbirkorlar Niderlandiyada O`zbekiston savdo uyini ochish rejasi mavjudligi hamda Evropa bozorlari uchun talab yuqori bo`lgan o`zbek milliy mahsulotlarining turini ko`paytirishni mo`ljallashayotganini ma`lum qildi.

Evropa, qolaversa, jahon bozorlarida katta tajribaga ega bo`lgan sarmoyadorlar Evropaga o`zbek mahsulotlarining eksportini oshirishda, avvalo, mahsulotlar  sifati va ularning biologik tozaligiga, doimiy bir xilligiga yuqori e`tibor qaratish lozimligi ta`kidlandi. Bu vazifani amalga oshirishda, niderlandiyalik hamkorlar O`zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarining evrosifat va biologik tozaligini tekshiruvchi zamonaviy laboratoriya o`rnatish hamda o`zbek mutaxassislariga bu yo`nalishda bilim berishga ham tayyor ekanini aytdi.

Suhbat yakunida xorijiy sarmoyadorlar bilan Niderlandiyada yaqin vaqt oralig`ida O`zbekiston savdo uyining rasmiy ochilishini tashkil etish hamda dastlabki bosqichda o`zbek milliy mahsulotlarining namunalarini to`lovsiz asosda savdo uyiga joylashtirish va mamlakatimiz Mustaqilligining 30 yilligi arafasida o`zbek milliy mahsulotlarining yarmarkasini tashkil etishga kelishib olindi.

Shu bilan birga, niderlandiyalik tadbirkorlarning yaqin kelajakda O`zbekiston vakillari bilan hamkorlikda sayyohlik, madaniyat, til va kasbga o`qitish markazlarini tashkil etish hamda Evropa shaharlarida o`zbek milliy restoranlarini ochish bo`yicha rejalari yuzasidan ham o`zaro fikr almashildi.

    Boshqa yangiliklar