Qozog`iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbaev boshchiligidagi delegasiya Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurdi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Muzey Amir Temurning 660 yilligi munosabati bilan Toshkentning markazida barpo etilgan. Uning binosi uch qavatli bo`lib, o`rta asrlar, aniqrog`i “Temuriylar” davri va zamonaviy me`morchilik uslublarini o`zida mujassam etgan.

Asosiy ekspozisiyalar ikkinchi va uchinchi qavatlarda joylashgan. Asosiy zalning markazida musulmonlarning muqaddas kitobi – xalifa Usmon roziyallohu anhu Qur`oni Karimining nusxasi saqlanadi.
Mehmonlar zargarlik buyumlari, qurol-yarog` buyumlari, qo`mondonlar va oddiy askarlar kiyimlari, musiqa asboblari, Ulug`bekning astronomik asboblari va Temuriylar davriga oid ko`plab boshqa eksponatlar bilan tanishdilar. “Buyuk Temur – buyuk hukmdor” deb nomlangan miniatyura uslubidagi katta rasm mehmonlarda ajoyib taassurot qoldirdi. Rasmda Amir Temur hayoti aks etgan.

Muzey ekspozisiyasida Buyuk ipak yo`li orqali Amir Temur davlatiga keltirilgan arxeologik, etnografik va numizmatik materiallar, bezaklar, buyumlar ham joy olgan. Shuningdek, qimmatli tarixiy hujjatlar, jumladan Amir Temur va uning avlodlarining Evropa monarxlari bilan yozishmalari, mohirona ishlangan miniatyuralar, o`sha davrda yashagan evropaliklar tomonidan yaratilgan Amir Temur suratlarining nusxalari ham mavjud.
Muzey fondlarida O`zbekiston tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi 3 mingdan ortiq eksponatlar saqlanadi.







