AsosiySiyosat

BAA aviakompaniyalari O`zbekistonga parvozlar sonini ko`paytiradi

'BAA aviakompaniyalari O`zbekistonga parvozlar sonini ko`paytiradi'ning rasmi

O`zbekistonning Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi Baxtiyor Ibragimov va BAA fuqarolik aviasiyasi bosh ma`muriyatining (GCAA) Havo transporti bosh direktori Xalid Al Ali bilan muzokaralar o`tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Muzokaralar chog`ida e`tibor 19-20 may kunlari Toshkent shahrida o`tkazilgan ikki davlat fuqarolik aviasiyasi idoralari o`rtasidagi maslahatlashuvlarda (Xalid Al Ali mazkur maslahatlashuvlarda BAA delegasiyasiga boshchilik qilgan) erishilgan kelishuvlar ijrosiga qaratildi.

Tomonlar Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlari aeroportlaridan foydalangan holda BAA aviakompaniyalari parvozlari sonini oshirish yuzasidan o`zaro fikr almashdi.

Suhbat chog`ida O`zbekiston bozoriga ushbu mamlakatning «Etihad Airways» milliy aviakompaniyasini ham jalb etish masalalari muhokama qilindi.

 Muzokaralar yakuniga ko`ra, tomonlar aviaqatnovlar yuzasidan kelib chiqayotgan masalalarni muhokama qilish maqsadida har oyda bir marta uchrashib turishga kelishib oldi.

Ta`kidlash joizki, so`nggi 3 yil davomida fuqarolik aviasiyasi sohasidagi shzaro hamkorlikda ijobiy natijalarga erishildi. Jumladan, 2020-2021 yillarda ikki davlat fuqarolik aviasiyasi idoralari o`rtasidagi maslahatlashuvlarning ikki raundi o`tkazildi.

O`zbekiston va BAA o`rtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni 2021 yilning iyun oyidan boshlab haftasiga 18 taga etkazildi (2019 yil 5 ta bo`lgan). BAAning «Fly Dubai» («Dubay-Toshkent-Dubay», haftasiga 6 ta) va «Air Arabia» («Sharja-Toshkent-Sharja», 3 ta) aviakompaniyalarining O`zbekistonga parvozlari yo`lga qo`yildi. «Uzbekistan Airways» esa «Toshkent-Dubay-Toshkent» yo`nalishida haftasiga 6 marta, «Toshkent-Sharja-Toshkent» avia yo`nalishida bo`yicha bitta parvozni amalga oshirmoqda.

Xabar berilganidek, 24 iyundan boshlab «Air Arabia Abu Dhabi» aviakompaniyasi «Abu-Dabi-Toshkent-Abu-Dabi» yo`nalishi bo`yicha haftasiga 2 marotaba parvozni amalga oshirish yuzasidan tegishli ruxsatnomalarni oldi.

Ayni paytda  «Wizz Air Abu Dhabi» aviakompaniyasi bilan Abu-Dabidan O`zbekistonning turli shaharlariga parvozlarni yo`lga qo`yish bo`yicha ham muzokaralar davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar