1

HAMShIRA KUNDALIGI: Koronavirusga qarshi kurashgan hamshira har bir o`tgan kunini kundaligiga yozib bordi

Mutolaa 25.06.2020, 22:33
HAMShIRA KUNDALIGI: Koronavirusga qarshi kurashgan hamshira har bir o`tgan kunini kundaligiga yozib bordi

Shu paytda kundaliklar muallifi ertasi kuni nimadir o`zgarsa ham, yomon tarafga o`zgarishini bilmas edi...

(1-qism)

Yaqinda internet tarmoqlarida Italiyada koronavirusga chalingan og`ir bemorlar hayoti uchun kurashgan italyan hamshirasining kundaliklari e`lon qilindi. U asl kelib chiqishi rossiyalik bo`lib, volontyor sifatida Apenindagi pandemiyaning qoq o`chog`i Breshiya shahriga yo`l olgan inson. Oq libos egasi tojdor yovga qarshi kechgan shafqatsiz urushda o`tkazgan har bir kunini qog`ozga tushirib borar ekan.

Yakunda esa ham hujjatli, ham hayotiy, ham ta`sirli syujetlar hosil bo`lgan. Hamshira nihoyatda sodda tilda insoniyatning bugungi halokati, ko`rinmas yovga qarshi murosasiz kurash onlari haqida hikoya qiladi. Kundalik sahifalarida aks etgan voqealarni sizlarga ham havola etmoqchimiz.

Birinchi kun

Fanodan soat 8:45da chiqib, Kyariga 12:30da etib keldim. Yo`lda biror marta hech kim to`xtatmadi. Yo`llarda engil mashinalar ancha siyraklashib qolgan, yuk mashinalari esa ko`p. Lekin ular mening polosamga o`tishmadi, manzilga xotirjam etib oldim.

Cherkov yaqinidagi kvartiraga joylashtirishdi. Bu erda shifoxonagacha deyarli bir chaqirimlik yo`l ekan. Faqat “Tez yordam” mashinarining tinimsiz “uvillashi” tinchlikni buzadi. Bugun hujjat bilan bog`liq barcha ishlarni bitirib oldim: shartnoma, tibbiy ko`rik, qon topshirish, maxsus liboslar va oyoq kiyimlari olish.

Ertaga jangga! Hozircha bitta qo`shnim bor: 35 yoshli hamkasbim. U jonlantirish bo`limida uch kundan beri ishlayotgan ekan. Aytishicha, u erda har ikkita bemorga bittadan tibbiyot xodimi biriktirilgan. Qanday qilib, deb so`rayman? Javob beradi: reanimasiya 6 kishiga mo`ljallangan. Ammo 13 kishi yotibdi. Hammasi sun`iy nafasda...

Ikkinchi kun

Ishda kiyiladigan niqob biz o`rganib qolganimizdan farq qiladi. U yuzga mahkam yopishadi va u bilan nafas olish juda qiyin. Maska ustidan shaffof ekranli maxsus vosita kiyiladi. U ishlash imkonini beradi va yon tomonlarni ko`rishga xalaqit bermaydi, yana bir plyus tomoni unda ko`zoynak taqib ham ishlash mumkin.

Mening bo`linmam...Uni nomini aytish ham shart emas. Chunki boshqacha bemorlar baribir u erda yo`q. Pediatriya, ortopediya, lor, okulist, xirurgiya (faqat shoshilinchi qolgan) bo`limlari yopilgan. Hammasini reanimasiya, intensiv terapiya va kovid bo`linmasiga aylantirishgan. Butun boshli shifoxona faqat bitta kasallik uchun ishlayapti!

… Yangi qiyofalar: palataga 2 kishini sig`dirish va ularning har biri uchun alohida “prayvasi” (shaxsiy oraliq maydoni va daxlsizlik)ni kafolatlash maqsadida pardalarni olib tashlash uchun ishchilar kelishdi. Ertadan yangi bemorlarni olib kelishni boshlashadi, ish yanada ko`payadi. Lekin bu ertaga bo`ladi, hozir esa dam olish kerak.

Uchinchi kun

Menga shkafcha berishdi, biroq unga osma qulf kerak. Uni qaerdan sotib olish mumkinligini kim aytar ekan? Albatta, hech qaerdan, chunki bu birinchi ehtiyoj mahsuloti emas.

Smenam soat 14da boshlandi. O`rganish va tushunishni boshlayapman, ammo hammasini eslab qolish hamon juda qiyin.

Kecha aytganimdek, barcha palatalarda 2 tadan odam bor edi, bugun ertalabdan bemorlar olib kelinibdi. Bo`limlar endi “iflos” va “toza”ga ajratilmaydi. Sog`ayganlarga ruxsat berishdi va butun bo`linma “iflos”ga aylandi. Bu tibbiyot jargonida biz qo`lqopdan boshqa kiyimlarni almashtirmasligimizni anglatadi.

Yarim tungacha bemorlarning kelishi tinmadi. Birgina bizning bo`linmamizga 12 kishi olib kelindi. Bu faqatgina bizga kelgani! Butun shifoxonani tasavvur qilyapman. Boz ustiga yana reanimasiyani operasiya xonasi va boshqa ko`plab bo`linmalar hisobiga ham kengaytirishdi.

Endi nega uydan chiqmaslik kerakligi tushunarli. Gips qo`yishmaydi, operasiya qilishmaydi. Sababi bunday xizmat ko`rsatadigan bo`linmalarning o`zi yo`q. Kompyuterda shunday dastur borki, u orqali kasalxonada yotganlar haqida ma`lumotlarni ko`rish va qaysi bo`linmaga olib chiqilishi haqida bilib olish mumkin.

Yoshlariga qaraymiz: 25(!), 32(!), 36, 42, 47, 52! Bu faqat bugungisi! Qolganlarning yoshi yanada katta, ular juda ko`p!!! Ular shoshilinch yordam bo`limida yotishibdi, demak, ularga juda og`ir!

“Smen”im soat 22da tugaydi, ammo bo`linmani 23da tark etdim. Yuzlarimizga qarab smena tugaganini bilish mumkin edi.

To`rtinchi kun

Ishdaman. Besh daqiqalik tanaffusda yozib qo`ymoqdaman. “Smen”ni soat 22da qabul qilib oldim. Kompyuterdagi dasturlar bilan tanishyapman. Hozir sherigim bor, biroq keyin boshqalar kabi men ham bir o`zim ishlayman. Menda o`zimning bemorlar guruhim bo`ladi va ularni o`zim uddalashim kerak bo`ladi. Hozir soat 2:00. Navbatchilik tugashiga 5 soat qoldi.

Beshinchi kun

Tungi smena kunduzgilariga nisbatan ancha osuda o`tdi. Yangi bemorlar kelmadi. Ular yo`qligi uchun emas, balki bo`limimiz to`lib ketgani uchun. Biz navbati bilan oz-ozdan dam olvolamiz deb o`ylagandim. Soddaligim, qursin. Afsus bunday bo`lib chiqmadi.

Faqatgina tungi soat 2da 5 daqiqagina tin olish imkoni bo`ldi. Fursatdan foydalanib, ustimdagilarni echib, dezinfeksiya qilib oldim, bir stulga o`tirib, ikkinchisiga oyog`imni uzatib, biroz dam oldim! Shunda butun tanam bo`ylab shunday engil tortdimki! Bir ko`tarishda bir yarim litr suv ichdim, bu №2 engil tortishim bo`ldi.

Bungacha tashnalikdan o`lib qolsam kerak degan xayolga ham borib qolgandim. Nega? Chunki bo`limda sizga hech kim suv ichishni taklif qilmaydi. Suv esa boshqa, toza xonada. Uni faqat toza qo`llar bilan ushlash mumkin, oyoqlarda baxillar, xalat, qo`lqopni virtual to`siqdan olib o`tish qat`iyan man etiladi. Suvni u zararlanmasligi uchun “iflos” hududga olib kirish mumkin emas. Ikkinchi tomoni: “iflos” zonada maskani echib bo`lmaydi! Qo`lni ham tekkizib bo`lmaydi, yuzdagi ekran ham ko`tarilmaydi! Xullas, barcha tomon yopiq.

Bemorlarga rahmim keladi... Ular umuman dam olishmaydi!!! O`zi shundoq ham darddan qiynalayotgan bemorlarni doim uyg`oq yotishadi.

1. Biz har 15-20-30 daqiqada palataga kiramiz, chiroqni yoqamiz, bir u bemor, bir bu bemor bilan zarur manipulyasiya ishlarini amalga oshiramiz.

2. Har ikkinchi bemor baqirishni boshlab, maxsus tugma orqali yordamga chaqirishi mumkin.

3. Ko`rsatkichlar me`yoridan pastga tushib ketsa yoki bemor o`zi bilmagan holda yoki ataylab niqobini(u oddiy emas, germetik) echib yuborsa, maxsus qurilma “chinqirish”ni boshlaydi.

4. Ularga o`rinlaridan turishga ruxsat berilmagan va har bir zarurat uchun shifokorni chaqirishlari kerak.

5. Barcha eshiklar ochiq, koridor esa shovqinga to`la.

Yana bir kuzatuv: bo`linmamizda faqat 3 ayol(yana biriga ruxsat berildi) bor, qolganlarining barchasi erkaklar! Virus ayollardan ko`ra erkaklarga ko`proq yuqmoqda! Yoki u erkaklarni juda og`ir zararlaydi, ayollar esa uylarida tuzalib ketishyaptimikan?

... Shifoxonadagi ish tartibim quyidagicha: ertalab(dushanba) —ertalab(seshanba) — kechqurun(chorshanba) — kechqurun(payshanba) — o`zimizga kelamiz(juma) — dam olamiz(shanba)

Bugun tungi navbatchilikdan qaytdim, shunda ertaga dam olamanmi? Xa-xa-xa. Ertaga ertalabdan yana ish. Keyin yana menga ertaga ishga chiq deyishadi. Normal grafik faqat normal vaziyatlar uchun, bizda esa haybarakallachilik.

Ertaga Italiyada karantin boshlanganiga rostmana 2 hafta bo`ladi. Dam olish kunlari birinchi natijalar chiqishiga umid qilyapman.

P/S: Shu paytda kundalik muallifi ertasi kuni nimadir o`zgarsa ham, yomon tarafga o`zgarishini bilmas edi...

Davomi bor...

Risolat MAXSIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1