AsosiyJamiyat

O`zbekistonda qurilish sohasida davlat xaridlarini amalga oshirishning yangi tizimi ma`lum qilindi

'O`zbekistonda qurilish sohasida davlat xaridlarini amalga oshirishning yangi tizimi ma`lum qilindi'ning rasmi

Bugun AOKAda Qurilish vazirligi boshqarma boshlig`i Davron Miliev ishtirokida qurilish sohasidagi elektron tender savdolariga bag`ishlangan brifing o`tkazildi.

Bugungi kunda qurilish sohasida davlat xaridlarini tashkil etish va o`tkazishning yangi tizimi joriy etildi, ya`ni:

  • qurilish sohasidagi davlat xaridlarini o`tkazishda tanlov hujjatlarining umumiy va texnik qismlarini taqdim etish talab etilmasligi;
  • elektron tanlov (tender) savdolarini amalga oshirish uchun tanlov hujjatlari va texnik vazifalar faqat tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmlarini hamda ularning narx parametrlarini baholash qismi bo`yicha kompleks ekspertizadan o`tkazilishi;
  • tanlov savdolarida joriy yil uchun moliyaviy majburiyatlar hajmi qurilish-pudrat tashkilotlarining so`nggi uch yillik hisobot davrining bir yilida bajarilgan eng yirik ishlar hajmining 1,5 baravaridan oshgan oferentlar ishtirok etmasligi;
  • tanlov natijalari bo`yicha shartnomada belgilangan narxga nisbatan sifati va hajmiga ta`sir qilmagan holda tejalgan mablag`lar pudrat tashkiloti tasarrufida qoldirilishi belgilandi.

Elektron tender savdolari platformasi “Qurilish sohasida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish Markazi” tomonidan ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etildi. Ushbu platforma qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi tizimiga bog`langan bo`lib, ob`ektlarning qiymati va xavf-xatar toifasiga qarab qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi asosida avtomatik tarzda saralab tanlovda ishtirok etish imkonini beradi.

Shuningdek, oferentlarning umumiy ballari yig`indisi platforma tomonidan avtomatik rejimda hisob-kitob qilinadi. Unda oferentning reytingdagi bali, ishni bajarish muddati va narx taklifi hisoblanadi.

 Hozirgi kunda tender platformasida umumiy 6045 foydalanuvchi ro`yxatdan o`tgan. Shulardan 140 tasi buyurtmachilar, 65 ta tender konsalting markazlari va 5900ta qurilish-pudrat tashkilotlari.

Bugungi kunda elektron tender platformada har-xil moliyalashtirish manbalari hisobidan 1949 ta ob`ektlar bo`yicha e`lonlar joylashtirilgan bo`lib, shundan umumiy boshlang`ich qiymati 5,7 trln. so`mlik 1351 ta ob`ektlar bo`yicha savdolar bo`lib o`tgan va yakunlangan. Savdolar natijasida ob`ektlarning umumiy shartnoma qiymati 5,22 trln. so`mni tashkil etib, 0,477 trln. so`m mablag` iqtisod qilingan.  

Investisiya dasturiga kiritilgan ob`ektlardan 1421 tasi bo`yicha e`lonlar elektron tender portaliga joylashtirilgan bo`lib, shundan 1241 tasi bo`yicha pudratchilar aniqlangan. Elektron tender bo`lib o`tgan ob`ektlarning umumiy boshlang`ich qiymati 4,41 trln. so`mni tashkil etgan. Savdolar natijasida ob`ektlarning umumiy shartnoma qiymati 4,04 trln. so`mni tashkil etdi. Iqtisod qilingan mablag` qariyb 400 mlrd. so`mga yaqin bo`ldi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar