1

Yuragimda saqlaganlarim:“Elkamdan tog` qulagan kun”

Mutolaa 15.03.2016, 14:23
Yuragimda saqlaganlarim:“Elkamdan tog` qulagan kun”

Kuni kecha tahririyatimizga qo`ng`iroq qilib biz bilan dillashgan Adhamjon bir necha yillardan buyon yuragini ezib kelayotgan bir dard haqida gapirib berdi. Ularning afsus va nadomatlarga yo`g`rilgan so`zlari har qanday dilni o`rtab yuboradi. Lekin hamisha qilingan xatolarni tuzatish imkoni mavjud. Buni o`z vaqtida anglab qilingan harakat albatta o`z natijasini beradi.   

— Mening butun dardim ichimda. Shu vaqtgacha aytsam tilim, aytmasam dilim kuyib yashadim. Eh, insonning qilgan birgina xatosi uning hayotini butunlay o`zgartirib yuborishi mumkin ekan. Mening ham yoshligimda aqlim etmay qilib qo`ygan bir gunohim bor, u umr bo`yi boshimda to`qmoq bo`ldi. 

O`shanda endi besh yoshga to`lgandim. Dadam singlimga matodan tikilgan kuchukcha olib berdilar. Avvaliga unga e`tibor bermadim.  Mashinamni sindirib qo`ygandan keyin bolaligimga borib, singlim bilan o`yinchoq talashadigan bo`ldim. 

Bir kun dadam bilan oyim bizni qo`shnimizni qiziga tashlab, o`zlari to`yga ketishdi. Qo`shni qiz ham biroz vaqt o`tirdi-yu, birov chaqirgach, tashqariga indamay chiqib ketdi. Shu payt bilmadim meni nima jin urdi, singlimni qo`lidagi o`yinchoqni o`ynagim kelib qoldi. Es-es yodimda qolgani –ikkovimiz rosa talashib, tortishdik. U ha deganda beravermagach... 

O`shanda o`zimni bilmay qolganman yoki qo`llarimni shayton boshqarganmi? Menimcha, singlimdan kuchukchani tortib olmoqchi bo`lganman-u, nihoyasi xayolimga ham kelmagan. qolaversa, hali go`dak edim. Ancha talashdik, hatto singlimni yig`latdim ham. Biroq u kuchukchani beravermagach, erda yotgan qaychiga ko`zim tushib qoldi. Uni shart changalladim-u… Ochig`i, u yog`ini eslasam, hozir ham yuragim larzaga tushadi.  

...Bilasizmi, hatto bu ishni qilib qo`yganimdan keyin ham nima bo`lganini to`liq anglab etmagandim. 

Oradan yillar o`tgani sayin men bilan yonma-yon ulg`ayib kelayotgan singlimning nuqsoni qalbimga qo`rquv sola boshladi. Ko`z o`ngimda esa mening aybim tufayli bir ko`zidan mahrum bo`lgan singlim voyaga etib borardi.  Ich-etimni vijdon azobi kemirar edi. Kichkinaligimda uncha anglab etmagan ekanman, katta bo`lganim sayin hammasini asta-sekin tushunib bordim. 

Ammo, lekin singlimga qoyil qoldim, biror marta og`iz ochib, “Sen meni shu ahvolga solding”, demadi. Uydagilar ham hech narsa bo`lmagandek muomala qilishardi menga. Eh, o`zimga qolsa, ularning urib-so`kishlari bu muomaladan afzalroq edi. Men o`zimdan o`zim nafratlanardim. Fikrimcha, hayotda bundan og`iri bo`lmasa kerak. 

Singlim yigirma yoshga to`lguncha uyimizga sovchilar kelmadi. Bir kun bizdan besh-olti uy narida turadigan qo`shnimiz Bunisa xola “Aylanay eshigingizni tagini supurgani keldik”, deb qolsa bo`ladimi. Hammadan ko`p men suyundim. Bunisa xolaning o`g`li juda yaxshi yigit edi. 

Men o`sha kuni ilk bor singlimning lablarida tabassum ko`rdim. Uning shu quvonchi bir umr o`ziniki bo`lib qolishini naqadar istaganimni tushuntirib bera olmayman. 

Lekin, afsus, bunday bo`lmadi. Tabassum bilan choy ko`tarib kirgan singlim, ko`zlarida jiqqa yosh bilan qaytib chiqdi. Keyin bilsam, Bunisa xola Shalolani emas, kichik singlimni so`rab kelgan ekan. 

Uydagilar rozi bo`lishdi. Shalola qolib, keyingi singlimni to`yi bo`lib ketdi. Ana endi meni ahvolimni tasavvur qilavering. Nahot qilgan bir xato ishim  uchun Shalola baxtsiz bo`lib qolsa, degan afsus ich-etimni kemirardi. Bu vijdon azobidan qutulish uchun singlimni shifokorlarga ko`rsatishga qaror qildim. 

Qaror qildim-u, ko`nglimda, foydasi bo`larmikin, degan xavotirda edim. Negaki kichkinaligida ota-onamni ko`rsatmagan shifokori, olib bormagan kasalxonasi qolmagan. Shunday bo`lsa ham bir urinib ko`rishga qaror qildim. 

Shalolani ko`ndirish ham ancha qiyin kechdi. Avvaliga o`jarlik qilib ko`nmadi. Tinimsiz yalinib-yolvorishlarimdan keyingina rozi bo`ldi. 

Tumandagi shifokorlarga yo`liqdim. Ular bunday kasallikni faqatgina o`ta malakali shifokorlar davolashi mumkinligini aytishdi. Shaharga borgandim, shifokorlar uni obdon tekshirishdi, ammo tayinli gap aytishmadi.  

Bu payt men endi o`qishni tugallab, yangi ish boshlagandim. Bir kuni ishxonadagi og`aynilarimni mehmonga chaqirdim. Ular dasturxonga tortilgan turli pishirig`u, mazali taomlarni maqtab-maqtab tanavvul qilishdi.

Do`stlarimni ichida xali uylanib ulgurmagan Shokir ham bor edi. U gap orasida sekingina “Uyingizda kim bunchalik pazanda” deb, so`rab qoldi. Menga bo`lsam, singlim Shalolani “qo`li shirin” deb maqtovini keltirdim. Bu gapimdan so`ng og`aynim bir-ikki hovliga razm solganini sezgandim. Singlimni kuzatib o`tirgan ekan-da. Buni keyinroq tushunib etdim.

Oradan ikki-uch kun o`tgach, qo`ng`iroq qilib, men bilan uchrashmoqchiligini aytdi.    U bilan ko`rishdim, aytgan gaplaridan hayratga tushdim:

— Do`stim, bilasanmi, sendan bir iltimosim bor. To`g`rirog`i, Shalolaga sovchi yubormoqchiman. Xo`sh, nima deysan? Ko`pdan buyon men bunday oqila qizni uchratmagandim. 

Men dovdirab qoldim. Tilim ojiz edi biron so`z aytishga. Xuddi katta gunoh ish qilgan odamday aybimni yashirmoqchi bo`lardim. 

— Bilasanmi, xaligi...

— Nima demoqchiligingni bilaman. Hechqisi yo`q, insonning birgina kamchiligi uning hamma yaxshi fazilatlarini yuvib keta olmaydi-ku, axir.

—To`g`ri lekin bir haftadan keyin  Shalolani operasiya qilishadi-da.

— Mayli men kutaman. Sovchilarni ham u kasalxonadan chiqqandan keyin yuboraman, xo`pmi? Biroq, aytib qo`yay, u tuzalish-tuzalmasligidan qat`i nazar bu fikrimdan qaytmayman. 

Yuragim allanechuk to`lib-toshib ko`zlarimga yosh keldi. Nazarimda, Shokir men qilgan xatoni tuzatayotgandek edi. Lekin singlimni xulq-atvori, odobi o`rnak qilib ko`rsatsa arzigudek edi. Axir Shokirga ham bekorga yoqib qolmagandir, deb o`yladim. Do`stim men bilan yonma-yon turdi. Singlim uchun mendan kam jon kuydirmadi. 

Shalola operasiyadan yaxshi chiqdi. Ancha dadil, bardam edi. Eng quvochlisi esa, ko`zlari tuzalib ketgandi. Ikki hafta kasalxonada yotdi. Uyga qaytganda esa ota-onam uni Shokirga unashib qo`ygandi. Shundan keyingina elkamdan tog` ag`darilganini his qildim. 

Mening ham o`z hayotim borligini, oila qurishim kerakligini shundan keyingina o`yladim. Ilgari singlimni o`ylab uylanish xayolimga ham kelmagan ekan. Xullas, qo`shaloq to`y bo`ldi. 

Hozir har ikkala oila baxtli yashayapmiz. Shu kunlarda singlimning ko`zi yoriydigan. Yaqin kunlarda jiyanli bo`laman. Bu baxt yuragimdagi barcha dardlarni aritdi. Eng muhimi esa inson qilgan xatolarini tuzatishga urinishi kerakligini tushundim. Shundagina u hayotning asl ma`nosini anglab etar ekan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1