O`zbekistonda chekish mumkin bo`lmagan jamoat joylarining aniq ro`yxatini tasdiqlab, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Quyi palata xabariga ko`ra, “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig`ilishida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste`mol qilinishini cheklash to`g`risida”gi qonun loyihasi birinchi o`chishda ko`rib chiqilgan.
Ta`kidlanishicha, amaliyotda alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi bo`yicha belgilangan qoidalar va cheklovlarga rioya etish darajasi pastligini ko`rsatmoqda. Sababi, amaldagi qonun hujjatlarida tashkiliy-huquqiy mexanizmlarning kuchsizligi va ularda vakolatli organlarning nazorat qilish sohasidagi vazifalari, jamoat joylarida tamakisiz muhit yaratish uchun mas`ul bo`lgan shaxslarning majburiyatlari belgilanmagan. Shuningdek, zamonaviy tamaki mahsulotining aylanmasini tartibga solish masalalari huquqiy hujjatlarda o`z aksini topmagan. Natijada aholi, ayniqsa yoshlar orasida bunday mahsulotlarni iste`mol qilinishi tez sur`atlarda oshib ketmoqda.
Shuningdek, mazkur loyihani ishlab chiqishga yana bir zarurat – bu amaldagi qonun hujjatlarida tamaki mahsulotini realizasiya qilish yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan bo`lsa-da kundalik hayotda bunday mahsulotning chakana savdosi bilan aksariyat holatlarda yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan noqonuniy shug`ullanishiga sabab bo`lmoqda.
Loyiha bilan mazkur yo`nalishda fuqarolarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotin iste`mol qilish uchun moslamalarni realizasiya qilishga doir cheklovlar kengaytirilmoqda. Jumladan, bunday mahsulot va moslamalarni yigirma bir yoshga to`lmagan shaxslarga va yigirma bir yoshga to`lmagan shaxslar tomonidan savdo va realizasiya qilishni taqiqlash ko`zda tutilmoqda.
Shu bilan birga alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilish mumkin bo`lmagan jamoat joylarning aniq ro`yxati ko`rsatilib, chekish uchun ajratilgan maxsus joylarga minimal talablar belgilanmoqda hamda belgilangan qoidalarni ijro etilishini ta`minlash uchun mas`ul shaxslar majburiyatlari aniqlanmoqda.
Loyihaning qabul qilinishi fuqarolarning sog`lig`ini alkogol va tamaki mahsulotlarini iste`mol qilishning zararli ta`siridan, shu bilan bog`liq ijtimoiy va boshqa salbiy oqibatlardan himoya qilishga, jamiyatda sog`lom turmush tarzini shakllantirish hamda qaror toptirishning tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlari yaratilishiga erishiladi.
Yig`ilishda muhokama etilgan shu va boshqa qonun loyihalari bo`yicha deputatlar tomonidan partiya pozisiyasidan kelib chiqqan holda taklif va munosabatlar bildirilgan.






