AsosiySalomatlik
21409

Og`izdan badbo`y hid kelishi sabablari va uni oldini olish yo`llarini o`rganamiz

'Og`izdan badbo`y hid kelishi sabablari va uni oldini olish yo`llarini o`rganamiz'ning rasmi

Galitoz yoxud og`iz hidlanishini oldini olish choralari qanday? Bu holat qaysi xastaliklarning belgisi ekani borasidagi savollar bilan SSV Matbuot xizmati oliy toifali stomatolog-shifokor Mirafzal Irxanovga murojaat qildi.

— Galitozdan xalos bo`lishning qanday usullari bor?

— Eng birinchi navbatda og`iz bo`shlig`i gigienasiga e`tibor qaratish talab etiladi. Tishlarni ertalab nonushtadan keyin va kechqurun uyquga yotishdan oldin yaxshilab tozalash lozim. Yumshoq yoki maxsus cho`tka yordamida til tozalashni ham esdan chiqarmaslik zarur.

Tish pastasidagi ftor va kalsiy moddalari tishlar emalini mustahkamlashga yordam beradi. Antiseptik o`simliklar ekstraktlari esa bakteriyalar faolligini susaytirib, milklarni yaxshilaydi.

Galitozdan qutulish uchun ovqatdan keyin og`izni suv bilan chayish va 1-2 daqiqa tarkibida shakar bo`lmagan saqich chaynash tavsiya etiladi. Tishlar orasiga ovqat qoldig`i kirib qolgan bo`lsa, tish ipi yordamida olib tashlash mumkin.

Og`iz bo`shlig`i muammolardan holi bo`lmasa va noxush hid tark etmayotgan bo`lsa, terapevtga uchrashish kerak bo`ladi. Shifokor sizni tekshirib ko`rib, hid sababini aniqlaydi va kerakli muolajalarni belgilaydi. Shunda nafaqat galitoz, balki uni keltirib chiqargan boshqa kasalliklardan ham forig` bo`lasiz.

— Uy sharoitida galitozdan qanday qutulish mumkin?

— Qarsillagan olma yoki yangi uzilgan sabzi eyish og`izdagi noxush hidni yo`qotadi. Ularning tarkibidagi kletchatka oshqozonda hid chiqarayotgan moddalarni o`ziga “tortib” oladi.

Shuningdek, o`tkir hidli narsa egandan so`ng petrushka, selderey, shivit, yalpiz chaynash tavsiya etiladi.

Og`iz bo`shlig`idagi hidni yo`qotishda marmarak, moychechak, evkalipt va boshqa tabiiy antiseptiklar damlamasi yoxud qaynatmasi bilan og`izni chayish yordam beradi. Og`izdagi hidni ketkazishda achchiq choyning ham foydasi bor.

— Og`iz bo`shlig`idan noxush hid kelishi qanday kasalliklarning belgisi bo`lishi mumkin?

— Galitoz bir qator kasalliklarning darakchisi bo`lishi mumkin. Bunday holatlarning 90 foizi tish va LOR a`zolari kasalliklariga bog`liq bo`lib, ular og`iz bo`shlig`i mikroflorasining o`zgarishi uchun ma`lum sharoitlar yaratilganda sodir bo`ladi.

Shuningdek, og`izdan chiqqan hid bodomsimon bezning yallig`lanishi, sinusit, ichak trakti, oshqozon va jigar kasalliklarining asorati hisoblanadi. Shu bois ham bunday holatda, albatta, shifokor ko`rigiga borish talab etiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar