Yuragim va kuragim atrofida og`riq bo`lib turadi. Yaqinda yurak atrofidagi og`riqlarning hammasi ham yurak kassaliklaridan emas degan gapni eshitib qoldim. Shu rostmi? Yurak atrofidagi og`riqlar qaysi kassalliklar bilan bog`liq bo`lishi mumkin?
Temur Zayniddinov, Buxoro
Savolga oliy toifali funksional tashxis qo`yish shifokori Sitora Nalibaeva javob beradi
Har bir kishi umrida bir marta bo`lsada ko`krak qafasida, kuragida yoki yurak atrofida og`riq yoki yoqimsiz holatni his qilishi mumkin. Bu bezovtalik tanamizning eng muhim a`zosi yurak atrofida yuz berganligi tufayli, xavotir olishimiz tabiiy. Keling, avval og`riqning turlari haqida gaplashib olaylik.
Og`riq turlicha bo`ladi:
Sanchiqli, siquvchan, simillatuvchan, yondiruvchan, zirqiratadigan.
Og`riq tananing ma`lum bir joyida yoki butun tanaga tarqalgan bo`lishi mumkin. Elkada, kurakda, chap qo`lda, pastki jag`da, qorinda paydo bo`lib, bir necha daqiqa yoki bir necha soatlab, hatto kunlab davom etishi mumkin. Qo`l qimirlaganda, tana holati o`zgarganda, yoki nafas olganda esa zo`rayishi ham mumkin. Ba`zi paytda ovqatlanganda, tinch holatda, jismoniy ish qilayotganda yoki hayajonlanganda ham og`riq paydo bo`ladi.
Sabablar
Og`riq paydo bo`lishing sababi juda ko`p: yurak kasallanganda, stenokardiya, infarkt miokardda, yurak shamollaganida, revmatologik xastaliklar. Nevrozda, ko`krak qafasi va qovurg`alar shamollaganida, oshqozon va ichak kasalliklarida esa og`riq yurak atrofida va kurak atrofida seziladi
Yurak nega og`riydi?
Buning sababi nimada? Nega tez yordamga eng ko`p murojaat yurak og`rig`i sababli bo`ladi
Yurakdagi og`riq 2 ta asosiy guruhga bo`linadi:
Anginoz og`riqlar — bunga yurakning ishemik kasalliklari;
Kardialgiyalar — yurak shamollash orqali yuzaga kelgan; tug`ma poroklar yoki vegetativ distoniklar.
Anginoz (ishemik, stenokardiya) og`riqlar hayajonlanganda, jismoniy zo`riqishda qon oqimining kuchayishida yuzaga keladi. Shuning uchun bu og`riq yurganda, hayajonlanganda, asabiylashganda paydo bo`ladi va bu holatda shifokor bilan maslahatlashib, tezda nitrogliserin qabul qilinishi kerak. Ishemik og`riqlar yondiruvchan, siqiluvchan, qisuvchan bo`lib, odatda ko`krak orqasida, o`ng elkada, qo`lda, kurak tagida va jag`ning pastki qismida kuzatiladi. Og`riq kuchli nafas qisishi bilan kuzatiladi. Kuchli, ezuvchi, siquvchi, va yondiruvchi ko`krak orqasida yoki chap tarafida paydo bo`lgan og`riq — o`tkir miokard infarkti darakchisi bo`lishi mumkin, bu holatda nitrogliserin yordam bermaydi.
Kardialgiya yurak revmotologik xastalanganda, miokarditda, yurakning tashqi pardasi shamollashi — perikardda yuzaga kelib, og`riq uzoq, sanchiqli, zirqirab og`ruvchi bo`ladi va ko`krakdan chaproqda paydo bo`lib yo`talganda va nafas olganda zo`rayadi. Bu holatda xam nitrogliserin yordam bermaydi, ammo og`riqni qoldiruvchi dori darmonlar yordam beradi.
Yurak atrofidagi og`riqlar qanday holatlarda yurak bilan bog`liq emas.
Agar yurak atrofidagi og`riq tana egilganda yoki burilganda, chuqur nafas olganda, nafas chiqarganda, qo`llar harakatlantirilganda paydo bo`lsa, nitrogliserin va validol yordam bermaydi, chunki bu radikulit yoki qovurg`alarning kasallanganligi bo`lishi mumkin.
Qovurg`a orasidagi sanchiqli, noaniq og`riq asab tizimi kasalligi (nevroz)da ham uchraydi.
Ruhiy zo`riqish, ruhiy tushkunlikda og`riq bo`yin va elkada bo`ladi. Bunda “yuragim og`riyati shekilli” deb kardiologga murojaat etgan bemorni tinchlantirib, boshqa mutaxassislarga uchrash tavsiya etiladi.
Xuddi shunday och qolganda yoki ovqat eganda og`riq bo`lsa, bu oshqozon yoki oshqozon osti bezi kasallanganligining belgisi bo`lishim mumikn. Og`riqning sababi umurtqa pog`onasining ko`krak qafasi kasalligi yoki osteoxondroz ham bo`lishi mumkin.
Og`riq sababi qanday aniqlanadi?
Og`riqning sababini aniqlash uchun kardiolog va kardiojarrox belgilab bergan tekshiruvlardan o`tish lozim.
Bular:
- elektrokardiogramma(EKG), stress-EKG (tredmill-test, veloergometriya), jismoniy zo`riqishdagi EKG ko`rigi va sutkalik xolter-monitoring EKG.
- Fonokardiografiya usuli yurak shovqinni tekshirish uchun.
- Exokardiografiya usuli yurak mushaklarini ultratovush yordamida tekshirib, yurakdagi qon oqimining tezligini aniqlaydi.
Koronarografiya usuli koronar arteriya xolatini tekshiradi.
Miokard ssintigrafiya usuli yurak mushaklaridagi qon etishmovchiligini aniqlaydi.
Yurakka tegishli bo`lmagan og`riqni aniqlash
Yurakka tegishli bo`lmagan og`riqni tekshirish uchun umurtqa pog`onasini rentgenografiya, kompyuter va magnit-rezonans tomografiya qildirish, nevrolog, ortoped, gastroenterolog yoki tibbiy psixologga murojaat qilish lozim.
Tashxis qo`yilib, og`riq sababi aniqlangach, shifokor tegishli muolajalarni belgilaydi. Shunday ekan yurak va uning atrofidagi og`riqlarda o`zboshimchalik bilan uy sharoitida davolanishga yo`l qo`yib bo`lmaydi