1

Yuragimda saqlaganlarim: Sir ochilgan kun

Mutolaa 22.03.2016, 16:20
Yuragimda saqlaganlarim: Sir ochilgan kun

Keng, yorug`, hamma narsa tartib bilan joylashtirilgan supermarketga kirib yana aylana boshladim. Yarim soat ichida ikkinchi bor kirishim. Shunday bo`lsa-da, erkin, bemalol edim. 

Ming shukrki, poytaxti azimning do`konlari xuddi televizorda ko`rsatishadigan xorijdagilar kabi rosa katta. Bir soat ichida uch-to`rt bor kirsang ham sezishmaydi. O`zimizning tumandagi do`konlar kabi “Narsa olmasangiz yuravermang, halal berayapsiz”, deyishmaydi. 

Haddan tashqari yirikligidan kim kirib-chiqayotganini bilishmasa ham kerak. Aytgancha, bilishadi, hech kim bilmasa ham, anuv eshik yonidagi baland bo`yli, qo`liga qora, telefonning go`shagini elatuvchi matoh ushlab olgan yigit aniq biladi. Shundan sal xijolat bo`ldim. Chunki xaridor bo`lib kirayotganim yo`q. Aslida ish izlab yuribman. Yo`-o`-o`q, sotuvchi emasman. Shuncha yildan buyon qishloqdan, uydan chiqmay tikuvchilik qilgan juvonman.

Men uchun begona joyga kirish, murojaat qilish juda mushkul ish. Kim bilsin, balki har doim uyda o`tirganim uchundir? Ehtimol, asli tortinchoqdirman...

—  Kechirasiz, naqd pulga savdo qilasizmi? 

Cho`chib tushdim. Bexos quloqlarim tagida, orqa tomondan shivirlagan ayol bir qadam tashlab oldinga o`tib, chehrasini ko`rsatdi.

—  Nima? — shunchalar xayol bilan band bo`libmanki, eshitgan gapimni ham tushunmadim.

—  Pulga savdo qilasizmi?

Baribir anglamadim. Uning yuziga ajablanib qarab turaverdim. 

—  Menda plastik kartochka edi. Agar pul ishlatmoqchi bo`lsangiz, pulingizni olib, kartochkamni bermoqchi edim.

Endi maqsadini tushundim.

—  Yo`-o`-o`q, narsa olmoqchi emasman. Anuv… sexga kelgan edim, — ro`parada ko`rinib turgan tikuv sexini ko`rsatdim

— Bu erga shunchaki kirdim. 

—  Ha-a, menga naqd pul kerak edi-da... — o`ttiz besh yoshlar atrofidagi bu ayol u qadar go`zal bo`lmasa-da, istarali edi.  Odmi ko`ylagi uning rangiga mos, qizil tuflisi va bo`ynidagi nafis sharfi bir-biriga  ajib uyg`unlik berib, yarashib turardi. Uni qaerdadir ko`rgandek ham bo`ldim. 

“Qaerda ham ko`rardim? O`zi Toshkentga endi kelgan bo`lsak. Odam odamga o`xshaydi-ku, birovga o`xshatib yuborgandirman...” — dedim o`zimga o`zim. 

Ayol mendan uzoqlashdi. Ammo uch-to`rt qadam tashlagach, ortiga qaytdi:

—  Sexga nega kirmadingiz?

—  Haligi... — xijolat bo`ldim. — Tortinyapman. Boya bordim, jur`at qila olmay qaytdim yana. 

—  Yaqinda kelgansiz, shekilli bu erga? Yuring, gaplashib beraman. U erda dugonam ishlaydi. Qizimni ham shogidlikka olgan. 

Ayolga beixtiyor ergashdim. Birga sexga kirib bordik. Men xayol qilgandek katta emaskan. Bor-yo`g`i sakkizta tikuv mashinasi bor. Uyam u qadar katta bo`lmagan xonada tiqilib turgandek. To`rda, alohida xona ham bor.

—  Dugonam anuv xonada o`tiradi, — ayol yana menga yuzlandi.

Shunda uning oppoq, tiniq yuzlari, qora qoshlariga endi ko`rib turgandek razm soldim. Go`yo, u ko`z o`ngimda go`zallashagandek edi. Yaxshilik odamning husniga husn qo`sharmikan, yo?

—  Juda yaxshi ayol. Hozir ko`rasiz...

Uning so`zlari haq bo`lib chiqdi. Sex rahbari chindan ham juda shirinsuxan va ochiqyuz ayol ekan. 

—  To`g`ri kirib kelavermaysizmi? — dedi u hamrohimning kira olmay, do`kon aylanib yurganim haqidagi gaplarini eshitgach.

—  Birinchi marta-da, — dedim qizarib.

—  Necha yildan buyon tikuvchilik qilasiz?

—  Bilmadim. Maktabda o`qib yurganimda ham tikardim. Onam tikuvchi o`zi. O`n besh yildan oshib ketdi-yov.

—  Unda siz ham, men ham qiynalmayman. Biz buyurma asosida ishlaymiz. Anuv ko`rib turgan uskunangiz, bichib beradi. O`ng tomondagi qizlar birinchi chokni qilishadi. Chap tomondagilar oxiriga etkazadi. Burchakdagi ikkita qiz dazmollash ishlari bilan shug`ullanadi. Xullas, bizda har kuni ish qaynaydi. Daromad ham shunga yarasha. Pul, tikkan kiyimingiz soniga qarab to`lanadi. Men atay, bitta kiyimning ishini bir kishiga emas, ikki kishiga biriktirganman. Bu kiyimning sifati va qizlarning inoqligini ham ta`minlaydi. Bizga o`xshagan, boshqa kichik sexlarda bitta kiyimni bitta tikuvni boshdan oxirigacha tikadi. Yaxshi tikuvchi bor, o`rtachasi bor. Shuning uchun bu kiyim sifatida seziladi. Bizda esa birinchi chokni yangi kelganlar ham tikaveradi. Ammo oxiriga etkazish, ya`ni asosiy ishni ustalarga yuklayman. Pul ham ishga qarab taqsimlanadi. Asosiy ishni qilgan, yakunlagan tikuvchi albatta, besh-o`n ming so`m ko`proq oladi. Xafa bo`lmasangiz, sizni bir-ikki kun birinchi chokda sinayman. Agar rostdan o`n yildan oshiq tajribaga egaligingiz sezilsa, asosiy ishga o`tkazaman. Aslida bizga asosiy chokni tikadigan tikuvchi kerak.

—  Mayli, — rozi bo`ldim men.

O`sha kuni kechgacha ishladim. Menga juda ham yoqdi. Rostdan ham qizlar juda inoq edi. Chunki ko`proq pul topishi bir-biriga bog`liq bo`lgani uchun ko`maklarini ayamas, asosiy ishda qiynalib qolmasligi uchun birinchi tikuvchini ikkinchisi nazorat ham qilib turardi.   

Haligi, meni etaklab kelgan ayolning qiziga sherik bo`lib ishlayotganim esa yanada ko`nglimni ko`tardi. Albatta, men libos qismlarini bir-biriga biriktirishda aslo qiynalmas, hammasi to`g`ri chok bo`lgani uchun to`xtamay tikardim.

—  Opa, ertaga joy almashamiz, mana ko`rasiz,

— deydi sherigim Maftuna. — Men o`zi sizning o`rningizda tikardim. Asosiy ishda qiynalyapman, qo`rqyapman ham.
— Qo`rqmang, ko`rib, tikib yurgansiz-ku, — dedim men.

Sex boshlig`i ikki marta kelib mening ishimni kuzatib ketdi. Uyga ketishimda esa dedi:

—  Ertaga ertalabdan Maftuna bilan joy almashavering. U o`zi birinchi chokda edi. Sizning tajribangiz borligi sezildi.

Uyga kelgach, labim labimga tegmay, ishxonamni maqtashdan to`xtamadim.

—  Bolalar nima bo`ladi? — dedi erim tund ahvolda.

—  Uchovi ham maktabda bo`lsa. Opasi olib qaytadi. Sitoraning o`zi eplab o`tiradi. Oltinchi sinf bo`ldi-ku!  To`g`rimi? — katta qizimga qaradim. — Men ertalab ovqatni pishirib ketaman. Kelib eyishadi.

—  Har doimgidek uyda tikish qilsang, bo`ladi-ku!  — hamon bo`sh kelmadi erim.

—  Bu erda meni kim taniydi. Biror kishi “zakaz” olib kelayotgani yo`q. Qishloq bo`lsa ekan, avvaldan bilib yurgan bo`lishsa ekan...

Boshqa gap gapirmadi. Tabiatan vazmin odamning bu roziligi edi.  Uning kasbi — harbiyligi ortidan kutilmaganda poytaxga kelib qoldik. Ijara uyda, uch bola bilan ro`zg`or tebratishning o`zi bo`lmaydi. Tag`in bugungi kunda bolalaringiz bitta maktab bilan chegaralansa, ekan. Hali kurash, hali suzish, hali repetitor deb pul so`rashadi. Erim shu tomonlarini o`ylab indamagandir, balki. Men esa zavq bilan ishga borib kela boshladim. 

—  Oldingi sherigimdan tez tikarkansiz. Avvalgidek bitta-ikkita ko`p kiyim tikyapmiz, — deydi Maftuna xursand bo`lib. 

Bu mening ham ko`nglimni ko`taradi. Uyga zavqu shavq bilan kelaman. 

Dasturxon boshiga ko`pirib-toshib ishxonam haqida gapirishdan to`xtamayman. 

—  Dadasi, xafa bo`lmang-u, Xattuni sizga o`xshataman, — Maftunani laqabi bilan aytib, piqillayman goho. — Qiliqlari o`xshaydi-da. Sizga o`xshab, qatiqqa shakar solib eydi. Yana qulog`ining oldida ham siznikiga o`xshash xoli bor.

Erim “qult” etib yutinadi-yu, yomon qarab qo`yadi.

—  Dadasi, bugun Xattu naq sizning qilig`ingizni qildi. Esnayotib, og`ziga to`xtamay shapatiladi, — kulaman yana.

—  Hammayam shunday qiladi-ku! Namuncha uni menga o`xshatmasang...

—  Odamning odamga o`xshashligidan hayron qolaman. Onasini ham taniyman-ku, gramm o`xshamaydi, bechora ayolga.

Rostdan ham Maftunaning ko`p odatlari erimnikiga o`xshab ketardi. Ba`zan hayratlanib ham qolardim. Hatto, bolalarimga o`tmagan bu antiqa qiliqlari.

Masalan, xayol sursa, bosh barmog`ini qolgan to`rtta barmog`iga tinimsiz tekkizib o`tirishi, biror ishga berilib ketsa pastki labini qattiq tishlab olishi...

Bu o`xshashliklar shu qadar ko`p ediki, oxiri parvo ham qilmay qo`ydim.

—  Opa, menga kashta tikishni ham o`rgating, bilaman, dedingiz-ku, — dedi bir kuni Maftuna menga.

—  Mayli. Yakshanba kunlari uyimizga bor, o`rgatib qo`yaman.

—  Unda mana shu yakshanbada boraman, — dedi u.

O`sha hafta u keldi. Qizim bilan darhol til topishib oldi. Uchovlon o`tirib, kashta tikishga kirishdik. Erim esa tez-tez unga qarab qo`yardi. Nimanidir sezdimi, oxiri so`radi:

—  Asli qaerliksizlar?

—  Jizzaxlik... — dedi Maftuna uyalib.

—  Qaeridan?

Maftuna qishlog`ini aytgandi, erimning chimirilgan qoshlari yoyilgandek bo`ldi. 

—  Sizlar samarqandliksizlar, a? — dedi Maftuna keyin menga qarab. 

—  Ha, — dedim men.

—  Mening oyim ham samarqandlik, — qo`shimcha qilib Maftuna onasining qishlog`ini ham aytdi. 

Bu gapni eshitib erim yana sergak tortdi. Beixtiyor dedi:

—  Oyingning ismi nima?

Maftuna onasining ismini aytdi. Shundagina men ham xushyor tortdim. 

Men turmush o`rtog`imning ikkinchi oilasi edim. Bir paytlar birinchi ayolining ismini eshitgandim. O`shanda kelgan sovchilar bizga “Farzandli bo`lishga ulgurishmadi”, deyishgandi. Ammo, Maftuna...

Quloqlarim chippa bitib, bu dunyodan uzilib qolgandek bo`ldim. Ko`zim ko`rardi-yu, hech narsani idrok qilmasdim. Bu holat qancha davom etdi bilmayman. Erim ham erga qaragancha, haykaldek qotib qolgan. Shukrki, qizim va Maftuna esa kashta bilan ovora.

Umr yo`ldoshimning rang-ro`yidan qizi haqida shu paytgacha umuman bilmaganligi sezilib turardi. 

Maftuna ketganidan keyin hech narsa deya olmadim. U ham hamon karaxt holatda edi. Bir narsa aniq — Maftuna uning farzandi. Onasi buni o`sha paytlarda yashirgani, keyin ham aytmagani bilan taqdirning o`zi bu sirni ustalik bilan ochib tashlagandi...

Nargiza USANBOEVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1