AsosiyJamiyat

Respublika sud ekspertizasi markaziga 16 ta sud-ekspertiza turlarini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda

'Respublika sud ekspertizasi markaziga 16 ta sud-ekspertiza turlarini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda'ning rasmi

Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi va X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi mas`ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbir doirasida OAV vakillariga “O`zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida hamda X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyati haqida ma`lumot berildi.

Matbuot anjumanida Farmon qabul qilinishi sud-ekspertlik sohasida  amalga oshirilayotgan islohotlarning davomi sifatida yangi bosqichga o`tish, sud-ekspertiza sohasida amalga oshirilgan ishlar, qator muammolar va hal qilinishi kerak bo`lgan ishlar bo`yicha so`z yuritildi. 

Farmon bilan qanday tartiblar o`rnatilmoqda?

Farmon bilan sud-ekspertiza sohasida quyidagi yangi bosqichga .o`tilmoqda:

1.O`zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo`ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi.

2. Konsepsiya bo`yicha 2021–2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo`l xaritasi” tasdiqlandi.

 3.X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda 15 ta shtat birligidan iborat Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda. 

Institutga har yili kamida 15ta ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, 6 ta davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatida ilmiy-uslubiy ko`mak ko`rsatish hamda ularda mavjud 700 dan ortiq uslubiy qo`llanmalarni tanqidiy ko`rib chiqish va amaliyotni uyg`unlashtirish vazifalari yuklatilmoqda.

4.Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertiza tadqiqotlarini o`tkazish huquqi berilmoqda.

5. 2021 yil 1 sentyabrdan iqtisodiy, fuqarolik va ma`muriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so`roviga ko`ra ekspertiza o`tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi.

6. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini har uch yilda bir marotaba attestasiyadan o`tkazish tizimi joriy qilinmoqda.

7. Farmonga muvofiq 2022 yil 1 martdan aholiga va vakolatli organlarga 
sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma`lumotlar etkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini ta`minlash uchun mo`ljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi.

8. Sud-ekspertiza sohasida kadrlarni tayyorlash oliy ta`lim muassasalarida dual ta`lim prinsipiga muvofiq bakalavr yoki magistratura bosqichlarida ta`lim olayotgan davrda olti oylik ekspertlar tayyorlash kurslarida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.

9. 2021–2025 yillarda qo`shimcha 16 ta sud-ekspertiza turlarini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda (misol uchun, radiotexnika, videotexnika, fototexnika va parfyumeriya mahsulotlari kimyoviy tarkibini aniqlash ekspertizalari).

(Hozirda sud ekspertiza turlari 55 taga etkazilgan)

10Adliya vazirligiga nodavlat sud-ekspertiza organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish borasida vakolatli organ sifatida qo`shimcha vazifalar yuklatilmoqda.

 11. Adliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tashkil etilmoqda. Bunda, jamg`armani shakllantirishga byudjet mablag`larini yo`naltirish talab etilmaydi.

Jamg`armaning mablag`lari “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimini joriy etish, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga subsidiyalar ajratish, yangi ekspertiza turlarini joriy etish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda har yili kamida 10 nafar sud ekspertining xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va stajirovka o`tashini yo`lga qo`yish uchun sarflanishi rejalashtirilmoqda.

Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlari.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning bevosita tashabbuslari
va rahbarligida 2017 yil 7 fevralda qabul qilingan hamda izchil amalga oshirilayotgan O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida barcha sohalar kabi sud huquq tizimining ajralmas qismi, yani, muhim bo`g`inlaridan biri sanalgan sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham islohotlar izchillik bilan amalga oshirilib kelinmoqda.

Jumladan, 2017 yilda qabul qilingan Hukumatning 206-sonli qarori asosida barcha viloyatlarda Markazimizning hududiy bo`limlari tashkil etildi. Shuningdek, ekspertlarning malakasini zamon talablari darajasida oshirish uchun O`quv markazi faoliyati yo`lga qo`yildi. Hozirgi kunda bu erda nafaqat Markaz va boshqa davlat sud ekspertiza muassasalari ekspertlarining huquqiy bilimlari, balki yangi tashkil etilayotgan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ekspertlarini ham qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu davrda jami 1 284 nafar sud ekspertlarining huquqiy bilimlari va malakalari oshirildi.

2019 yil 17 yanvar kuni qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq amaliyotda ilk bor nodavlat tashkilotlar tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratildi va Hukumatimizning 2020 yil 24 martdagi 180-sonli qarori bilan nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.

Markaz nafaqat sud ekspertiza tadqiqotlarini o`tkazish, balki yangi uslubiyotlar hamda yangi ekspertiza turlarini joriy etish bo`yicha keng ko`lamli ilmiy ishlarni amalga oshirishi natijasida, ayniqsa so`ngi 2 yilda 
Sud-lingvistika ekspertizasi, Sud-kompyuter-texnik ekspertizasi, 
Sud-avtomobil-yo`llari ekspertizasi, Sud-elektrotexnika ekspertizasi, Oziq-ovqat mahsulotlari sud ekspertizasi, Sud-psixologik ekspertizasi yangi ekspertiza turlari yaratilib, Markazda amalga oshiriladigan sud ekspertlik turlari 50 taga, mutaxasisliklar soni esa 69 taga etkazildi.

Markaz O`zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda sud-ekspertlik faoliyatining eng dolzarb muammolari bo`yicha fundamental, amaliy 
va innovasion tadqiqotlar, dasturlar va loyihalarni, shu jumladan milliy grantlarni jalb qilgan holda ilmiy izlanishlar olib borgan holda jami 53 ta uslubiy qo`llanma va tavsiyalar ishlab chiqilib, sud ekspertlik faoliyatiga tadbiq etildi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlarining malakali sud ekspertiza xulosalariga bo`lgan ehtiyojlarini doimiy ravishda o`rganish orqali sud ekspertizaning yangi turlarini, yangi uslubiyotlarini boskichma-boskich amaliyotga tatbiq etish choralarini ko`rish maqsadida Adliya vazirining 2020 yil 25 noyabrdagi buyrug`i bilan Markazda Ilmiy-tadqiqot bo`limi tashkil etildi.

Sud ekspertiza sohasining yana bir muhim yo`nalishlaridan biri sud
va tergov organlarining sohadagi bilimlarini oshirib borish hamda sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishdir. Shunga ko`ra, Markaz ekspertlari tomonidan sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari uchun 1 660 ta profilaktik takliflar ham berildi.

Markaz laboratoriyalarini xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida, 2020 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining giyohvandlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo`yicha Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ko`magida ISO/IEC 17025 xalqaro standartiga muvofiq akkreditasiya qilinib, muvofiqlik sertifikatiga ega bo`ldik. Mazkur akkreditasiya Markazga tadqiqotlarni xalqaro standartlar darajasida bajarish imkonini beradi hamda mazkur laboratoriyalar tomonidan berilgan xulosalarning xalqaro miqyosda shubhasiz tan olinishi, fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini nafaqat mamlakatimiz hududida, balki xalqaro sudlarda ham ishonchli himoya qilinishiga hamda odil sudlov ta`minlanishiga xizmat qiladi.

Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan hamda qonuniylikni ta`minlash yuzasidan bir qator tizimli tadbirlar o`tkazib kelindi.

Markaz faoliyatining ochiqligini ta`minlash maqsadida, Markaznig rasmiy veb sayti yangilanib, turli ijtimoiy tarmoqlarda sahifalari ochildi. Keng jamoatchilik va OAV vakillari uchun Markazda hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida press-turlar, matbuot anjumanlari va brifinglar o`tkazildi. Jumladan, o`tgan davr mobaynida 10 dan ortiq matbuot anjumanlari tashkil etilib, OAV vakillari uchun 6 marotaba Media-tur o`tkazildi.

Markazning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida “Sudex dan gapiramiz” va “Ekspert javobi” nomli yangi ruknlar yaratilib, unda ekspert xodimlar tomonidan fuqarolardan kelib tushgan savollarga audio va videorolik ko`rinishida javob berilishi yo`lga qo`yildi. Markazning rasmiy veb-saytida hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida “So`ragan edingiz” rukni ochilib, unga ham aholini qiziqtirga savollarga matn ko`rinishida javoblar joylashtirilib kelindi.

Sud ekspertiza faoliyatiga zamonaviy AKT yutuqlarini joriy etish maqsadida “Sud ekspertizalari hisobi tizimi” va “Elektron ta`lim platformasi” axborot tizimlari hamda aholiga sud-ekspertlik sohasiga doir ma`lumotlarni etkazishga qaratilgan “sudexpert.uz” sud-ekspertiza axborot portali, ekspertiza uchun ashyoviy dalillarni identifikasiyalash (ID raqam
va shtrix kod yordamida) dasturi ishlab chiqilib, faoliyatga tadbiq etildi.

Respublika tarixida ilk bor sud eksperiza yo`nalishiga ixtisoshlashgan “O`zbekiston sud ekspertizasi – Sudebnaya ekspertiza Uzbekistana – Forensic expertise of Uzbekistan” nomli ilmiy jurnal Markaz tomonidan tashkil etildi.

Shu kunga qadar O`zbekiston sud ekspertizasi tarixida aynan mazkur sohaga oid ilmiy maqolalarni nashr etishga ixtisoslashgan va ilmiy muloqot uchun sharoit va imkoniyatlar yaratadigan yagona platformaning bo`lmaganligi ushbu ilmiy jurnalni yaratishga sabab bo`ldi.

Yangi jurnalda sohaning etakchi olimlari va mutaxassislarining ilmiy maqolalarini nashr etish orqali xalqaro ilg`or tajribalar taqdim etiladi, shuningdek, mamlakatimiz sud ekspertlarining ilmiy va ilmiy-amaliy tadqiqotlari natijalarini nashr etish imkoniyati yaratildi.

Ishonch bilan ta`kidlash kerakki, jurnal maqsadli professional munozara va tahlillar uchun yangi va qiziqarli ilmiy maydonga aylanadi, yanada samarali
va har tomonlama ilmiy muloqotlar, yangi g`oyalar va tadqiqot natijalari almashinuviga yordam beradi, ilmiy-uslubiy ta`minot, shu bilan birga sud ekspertizasi va sud ekspertizasi yo`nalishlarining amaliy faoliyatiga rasionalizatorlik ilmiy ishlanmalarini kiritadi.

Shu bilan birga, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda sud xodimlari uchun Respublika sud ekspertizasi markazining imkoniyatlarini yoritishga bag`ishlangan elektron qo`llanma ham yaratildi.

Ushbu qo`llanma avvalgilaridan tubdan farq qilishi bilan ajralib turadi. Elektron qo`llanmada, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov organlari hamda sud xodimlari uchun sud ekspertiza imkoniyatlari haqidagi ma`lumotlar bir vaqtning o`zida yozma va video ko`rinishda taqdim etildi. Shuningdek, sud ekspertlariga beriladigan na`munaviy savollar, qaror va ajrim nusxalari hamda kerakli boshqa ma`lumotlar jamlangan.

Shuningdek, Toshkent davlat yuridik universiteti bilan hamkorlikda Universitet professor-o`qituvchilari va talabalari uchun Markazda amaliy mashg`ulot hamda tadqiqotlar olib borish uchun zarur shart sharoitlarni yaratish maqsadida “Amaliy huquqshunoslik” kafedrasi tashkil etildi.

 

    Boshqa yangiliklar