Toshkentda o`tayotgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o`zaro bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» yuqori darajadagi konferensiyasi ishtirokchisi - Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho`g`li “Dunyo” AAga bergan intervyusi chog`ida ushbu xalqaro anjumanning ahamiyati yuzasidan o`z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
- Avvalambor, mazkur konferensiyaning tashkil etilishi o`ta muhim ahamiyatga molik ekanini aytishni istar edim, - dedi u. - Anjuman O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov Janobi Oliylarining o`ziga xos qarashlarining ifodasi hisoblanadi. Men O`zbekiston Prezidentining bugungi konferensiyadagi nutqini juda diqqat bilan tingladim. Unda shu kunga qadar O`zbekistonda amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning tashabbuskori bo`lgan hurmatli Prezidentning ikki mintaqa markazida joylashgan mamlakatning g`oyalari, muhim va yangi tashabbuslari, fikr va mulohazalari o`rtaga tashlandi.
O`zbekiston rahbari o`z nutqida xalqlarimizning ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-ma`rifiy merosi, allomalarimiz va dinimiz haqida batafsil gapirib o`tdi. Men bundan juda ham faxrlandim, katta taassurot oldim. Shavkat Mirziyovning nutqi meni juda to`lqinlantirib yubordi. Sababi bu haqiqiy etakchiga xos nutq edi. Men ushbu nutqning videonusxasini olib, yana bir bor alohida o`rganib chiqaman, albatta. Prezident Janobi Oliylarini hamda do`st va birodar O`zbekiston xalqini ushbu mazmunli nutq va ajoyib tarzda tashkil etilgan xalqaro tadbir bilan tabriklayman.
Tabiiyki, bu mintaqada dolzarb masalalar oz emas. Tahdidlarning asosiysi - bu Afg`onistondagi o`ta jiddiy vaziyatdir. Mintaqada boshqa yana qator qiyinchilik va o`ziga xos muammolar mavjud, biroq shu bilan birga hali foydalanilmagan imkoniyatlar ham kam emas. Muammolarni birgalikda bartaraf etishimiz lozim bo`ladi. Buning uchun biz hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishimiz zarur. Bu borada yaqindan hamkorlik qilishimiz kerak. Bu muammolarning hal etilishida, albatta, O`zbekiston alohida o`rin tutadi.
Turkiya O`zbekiston tomonidan o`rtaga tashlangan muhim takliflarni, mintaqalarimiz kelajagi, jumladan, hududda tinchlik va osoyishtalikni ta`minlash bilan bog`liq loyihalarni amalga oshirishda yaqindan yordam berishga tayyordir. Mintaqaviy o`zaro bog`liqlik, tahdidlar va imkoniyatlar borasidagi ushbu konferensiya ayni muddao va o`z vaqtida tashkil etilgan tadbir bo`ldi.






