O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 iyul kuni poytaxtimizda o`tayotgan xalqaro konferensiya doirasida Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidentining maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ikki tomonlama kun tartibining dolzarb jihatlari va xalqaro siyosat masalalari ko`rib chiqildi. Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O`zbekiston-AQSh strategik sheriklik va ko`p qirrali hamkorlik munosabatlari jadal sur`at bilan rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Elizabet Shervud-Rendall O`zbekiston Prezidentiga AQSh Prezidenti Jozef Baydenning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi.
Prezidentimizning Markaziy va Janubiy Osiyo bog`liqligini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari AQSh ma`muriyati tomonidan yuksak baholanayotgani ta`kidlandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, yangi O`zbekistonni barpo etish bo`yicha olib borilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyoda ishonch, yaxshi qo`shnichilik va sheriklikni mustahkamlash borasidagi sa`y-harakatlar qat`iy qo`llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish masalalari, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari, shu jumladan pandemiyaga qarshi kurashish va aholini emlash, AQShning etakchi kompaniya va banklari ishtirokida qo`shma investisiya loyihalarini ilgari surish muhokama qilindi.
Afg`onistonda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi






