AsosiySiyosat

Prezident O`zbekiston xalqini Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi

'Prezident O`zbekiston xalqini Qurbon hayiti bayrami bilan tabrikladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Qurbon hayiti munosabati bilan tabrik yo`lladi. Tabrik matnini Prezident Matbuot xizmati e`lon qildi.

Qadrli yurtdoshlar!

Qalblarimiz fayzu ilohiy shukuhga to`lib turgan ushbu ulug` kunda yurtimizdagi barcha mo`min-musulmonlarni, butun xalqimizni tinchlik, shukronalik, mehr-oqibat va saxovat ramzi bo`lgan muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g`oyat mamnunman.

Fursatdan foydalanib, mana shu tabarruk ayyomni bayram qilayotgan er yuzidagi barcha musulmon ummatiga, xorijiy do`stlarimiz va hamkorlarimizga xalqimiz nomidan samimiy salom va tabriklarimizni yo`llaymiz.

Bu yilgi Qurbon hayiti Vatanimiz mustaqilligining shonli 30 yillik tarixiy sanasi arafasida o`tayotgani uning betakror ruhi va ko`rku tarovatini yanada ziyoda etmoqda.

Mustaqil yurtda buyuk maqsadlar bilan tinch va osoyishta yashash, halol mehnat qilish muqaddas dinimizning ezgu g`oyalariga har tomonlama uyg`un va hamohangdir.

So`nggi yillarda el-yurtimizning fidokorona mehnati bilan barcha soha va tarmoqlar qatori muqaddas dinimiz, milliy-diniy qadriyatlarimizni tiklash, rivojlantirish va targ`ib etish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ulug` ulamolarimizning benazir ilmiy merosini chuqur o`rganish, dinimizning insonparvarlik ruhi bilan yo`g`rilgan ezgu an`analarini munosib davom ettirish maqsadida mamlakatimizning bugungi yangi taraqqiyot bosqichida islom ma`naviyati rivojiga ulkan e`tibor qaratilmoqda.

O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O`zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi va Mir Arab oliy madrasasi kabi yangi muassasalarning tashkil etilgani, hadis, kalom, fiqh va tasavvuf maktablariga asos solingani, o`nlab yangi masjidlar va ziyoratgohlar qurilayotgani hamda ta`mirlanayotgani bu boradagi ishlar ko`lami nechog`li keng ekanidan dalolat beradi.

Bugungi kunda O`zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va erkinliklari qatorida diniy sohadagi talab va ehtiyojlari ham to`liq ta`minlanmoqda. Bu haqda gapirganda, yaqinda yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to`g`risida”gi Qonun qabul qilinganini alohida ta`kidlash lozim.

Muhtaram vatandoshlar!

Barchamizga ayonki, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni mustahkam qaror toptirishning eng muhim tamoyillaridan biri ijtimoiy
va diniy bag`rikenglikdir. Yurtimizda turli konfessiyalar vakillari yagona oila bo`lib, do`stlik va hamjihatlik muhitida yashayotgani, jonajon Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo`shib kelayotgani bizning eng katta boyligimizdir.

Ma`lumki, xalqimiz asrlar davomida diniy va dunyoviy ilmlarni o`zaro uyg`un rivojlantirish borasida noyob tajriba maktabini yaratgan. Bu fikrning amaliy tasdig`ini o`zining beqiyos ilmiy kashfiyotlari, ma`naviy-ma`rifiy tafakkuri bilan jahon ahlini hayratda qoldirgan ulug` olimlar va ulamolarimizning bebaho merosi misolida yaqqol ko`rish mumkin.

Bugungi kunda ana shunday nodir ma`naviy xazinani chuqur o`rganish borasida yanada katta imkoniyatlar ochilmoqda.

Ishonchim komilki, ikki dunyo saodatiga erishishdek ulug` orzu-niyatlar bilan yashayotgan olijanob xalqimiz unib-o`sib kelayotgan yosh avlodni ma`naviy barkamol etib tarbiyalashda ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, ulkan yutuqlarga albatta musharraf bo`ladi.

Qadrli va muhtaram vatandoshlarim!

Hozirgi murakkab pandemiya davrida diniy ibodatlarni uy sharoitida ado etish bo`yicha ko`pni ko`rgan ulamolarimiz tomonidan bildirilgan taklif, hech shubhasiz xalqimizning hayoti va salomatligini asrashga qaratilgan eng to`g`ri qarordir.

Ushbu ulug` ayyom kunlarida barchamiz Qodir Allohdan butun insoniyat boshidan kechirayotgan bunday og`ir sinovlarni engib o`tishda O`zi madadkor bo`lishini so`raymiz.

Siz, azizlarni muborak Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga Alloh taolodan sihat-salomatlik, baxtu saodat, oilalaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Duogo`y keksalarimizning ezgu tilaklari ijobat bo`lsin!

Yoshlarimizning baxtini, kamolini bersin!

Yurtimiz doimo tinch, xalqimiz hamisha sog`-omon bo`lsin!

Shavkat Mirziyoev

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

    Boshqa yangiliklar