BMTning O`zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer 2021 yil 22 iyul kuni mamlakatimizdagi missiyasini yakunladi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar bermoqda.
1 sentyabrdan Freyzer xonim BMTning Dasturlar va siyosat boshqarmasi rahbari, BMTning 132 mamlakatdagi agentliklari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha direktor o`rinbosari sifatida yangi lavozimga kirishadi (BMTning Nyu-Yorkdagi shtab kvartirasida).
Xelena Freyzer 2017—2021 yillarda O`zbekistondagi faoliyati davomida Orolbo`yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo`yicha ko`psheriklik trast fondining tashkilotchilari qatorida bo`ldi. Xususan, u BMTning yuqori darajadagi rasmiylari va donor davlatlar vakillari ishtirokida Fondni rasmiy ravishda ishga tushirilishida muhim rol o`ynadi. To`rt yil davomida Fond Evropa Ittifoqi, Koreya va Finlyandiyaning 20 million AQSh dollaridan ziyod mablag`larini jalb qila oldi.
Xelena Freyzer, shuningdek, BMT tizimlarining O`zbekistondagi konstruktiv ishtirokini kengaytirishga ko`maklashdi, jumladan, uning ko`magida Qochqinlar bo`yicha Oliy Komissarning O`zbekistondagi vakolatxonasi qayta faoliyat boshladi, BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissarining O`zbekistondagi vakolatxonasi ochildi hamda Xalqaro migrasiya tashkiloti O`zbekistonda rasman akkreditasiyadan o`tkazildi.
Freyzer xonim mamlakatimizdagi faoliyati mobaynida O`zbekistonning va Prezident Shavkat Mirziyoevning inson huquqlari, yoshlar siyosati, gender tenglik, so`z erkinligi va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga fuqarolik berish masalalarini takomillashtirish bo`yicha ilgari surgan tashabbuslarini faol qo`llab-quvvatladi.
Xelena Freyzer "Yuksalish" umummilliy harakatining faxriy a`zosi bo`ldi va unga a`zolik sertifikati taqdim etildi.






