Hammasi futbolchining o`ziga bog`liq. U murabbiylikni ixtiyor etdimi, unga ruhan o`zini tayyorlashi kerak.
Futbolchilik davrida jahon tan olgan darajadagi yulduzga aylangan insonlarning ko`pchiligi faoliyatlarini murabbiylik sohasida davom ettirishni istaganlarida omadsizlikka yuz tutganlar. Fransiya termasining afsonasi hisoblangan Zayniddin Zidanning «Real» boshqaruvidagi debyut uchrashuvi esa aksincha natijani ko`rsatdi: madridliklar «Deportivo» darvozasiga naqd 5ta javobsiz to`p yo`llashdi. Umuman oladigan bo`lsak, madridliklar Zidan boshchiligida 11 ta o`yin o`tkazgan bo`lsalar, uning naqd 8 taisda zafar quchdilar. Quyida futbolchilik davrida buyuk bo`lgan, biroq murabbiylikda muvaffaqiyatsizlikka uchragan 5 yulduz haqida fikr yuritmoqchimiz.

Alan ShIRER.
Murabbiylik faoliyati: «Nyukasl» (8 o`yin: 1 g`alaba, 2 durang, 5 mag`lubiyat).
Tumanli o`lkada yangi vazifada muvaffaqiyatsizlik alamini totgan afsonaviy futbolchilar etarlicha topiladi va Bobbi Charlton, Toni Adams, Pol Gaskoyn kabilarni ular sirasiga kiritish mumkin. Alan Shirerday tug`ma iste`dod egasi, «bombardir», Angliya premer-ligasida 11 bor xet-trikka erishgan yulduz ham omadsiz murabbiylardan. Shirer shuningdek, APL (260ta gol) va «Nyukasl»ning eng yaxshi to`purari (206 ta gol) edi. O`z davrida eng yuqori ko`rsatkichni ko`rsatgan (har bir o`yinda o`rtacha 0,6ta gol) futbolchi «Nyukasl»ni bir necha bor og`ir vaziyatlardan olib chiqqandi. U 2009 yilda «Nyukasl»ga - karerasining 10 yilini bag`ishlagan jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangach esa, klubni premer-ligada saqlab qola olmadi. Shirer jamoasida g`alabalar foizi eng past - 12 bo`ldi. 2008/09-yilgi mavsum oxirida «Nyukasl» ingliz futboli yulduzi boshchiligida 8 uchrashuvda maydonga tushdi va 24 imkoniyatdan 5 ochkoni qo`lga kiritoldi, xolos. Shundan so`ng, Alan Bi-Bi-Siga qaytdi va ekspert sifatida faoliyatini davom ettirdi. O`shandan keyin Shirer hech qachon murabbiylik kursisiga o`tirmadi.

Filippo INDZAGI.
Murabbiylik faoliyati: «Milan» (39 uchrashuv: 14 g`alaba, 13 durang, 12 mag`lubiyat).
SuperPippo Madridning «Real»i boshqaruvida turgan inson bilan yaxshi tanish - ular qachonlardir «A» seriyasida Turinning «Yuventus» jamoasi bilan birga «davru davron surishgan». Yangi asr boshlarida esa boshqa-boshqa yo`llardan ketishdi: Zidan «Santyago Bernabeu»ni tiz cho`ktirishga yo`l olgan bo`lsa, Indzagi «Milan»ga ketdi. Aynan Indzagining dubli «rossonerlar»ga Chempionlar Ligasining 2006/07-yilgi finalida «Liverpul»ga qarzlarini qaytarishda ko`maklashdi va futbolchi faoliyati davomida ikkinchi bor kubokni boshi uzra baland ko`tarish imkoniga ega bo`ldi.
2012 yilda futbolchilik karerasiga nuqta qo`ygan o`yinchi kelgusi faoliyati haqida uzoq o`ylamadi: Italiya futboli afsonasi 2 yil «Milan» yoshlariga murabbiylik qildi, so`ng “qizil-qoralar”ga bosh bo`ldi. O`sib kelayotgan avlod bilan Filippo tez til topishgan bo`lsa-da, katta yoshdagi futbolchilar bilan bu masalada qiyinchiliklarga duch keldi. Balki, Indzagiga bilim va murabbiylik tajribasi etishmagandir. Nima bo`lganda ham, SuperPippo uchun qadrdon klubini ulkan cho`qqilarga olib chiqish armon bo`lib qoldi. Yosh mutaxassisga shogirdlari bilan mavsum davomida barqaror o`yin namoyish qilish nasib qilmadi, aslida hammasi esa juda yaxshi boshlangandi - «Lasio» ustidan 3:1 hisobidagi ishonchli g`alaba bilan.

Lotar MATTEUS.
Murabbiylik faoliyati: «Rapid» (Vena) (32 uchrashuv: 9 g`alaba, 9 durang, 14 mag`lubiyat);
Bundan tashqari uning rahbarligida Vengriya termasida 28 uchrashuv: 11 g`alaba, 3 durang, 14 mag`lubiyat; «Atletiko Paranaense» 7 uchrashuv: 5 g`alaba, 2 durang; «Makkabi Netaniya» 45 uchrashuv: 19 g`alaba, 14 durang, 12 mag`lubiyat; Bolgariya termasi 11 uchrashuv: 3 g`alaba, 3 durang, 5 mag`lubiyat bilan yakunlangan.
Nemis himoyachisi futbolchi sifatida deyarli hamma narsaga erishdi. 1990 yildagi «Oltin to`p» esa haqli ravishda uning shaxsiy muvaffaqiyatlariga berilgan e`tirof bo`ldi.
5 mundialni ko`rgan Matteus mana 15 yildirki murabbiylik qozonida qaynayapti. Oz bo`lmagan fursat ichida 54 yoshli mutaxassis Serbiya va Chernogoriya birinchiligida chempionlik unvoniga ega bo`la oldi, xolos. Aniqrog`i, bir yil davomida mamlakat futboli etakchisi hisoblangan Belgradning «Partizan» klubini oltin medallarga olib keldi. Ammo bu 2003 yilda bo`lgandi. Shundan so`ng, Matteus 4 klub va 2 milliy terma jamoada muvaffaqiyatsiz faoliyat olib bordi. Natija bo`lmaganidan so`ng ish beruvchilar bilan ziddiyatgacha bordi. Masalan, Vengriya termasidan haydalgach, ushbu yurt futbol federasiyasini ayovsiz tanqid ostiga oldi.

Xristo STOIChKOV.
Murabbiylik faoliyati: Bolgariya termasi (15 uchrashuv: 6 g`alaba, 6 durang, 3 mag`lubiyat); «Selta» (16 uchrashuv: 7 g`alaba, 1 durang, 8 mag`lubiyat); «Mamelodi Sandaunz» (30 uchrashuv: 16 g`alaba, 8 durang, 6 mag`lubiyat); «Liteks» (54 uchrashuv: 30 g`alaba, 10 durang, 14 mag`lubiyat)
Kataloniyaning «Barselona» klubi muxlislarining suyukli futbolchisi 90-yillar boshlarida raqib klublar himoya chizig`iga dahshat solgandi. Uning merganlik qobiliyati har kimni hayratga solar va «bombardir»lar ro`yxatida hamisha etakchi bo`lib kelardi. Bolgar futboli tarixida eng yaxshi futbolchi hisoblangan va 1994 yili «Oltin to`p» sovriniga munosib ko`rilgan Stoichkov ham mana 10 yildan ortiq vaqtdirki murabbiylik kursisidan muqim joy ololmayapti. Yillar o`tmoqda, biroq Stoichkovning bu vazifaga munosibligi o`z isbotini topmayapti. Xristoga Bolgariya termasi murabbiyi sifatida o`zini sinab ko`rish imkoni 2 marta berildi, ammo u boshchiligidagi jamoa na 2006 yildagi JCh saralashida va na Evro-2008da o`zini ko`rsata oldi. Shundan so`ng, bolgariyalik «Selta»da ishlagan bir necha oy vaqt davomida Vigo jamoasini Segundaga «g`arq qildi».
Stoichkovning Janubiy Afrika chempionatidagi sarguzashtlari ham o`ta omadsiz kechdi. 2013 yil Sofiyaning SSKA klubi rulini qo`lga olganidan so`ng bir oy o`tar-o`tmas, unga chiqish eshiklari ko`rsatildi: u mamlakatning eng nomdor klubi sanalgan SSKAning muammolarini hal etishning uddasidan chiqolmadi. Hozirda 49 yoshli mutaxassis AQShda istiqomat qilyapti va Meksika sport kanali teleeksperti sifatida ishlamoqda.

Diego MARADONA.
Murabbiylik faoliyati: «Mandiyu» (12 uchrashuv: 1 g`alaba, 5 durang, 6 mag`lubiyat)
«Rasing» (11 uchrashuv: 2 g`alaba, 3 durang, 6 mag`lubiyat); Argentina termasi (19 uchrashuv: 14 g`alaba, 5 mag`lubiyat); «Al-Vasl» (22 uchrashuv: 7 g`alaba, 5 durang, 10 mag`lubiyat).
Maradona – so`zsiz buyuk futbolchi. Jahon futbolining eng taniqli shaxslaridan biri. Neapol va Buenos-Ayresda «Napoli» va «Boki Xuniors» muxlislari unga haqli ravishda eng buyuk forvard sifatida qarashardi. Maradona shuningdek, ko`plab sovrinlarning egasi hamdir va ularni birma-bir sanash uchun alohida maqola tayyorlash talab etiladi. Maradonaning buyukligi unda o`zini murabbiy sifatida sinab ko`rish istagi tug`ilganida yo`qlikka yuz tutdi. Diegoning bu sohadagi faoliyati janjallar va hakamlar ishidan norozilik bilangina yodda qoldi. Maradona murabbiy sifatidagi faoliyatini Argentinaning unchalik nomi chiqmagan «Mandiyu» klubida boshladi va yarim yil o`tar-o`tmas klub prezidentiga qo`l ko`targani uchun ishdan bo`shatildi. Mamlakatning boshqa bir klubi - «Rasing»da ham omadi yurishmadi, bunday fikrni BAAning «Al-Vasl» jamoasidagi faoliyatiga nisbatan ham aytish mumkin. Arab jamoasiga Maradona chempionlikni va`da qilgandi, buning o`rniga o`zi Amirliklarni tashlab ketdi: o`shanda «Al-Vasl» chempionat etakchisidan qariyb 30 ochko ortda borayotgandi. Maradonaning Argentina terma jamoasi bosh murabbiyligiga tayinlanishini ushbu yurt futboli muxlislari katta quvonch bilan kutib olishgandi. Ma`lum vaqt davomida argentinaliklar kuchli o`yin namoyish etmagan holda kerakli natijaga erishib yurdilar ham, biroq JCh-2010 chorak finalida Germaniyadan uchralgan sharmandali mag`lubiyatdan (0:4) so`ng Argentina futbol federasiyasi mutasaddilari Maradonaga yana chiqish eshiklarini ko`rsatishdi.
Xulosa o`rnida. Aslida yulduz futbolchilardan ham yaxshi murabbiylar ko`p chiqqan. Valeriy Lobanovskiy, Yupp Xaynkess, Pep Gvardiola, Diego Simeone, Luis Enrike... Bu ro`yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Hammasi futbolchining o`ziga bog`liq. U murabbiylikni ixtiyor etdimi, unga ruhan o`zini tayyorlashi kerak, eng muhimi o`qib-o`rganishi lozim. Bekorga Arsen Vengerni “futbol professori” deyishmaydi. Uning etti tilni mukammal bilishini, har jahon chempionatida texnik guruh a`zosi sifatida futbolchilarning o`yin dinamikasini kuzatib borishini bugungi o`zini yulduz deb hisoblab yurgan futbolchilar bilisharmikan?





