Kuni kecha “Vazirliklar, davlat qo`mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlari o`rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko`ra, davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlari o`rinbosarlari o`ziga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan Prezident oldida shaxsan javobgardir hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdordir.
Qaror bilan davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlari o`rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi.
Bunda:
Davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo`lgan xo`jalik birlashmalari rahbarlari o`rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi;
har yili ularning faoliyati ko`rsatkichlari davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
faoliyat samaradorligini baholashning asosiy mezonlari va ko`rsatkichlari tizimli monitoring qilinadi;
monitoring natijalari asosida rahbarlar o`rinbosarlarining faoliyati Vazirlar Mahkamasida har chorak yakuni bo`yicha muhokama qilib boriladi;
baholash mezonlari va ko`rsatkichlari asosida har bir rahbar o`rinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga rag`batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari ko`riladi.
Qarorga ko`ra, vazirliklar va idoralar rahbariyati faoliyatining ko`rsatkichlarini baholashda inson omilini kamaytirish maqsadida asosiy ko`rsatkichlar bo`yicha ma`lumotlarni avtomatik tarzda tahlil qilish orqali mavjud holatni aniqlash imkonini beruvchi maxsus elektron platforma ishga tushiriladi.
Shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlarining har bir o`rinbosari vakolatlari qayta ko`rib chiqilib, ularning funksional vazifalariga vakolat va javobgarlik chegarasini aniq belgilash bo`yicha qaror loyihasi ishlab chiqiladi.






