Avvalroq, Prezident raisligidagi aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo`yicha videoselektor yig`ilishi boshlangani haqida xabar bergan edik.
Yig`ilishda Prezident Shavkat Mirziyoev aholi murojaatlarining yagona elektron bazasi yaratilishi haqida gapirdi:
Endi, murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada yuritilib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat idoralarining murojaatlar bilan ishlash bo`yicha ochiq reytingini shakllantiradi.
Joriy yil 1 oktyabriga qadar barcha vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlarni ro`yxatga olish, ularni ko`rib chiqish va natijasini nazorat qilish bo`yicha Yagona onlayn platforma yaratiladi. Ushbu platforma orqali vazirlik va idoralar, hokimliklarda murojaatlar bilan ishlash faoliyati monitoring qilinib, har oyda Senatga va Hukumatga tahliliy ma`lumot kiritib boriladi.
Shuningdek, aholi murojaatlarida ko`tarilayotgan masalalarni hal etish bo`yicha vazirlik, idora va hududlar rahbarlarining hisobotini Senatda har chorakda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa mahalliy Kengashlarda har oyda eshitib borish amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi.






