“O`lik jonlar” ortidagi jinoyat

Jinoyat 26.03.2016, 12:26
“O`lik jonlar” ortidagi jinoyat

Yaqinda Jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyat sudining yig`ilishi bo`lib o`tdi  

Noqonuniy xalqaro aloqa kanallari biznesi

Bu gal odil sud kursisida ildizlari mamlakatimiz sarhadlaridan uzoqlarga borib taqaladigan yirik uyushgan jinoiy guruh a`zolari o`tirishdi. Barchasi Rossiya Federasiyasi fuqarolari Alesandr Chernesov va Andrey Markelov O`zbekistonda noqonuniy biznes bilan shug`ullanib, mo`may daromad orttirmoqchi bo`lishdi. Ular umumiy tanishlari, mamlakatimizning sobiq fuqarosi, ayni paytda Rossiya Federasiyasi fuqarosi bo`lgan Freyman ismli kimsaning tavsiyasiga ko`ra,  o`z guruhlariga samarqandlik Elena Tirinani ham jalb qilishadi hamda mintaqada ishni yo`lga qo`yish  va boshqarishdek “faxrli” vazifani uning zimmasiga yuklashadi. 

Jinoiy faoliyatni engillashtirish uchun uyushgan to`daning har bir a`zosi qilishi lozim bo`lgan ishlar aniq taqsimlab berilgan edi. E.Tirinaning bevosita rahbarligi ostida noqonuniy xalqaro aloqa kanallari tashkil etish bo`yicha biznes yo`lga qo`yildi. Buning uchun ular  yurtimizga qonunga xilof ravishda olib kirilgan maxsus texnologiyalar va qurilmalardan foydalanishgan. 

ESLATIB O`TAMIZ: Mamlakatimiz qonunchiligida O`zbekiston hududidagi mavjud xalqaro telefon tarmog`ining faoliyatiga xalal beradigan bunday qurilmalarni olib kirish taqiqlangan.  

Asosiy shaxs

Guruhdagi asosiy shaxs  Vladimir Dauze E.Tirinaning topshirig`iga asosan mazkur texnikalarni o`rnatish, dasturlash va texnik xizmat ko`rsatish bilan shug`ullangan. Texnikalarni joylarga, o`z egasiga etkazib berish  Aleksandr Abduraximovning chekiga tushgandi.

E.Tirina jinoiy rejalarini amalga oshirishga o`z dugonasi Kamilla Basmanovani ham tortadi. «Fortuna blagorodiya» MChJ muassisi bo`lgan bu ayol “marketing tadqiqotlari o`tkazish, savdo faoliyati va konsalting xizmatlari ko`rsatish” niqobi ostida mamlakatimizdagi internet provayderlari bilan soxta shartnomalar tuzgan. Bir qancha mobil aloqalarning dileri bo`lish barobarida u ko`rsatilgan mobil aloqa xizmatlari uchun abonent shartnomalarini soxtalashtirish bilan ham shug`ullangan.

Biznes yaxshi boshlandi. Daromadlar miqdori ortib  bordi.  Ko`p o`tmay, ular uchun Samarqand torlik qilib, mamlakatning boshqa hududlariga ham “mo`ralay” boshlashdi. O`z faoliyatlarini kengaytirish uchun jinoyatchilar “O`zbekiston temir yo`llari” DATK xodimlari Davron Yakubov va Xayriddin Nasriddinovni ham jalb qilishdi. Ular poezdda Toshkentga kirib kelishlari bilan A.Abduraximov bilan bog`lanishar, uchinchi shaxslar yordamida “taqiqlangan tovar”larni  unga berib yuborishardi. Shu tariqa barcha texnikalar Samarqandga keltirilar, u erdan butun mamlakat bo`ylab tarqalardi. 

Bu noqonuniy faoliyat Farg`ona vodiysiga ham etib bordi. Jinoyatchilar o`z maqsadlarini amalga oshirish uchun Namangan shahrini tanlashdi. Aloqa xizmati uchun kerak bo`ladigan bu qurilmalarning uzoq Xorazm vohasida uzluksiz ishlashi uchun Timur Matrasulov javobgar edi. Nukusda jinoiy faoliyatni tashkil etish va yurgizishni  Aleksandr Pak o`z zimmasiga oldi. Buxoroi sharifda bu g`ayriqonuniy ish ota-bola Imomovlar chekiga tushgandi. 

2117 nafar soxta abonentlar va jinoiy guruh uchun jo`natilgan mablag`lar

Yana bir ayol – Mariya Xvan soxta abonent hujjatlarini tayyorlar, boshqacha aytganda “o`lik jonlar” uchun soxta ulanishlarni rasmiylashtirardi. Shu tarzda rasmiylashtirilgan sim-kartalar soni 2117  taga etgan.

E.Tirina ushbu sim-kartalardan noqonuniy ravishda foydalanish maqsadida Rossiyadan A.Chernesov hamda A.Markelov tomonidan yuborilgan mablag`ning bir qismiga  go`yoki ko`rsatilgan konsalting xizmatlari va foydalanilgan to`lovlarni amalga oshirgan. Shu tariqa A.Chernesov va Markelova guruhi hamda ularning yaqinlari nomidan jinoiy faoliyatni amalga oshirish maqsadida Western Union xalqaro pul o`tkazmalari tizimi orqali uyushgan jinoiy guruh a`zolari uchun  $548,580 miqdorida pul jo`natilgan.

Qo`shma korxona ham tuzoqqa tushgan

Bu jinoiy to`daga soxta hujjatlar tayyorlash va moliyaviy  nayranglarni o`rganib olgan Verbatim ilmiy-ishlab chiqarish va savdo korxonasi direktori Zafar Umarov va uning hisobchisi Liya Kogan ham kirib keldi. E.Tirinaning tavsiyasi ko`ra ular   internet tarmog`i a VPN IP – telefonya orqali  telekommunikasiya xizmatlari ko`rsatish yuzasidan  East Telekom MChJ qo`shma korxonasi bilan soxta shartnoma imzolashgan. Aslida East Telekom rahbariyatining bu ishga hech qanday roziligi bo`lmagan.

E.Tirina barcha xarajatlarni bankdagi hisobidan, ko`rsatilgan xizmatlar uchun esa, naqd pul bilan to`lashni kafolatlagan. Buning uchun homiylar unga Rossiyadan pul mablag`lari jo`natib turishar, bu pullar “qora bozor”da almashtirib olinardi. Keyin bu pullar Verbatim ilmiy-ishlab chiqarish va savdo korxonasi xizmatlari uchun naqd to`lovga, «Fortuna blagorodiya» MChJning bankdagi hisobini to`ldirishga sarflangan.

Tergov davomida jinoiy guruh a`zolari 15 ta firma orqali pullar naqdlashtirilgani  va soxta hujjatlar rasmiylashtirilgani ma`lum bo`ldi. 

Aybini tan olgan jinoyatchilar

Sud majlisi davomida jinoyatchilar o`z ayblarini tan olishdi va pushaymonlik bildirishdi. Odil sud uch nafar ayol - E.Tirina,  K.Basmanova va L.Koganga nisbatan insonparvarlik namunasini ko`rsatdi: Oliy Majlis Senatining “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining 23 yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`risida”gi  qaroriga asosan,  ularga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishi harakatdan to`xtatildi. Amnistiya aktiga asosan, Verbatim korxonasi direktori Z.Umarov eng kam oylik ish haqining 320 baravari miqdorida jarimaga tortildi. 

V.Dauze, A.Abduraximov, T.Matrasulov, ota-bola Imomovlar ham O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining bir qator moddalariga binoan aybdor deb topildi. Ularning har biri oylik ish haqining 20 foizini ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. 

Azamat Muhammedov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1