Xabar berilganidek, bugun, 30 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ettinchi yalpi majlisi o`z ishini boshladi.
Oliy Majlis Senatining o`n ettinchi yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to`g`risidagi axboroti eshitildi.
Ma`lumki, 2021 yil 12 martda Ichki ishlar vazirining 2020 yilda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to`g`risidagi axboroti yuzasidan Oliy Majlis Senatining Qarori qabul qilingan edi.
Mazkur Qarordagi barcha topshiriqlar muddatida bajarilishi ta`minlangan va bu haqda Ichki ishlar vazirligi tomonidan axborot kiritildi.
Ta`kidlanganidek, 2021 yil 6 oyi mobaynida respublikada jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta`minlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, 2021 yil 6 oyda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 833 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yo`qolgan 218 nafar shaxs topilgan. Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan mazkur davrda 15 434 ta jinoyat aniqlangan.
Qayd etish lozimki, ichki ishlar organlari xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 71,4 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, muayyan kamchiliklar, echimini kutayotgan muammolar va to`liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko`rsatmoqda.
Biroq o`tkazilgan o`rganishlar huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar etarli darajada olib borilmaganligi ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, echimini kutayotgan muammolar va to`liq foydalanilmagan imkoniyatlar mavjudligini ko`rsatdi.
Xususan, 2021 yil 6 oyida respublika miqyosida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o`rtacha 132 tadan to`g`ri kelgan. O`tgan yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan.
Ushbu ko`rsatkich Toshkent shahriga 383,3 tadan, Farg`ona viloyatiga 223,4 tadan, Toshkent viloyatiga 168,4 tadan, Sirdaryo viloyatiga 151,4 tadan to`g`ri kelib, respublika miqyosida salbiy ko`rsatkich qayd etilgan.
Oldi olinishi mumkin bo`lgan 217 ta qotillik, 4 137 ta tan jarohati etkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta o`g`rilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilishiga yo`l qo`yilgan.
Bundan tashqari, 6 mingga yaqin (5 837 nafar), ayniqsa, Andijon (1130), Toshkent (709), Farg`ona (602) viloyatlari va Toshkent shahrida (595) ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilib, joylarda aholining bandligini ta`minlash ishlari samarasiz tashkil etilganligidan dalolat beradi.
Oilalardagi notinchlik, nizolarning o`z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e`tiboridan chetda qolganligi oqibatida o`ta og`ir jinoyatlar sodir etilmoqda.
Jumladan, 2021 yil 6 oyida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati etkazish
bilan bog`liq jinoyatlardir.
Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o`z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 9 575 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya`ni 70 foizi Toshkent shahar, Toshkent, Farg`ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hissasiga to`g`ri keladi.
Og`ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to`liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2021 yilning birinchi yarim yilligida 3 236 nafar xotin-qiz tomonidan 1 163 ta jinoyat sodir etilgan.
Yoshlar bilan ishlashda hanuz ko`plab muammolar saqlanib qolayotganligi, ularni bartaraf etishga etarli darajada e`tibor qaratilmaganligi oqibatida 2021 yilning 6 oyida sodir etilgan jami jinoyatlarning 7 849 tasi aynan yoshlar tomonidan sodir etilgan. Jinoyatga qo`l urgan yoshlarning 3180 nafarining bandligi ta`minlanmagan, ta`lim bilan qamrab olinmagan yoshlar tashkil etgan.
Bundan tashqari, respublika hududida sodir etilgan yo`l transport hodisalarining oldini olish ishlari ham to`g`ri tashkil etilmagan. Mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bog`liq muammolar mavjud.
Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yo`l harakati qoidalarini ham takomillashtirish taqozo etiladi. Mazkur qoidalardagi ba`zi bandlarning o`rni almashtirib yuborilgani oqibatida tegishli bandlardagi havolalar mutlaqo boshqa bandlarga taalluqli bo`lib qolmoqda. Yo`l harakati qoidalari 2015 yilda tasdiqlangan bo`lsa-da, haydovchilar va haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish Davlat test markazining 2011 yil 29 iyuldagi qaroriga asosan ishlab chiqilgan va Ichki ishlar vazirining 2011 yil 23 fevraldagi buyrug`i bilan tasdiqlangan tartibga muvofiq qabul qilinmoqda. Test savollari imtihon biletlaridagi yo`l harakati qoidalariga zid yoki ma`naviy, texnik eskirgan.
Haydovchilar va haydovchilikka nomzodlardan amaliy imtihon olish uchun yaratilgan sharoitlar ham talabga javob bermaydi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi 990-sonli qarorida belgilangan Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda viloyatlarda zamonaviy o`quv avtodromlarini qurish vazifasi shu kunga qadar bironta hududda bajarilmagan. Buning natijasida esa sifatsiz ta`lim olgan haydovchilar tomonidan yo`l-transport hodisalari sodir etilmoqda.
Bundan tashqari, avtomobil yo`llarida yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlash yuzasidan ta`sirchan nazorat to`liq va samarali o`rnatilmaganligi sababli Respublika bo`yicha 2021 yilning o`tgan 6 oyi davomida jami 3,5 millionga yaqin, 2020 yilga nisbatan 40,8 foizga ko`p yo`l harakati qoidabuzarligi sodir etilgan. Natijada 3754 ta yo`l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 3170 nafar fuqaro jarohatlangan va 954 nafar fuqaro halok bo`lgan. Eng achinarlisi, ushbu YTXHlarda 458 nafar bola jarohatlangan va 104 nafar voyaga etmagan bola halok bo`lgan.
Ushbu raqamlarni 2020 yilning olti oyi bilan solishtiradigan bo`lsak, jami yo`l-transport xodisalar soni 57,2 foizga, ulardan halok bo`lganlar 30,5 foizga, jarohatlanganlar esa 38,1 foizga ortib ketgan.
Bolalar bilan bog`liq yo`l-transport hodisalari esa 2020 yilning olti oyiga nisbatan 40,8 foiz, jarohatlanganlar 44,9 foiz, halok bo`lganlar esa 33,3 foizga ortib ketgan.
Bundan tashqari, yo`l-patrul xizmati xodimlarining yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlari ham talab darajasida emas. Ayrim xodimlarning esa bilim saviyasi va huquqiy madaniyati bugungi kun talablariga javob bermaydi. Oqibatda, fuqarolarning jiddiy e`tirozlari kun sayin ortib bormoqda.
Majlisda senatorlar tomonidan aholi o`rtasida jinoyatchilikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta`minlash masalalariga ham e`tibor qaratildi.
Mazkur masalalar yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.