Xabar qilganimizdek, Oliy Majlis Senatining o`n ettinchi yalpi majlisi o`z ishini yakunladi. Unda 19 ta masala muhokama qilindi. Shuningdek, muhokama qilingan masalalardan biri Ekologiya yuzasidan bo`ldi.
Unda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasining davlat o`rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.
Shu o`rinda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi vakilining axboroti davomida bir qator takliflar bildirilgan.
– Hududlarda ekologiya xodimlari faol ishlashi kerak. Joylardagi daraxtlarning chang bosib yotishi tufayli, etarli e`tibor berilmayotganidan qurib qolishi tabiiy. Ayniqsa, tomchilatib sug`orish bo`yicha aniq ish olib borish maqsadga muvofiq. Umuman olganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi bu borada boshqa davlatlarning tajribasini o`rganishi lozim. Boisi, suv tanqisligi faqat O`zbekistonda emas-ku. Qanday qilib boshqa davlatlar mavjud imkoniyatlardan foydalanyapti? Lekin ularda hamma joy ko`m-ko`k. Ular daraxtlarga shikast etkazilsa, fojeadek qabul qilishadi. Bizda esa bu oddiygina holatdek bo`lib ketyapti. Odamlar jarima to`lab, yana daraxt kesish davom ettiryapti. Shuning uchun Qo`mitaning mazkur yo`nalishdagi yangi takliflari davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanyapti. Bu ishlarni uzoqqa cho`zish kerak emas. Chunki bir daraxtni ekib, katta qilguncha bitta avlod ulg`ayadi. U o`zidan qachon kislorod chiqartirib, atrofga soya-salqinlik berganiga qadar ko`p vaqt o`tadi.
Daraxtlar ayovsiz kesilishi davom etar ekan, tizimda shaffoflik ta`minlanmas ekan, hududlarning obodligi va odamlarni rozi qilish haqida gap ham bo`lishi mumkin emas. Shu bois, mutasaddi vazirlik-idoralar, hududiy tuzilmalardan mazkur masalalarda javobgarlikni keskin kuchaytirish, jazo muqarrarligini ta`minlash talab etiladi. Shuningdek, daraxtlar muhofazasi borasida hamma uchun tushunarli va ochiq bo`lgan yaxlit tizim yaratish bo`yicha ishlarni qayta ko`rib chiqish kerak. Bunda raqamlashtirish masalasiga ham alohida e`tibor berish lozim.