1

Yuragimda saqlaganlarim: Taqdirning hukmiga bo`ysundim

Mutolaa 28.03.2016, 14:46
Yuragimda saqlaganlarim: Taqdirning hukmiga bo`ysundim

Mening ismim Xafiza. Yoshim oltmishdan oshgan. “Darakchi”ning “Sizda gapim bor” sahifasining doimiy o`quvchisiman. Bugun yurak yutib, o`zimning ham yuragimda saqlab yurganlarimni Sizga ilingim keldi. Qilgan ishlarim uchun kimdir meni qoralashi, kimdir to`g`ri tushunishi mumkin. Lekin nima bo`lganda ham xato qilganimni endigina anglab etdim.

Bolalikdan mehnat qilib voyaga etdim. Ota-onam ham, kelin bo`lib tushgan xonadonimdagilar ham dehqonchilik bilan shug`illanishardi. Shu bois ham kelinlarimning  mehnatkash bo`lishlarini talab qildim. Avvaliga kattam, keyin kichik kelinim xonadonimga tushgan kundan dala ishlarida yordam berishdi. Kattasining ikki farzandi bor, ular tinchib ketishgan. Hamma gap ikkinchi kelinimda.

Kenja o`g`limni uylantirishda rosa kelin axtardim. Akasi men topgan qizga uylangani bois Ilhomjon ham shunday qiladi, deb o`ylabman. Lekin uch oy ter to`kib topgan qizlarimning barini rad etavergach, bu safar boshqacharoq ish tutish keraklini tushundim. O`g`limni anchadan buyon uchrashib, gaplashib yuradigan qizi bor ekan. Tag-tugini surishtirsam, bizdan ko`ra o`ziga to`qroq oilaning farzandi ekan. Avvaliga sira unamadi. 

—  Qo`y, o`g`lim. Teng tengi bilan degan gaplar bor.

—  Onajon axir undan boshqasi kerak emas.

O`g`limning qaysarligi meni engdi. Qolaversa, dadasi ham “O`zini aytganini olib bersang-chi. O`g`ling yashaydi-ku kelin bilan sen emas”, deb qo`ymadi. Ha ana bo`lgani bo`ldi deb, sovchilikka ham bordim. Quda tomon shinavandagina ekan uzoq ovora qilmay, ikkinchi borganimizning o`zida oq o`rashdi. 

Kelinimni to`ydan keyin ko`rdim. Qizi tushmagur ancha chiroyli, qo`l-oyog`i chaqqongina ekan. Ertalabdan kechgacha qirt-qirt qilib hali u yog`ni hali bu yog`ni tozalab chiqardi. Yoz kunlari dalaning ishlaridan bo`shamasdi. Shu zaylda bir yil vaqt ham o`tdi. Lekin farzand bo`lmadi. Qarasam, endi shifokorlarga ko`rsatishga to`g`ri kelayapti. Yaxshi-yaxshi doktorlarga olib bordim, hatto o`g`limni ham tekshirtirdik. Biror jiddiy sabab ko`rsatishmadi. 

“Biroz kutinglar, farzand bo`lishiga halal beradigan jiddiy sabablar ko`rinmayapti”, deyishdi. Mayli, vaqt kerak bo`lsa, shuncha kutgan yana biroz kutamiz dedim. Lekin borgan sayin ko`nglimda bir narsa g`alayon qilardi. Nahotki, o`g`lim farzandsiz o`tsa, degan xavotir bilan yashay boshladim. Bir-ikki Ilhomjonni yonimga chaqirib gapirdim ham.

— Menga qara, bola bo`lmasa ham yashayveraman degan xayolni miyangdan chiqar. Qani, yana biroz yura tursin-chi, keyin javobini berib yuboramiz. 

— Oyijon nimalar deyapsiz, oilani shunday buzib ketaveradimi, axir menga boshqasining nima keragi bor.

—  Oila deysanmi, qanaqa oila? O`rtada farzand bo`lmasa, oila bo`ladimi.

Bora-bora kelinimga ham munosabatim o`zgara boshladi. Shu kungacha mushugina pisht demay kelgandim. Endi u ham meni ko`rsa, o`zini panaga oladigan bo`ldi. O`zini ancha oldirib qo`ygandi, o`shanda sezmagan ekanman, mana endi-endi bilinayapti. Yig`layverib, siqilaverib ado bo`lgan ekan-da. 

Bir kuni kechki ovqatga dasturxon tuzalib , hamma yig`ilgach, Ilhomjon gap boshlab qoldi.

—  Bilasizlarmi, biz Nazira ikkimiz kelishgan holda bola asrab olishga qaror qildik. 

Ko`zlarimning olovi chiqib ketdi. Xuddi birov qattiq tahqirlagandek his etdim o`zimni. 

— Hoy bola, hali bizdan bemaslahat ish pishitadigan bo`lib qoldizmi? Bola asrab olishni umuman xayolingdan chiqarib tashla. Xotining tug`masligi seni bola ko`rolmaysan degani emas-ku. Bu bilan ajrash, qo`y, — hali gapimni tugatib bo`lmasimdan kelinim o`rnidan turdi-yu, xonasiga yugurib kirib ketdi. 

  Xo`jayinim esa sira qo`ymadi.

  — Ba`zilar bola asrab olishgach, o`zimizniki  ham bo`ladi deyishadi. Ularni ko`nglini yarim qilma xotin. Imkon bergin. 

—  Axir...

—  Qo`y axir-paxirini. Bu ularning tanlovi, qani bir harakat qilib ko`rishsin-chi.

Ichim uzilib-uzilib rozi bo`ldim. Avvallari kimnidir bola asrab olibdi deb eshitsam, rosa achinardim. Endi o`sha kunlar o`zimning boshimga tushdi. 

  Elib-yugurishib mehribonlik uyidan bir bola olib kelishdi. Chamamda besh-olti oylik chaqaloq. Tumshuq qovog`i ochilmaydigan kelinim, tirjayib qoldi. Ilhomjon ham ishdan kela-solib, uyiga kirib ketardi.

- Bir yil sabr-toqat bilan kutdim. O`zlariniki bo`lib qolar degan umid bor edi. Lekin vaqt o`tishi bilan u ham asta-sekin so`na boshladi. Bu orada o`g`lim uzoq muddatli xizmat safariga jo`nab ketdi. Uyda qaynona-kelin yolg`iz qoldik. Bilmadim, o`zi to`lib turgan ekanmanmi, yoki o`g`lim yo`g`ligidan foydalanib qolmoqchi bo`ldimmi, kelinni yonimga chaqirdim.Hovli chetidagi supada o`tirib jiddiy masalada gap boshladim. 

— Menga qarang, Nazira mana bu xonadonga kelin bo`lib tushganingizga ham yaqinda to`rt yil bo`ladi. Lekin ko`rib turibsiz, haligacha o`rtangizda farzand yo`q.

—  Unday demang oyijon, Farzona bor-ku.

—  U etimxonaning bolasi, sizniki yo o`g`limniki emas. Men farzandimdan zurriyod qolishini istayman. Kutib o`tiraversak, uning umri o`tib ketayapti-ku. Endi asta yo`l bering. Qizingiz bilan yashayverasiz. 

Bu suhbatdan keyin kelinim buyumlarini yig`ishtirdi-yu, uydan chiqib ketdi. Uydagilarga esa o`z xohishi bilan ketdi deb qutuldim. O`g`limning qatnayverib esi ketdi, lekin qurmag`ur juda mustahkam ekan, kelmadi. Men esa vaziyatdan unumli foydalanib, o`g`limni qayta uylantirdim. Orzu-umidlarim yana kurtaklay boshladi. Bir etak nabiram bo`ladi, degan xayoldan orziqib ketardim. 

Vaqt o`tib borar lekin hech qanday yangilik yo`q edi. Ikki yildan ortiqroq kutdik. Lekin...

Shundan so`ng kelinim o`zi ortiq kutish befoyda ekanin aytib, onasinikiga jo`nab ketdi. Ichimda shunday kuchli g`alayon kechardiki, hatto o`zim ham nima bo`layotganiga tushunmasdim. Zinapoyada cho`kka tushib o`tirsam, ko`chada birov chaqirib qoldi.

—  Ilhomjon!

—  Ha keling, Assalomalekum! — Mahallamiz raisi ekan.

—  Vaalaykum assalom.

—  Kiring, marhamat o`tiring.

—  Uydagilar, Tolibjon, bolalar, nevaralar yaxshi yurishibdimi?

—  Rahmat, Xudoga shukur!

—  Siz o`tira turing, men bir piyola choy...

—  Yo`g`-yo`g`, o`tiring. Hech narsaga ovora bo`lmang, ikki og`iz gapim bor aytaman-u, ketaman. Ilhomjon ishdamidi?

—  Ha ishga ketgandi.Tinchlikmi?

—  Ha, bu keliningiz yaxshi yuribdimi?

—  Ey nimasini aytasiz, uch-to`rt kun bo`ldi. Onasinikiga ketdi. O`rtalarida farzand bo`lmagach...

—  Ha, Naziraxondan ham xabar olib turibsizlarmi? Qizchasi ham katta bo`lib qolgandir.

—  Qayoqda deysiz, odam o`zidan ortmayapti-ku.

—  Uzun quloq gaplarga qaraganda, O`g`lingiz hali ham u bilan uchrashib turarmish. 

—  Nima? — kutilmagan bu gapdan dovdirab qoldim. Shunda kimdir gurzi bilan boshimga qattiq urgandek bo`ldi. Qo`zlarimni oldi yorishib, bir seskanib tushdim. Nimagadir Nazirani haydab xato qilganman, deb o`ylab qoldim. Oqsoqol qachon gapini tugatib, qanday chiqib ketganini sezmay ham qolibman. Qanday qarorga kelishni bilmay qoldim. Oxir-oqibat taqdirning hukmiga bo`ysunishga majbur bo`ldim. O`rnimdan turib, Naziralarning uyi tomon yo`l oldim. Axir asrab olishgan bo`lsa ham farzandlari bor-ku, degan xayol ko`nglimga taskin berardi. 

Darvozani ochib, sekin mo`ralasam, hovlida uch yoshlar chamasi qizcha o`ynab yuribdi. Uni tanidim, Farzona, mening nabiram. Yoniga sekin yurib bordim-da, asta bag`rimga bosdim. Chaqaloqligida ko`tarmaganim uchun bilmagan ekanman, hidi biram shirin ekan-ki.Uydan yugurib chiqib kelayotgan Nazira meni ko`rib turgan joyida qotib qoldi. 

—  Ha kelin, nega turibsiz. Ko`rishmaysizmi?

—  Voy oyijon uzr, — yugurib kelib bag`rimga o`zini otdi. Uning mehri sezib qilgan barcha xatolarimni tushunib etdim.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1