Kun.uz muxbiri xabar berishicha, prezident saylovida Ekopartiya tomonidan partiya markaziy kengashi ijroiya qo`mitasi raisi Narzulla Oblomurodov nomzod sifatida qatnashadi. Navbatdan tashqari plenumda Narzulla Oblomurodov ham so`zga chiqdi.
Plenumda Ekopartiya saylovda o`z elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda munosib ishtirok etishi ta`kidlandi. Shuningdek, Ekopartiyaning saylovoldi platformasidagi quyidagi asosiy yo`nalishlar ma`lum qilindi:
- ekologik xavfsizlikni ta`minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish;
- atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi uchun qulay yashash sharoitlar yaratish;
- iqlim o`zgarishlariga moslashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo`yi hududini yanada rivojlantirish;
- davlat va jamiyat boshqaruvi, sud-huquq tizimida islohotlar samaradorligini oshirish;
- sog`liqni saqlash, ta`lim, ilm-fan va madaniy-ma`rifiy sohalarni yanada rivojlantirish;
- tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Ma`lumot uchun, Ekopartiya 2021 yilgi O`zbekiston prezidenti saylovida birinchi bo`lib o`z nomzodini ko`satdi. Saylov 24 oktyabr kuni o`tkaziladi. Unda faqat siyosiy partiyalar o`z nomzodini ko`rsata oladi.






