O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 5-6 avgust kunlari Turkmanistondagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo`lib o`tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida ishtirok etadi.
Turkmaniston Prezidenti raisligida o`tadigan tadbirda Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Qirg`iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashadi.
Davlat rahbarlari 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o`tgan Maslahat uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi natijalarini ko`rib chiqadilar.
Kun tartibiga mintaqada barqaror va izchil taraqqiyotni ta`minlash, savdoni rivojlantirish, energetika sohasida sheriklik uchun qulay sharoitlar yaratish, transport-kommunikasiya sohasida hamkorlikni kengaytirish, pandemiyaga qarshi kurashish borasidagi sa`y-harakatlarni birlashtirish va boshqa masalalar ham kiritilgan.
O`zbekiston Prezidenti o`z nutqida do`stlik va yaxshi qo`shnichilik, o`zaro ishonch va ko`mak munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surishi, uzoq muddatli umumiy manfaatlarga asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbolli yo`nalishlarini bayon qilishi kutilmoqda.
Sammit yakunida muhim ko`p tomonlama hujjatlar, shu jumladan davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti qabul qilinadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazishi ham rejalashtirilgan.
Maslahat uchrashuvining dasturi doirasida Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqoti va mintaqa Iqtisodiy forumi, milliy mahsulotlar ko`rgazmasi, milliy taomlar festivali hamda san`at ustalarining tantanali konserti o`tkazilishi mo`ljallangan.
Ta`kidlash joiz, maslahat uchrashuvlarini o`tkazish tashabbusi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Davlat rahbarlarining birinchi sammiti 2018 yil mart oyida Qozog`istonning poytaxti Nur-Sultonda, ikkinchisi esa 2019 yil noyabr oyida Toshkent shahrida o`tdi.