Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o`rinbosari – tashqi ishlar vaziri R.Meredov bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Kun tartibi doirasida ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarning bugungi holati tahlil etildi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning yangi istiqbolli yo`nalishlari ko`rib chiqildi.
Tomonlar qo`yilgan vazifalarni tezkorlik bilan hal etish hamda ikki mamlakat o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni izchil kengaytirish uchun konstruktiv muloqotni rivojlantirish maqsadga muvofiqligini ta`kidladilar.
Turkmanistonda bo`lib o`tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 3-Maslahat uchrashuviga tayyorgarlikning borishi ko`rib chiqildi. Ushbu tadbir mintaqaning barqaror rivojlanishiga qaratilgan muhim va keskin rivojlanishga qaratilgan kelishuvlarga erishish uchun platforma bo`lishga mo`ljallangani alohida ta`kidlandi.
Ikki mamlakat o`zaro hamkorlik qilishining yuksak salohiyatini hisobga olgan holda, tomonlar savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik bo`yicha O`zbekiston va Turkmaniston Hukumatlararo komissiyasining yaqin kelajakda o`tkazilishi rejalashtirilgan yig`ilishining dolzarbligini qayd etdilar.
Shu nuqtai nazardan, mavjud masalalar ustida ishlash hamda investisiyalar, sanoat, qishloq xo`jaligi, savdo, transport, moliyaviy va mintaqalararo hamkorlik, ilm-fan, ta`lim va madaniyat sohalarida tegishli kelishuvlar tayyorlanishini maromiga etkazish maqsadida ayrim yo`nalishlar bo`yicha ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlari darajasida videokonferensiya orqali ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarning boshqa masalalari bo`yicha muhim kelishuvlarga erishildi va ularni amalga oshirishga doir o`zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish yo`llari belgilab olindi.






