Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbaeva Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqotining navbatdagi majlisida mazkur forum mamlakatlarimizning yutuqlari, gender tenglikni ta`minlash bo`yicha kelgusidagi rejalari haqida axborot almashish va umumiy manfaatlarimizga javob beradigan hamkorlikning barcha sohalarida xotin-qizlar o`rtasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta`kidladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, bu yil Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligiga 30 yil to`lishi, ushbu davr mobaynida barqaror taraqqiyotni ta`minlash va milliy davlatchilikni mustahkamlash uchun keng ko`lamli siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi.
Qonunchilik va institusional asoslarni yaratish hamda mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali gender tenglikni ta`minlash borasida ham juda katta ishlar amalga oshirildi.
Senat raisi muloqotning barcha ishtirokchilari tomonidan yaratilayotgan poydevor davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhit muhofazasi, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, ta`lim, ilm-fan, san`at va umuman, gender tenglikni ta`minlash sohalarida Markaziy Osiyo xotin-qizlari o`rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishini ta`kidladi.
Shuningdek, O`zbekiston Markaziy Osiyo etakchi ayollari muloqotidagi raisligi doirasida o`zaro hamkorlik mexanizmini mintaqada xotin-qizlar o`rtasidagi har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi, sifatli maslahatlashuvlar platformasiga aylantirish uchun barcha sa`y-harakatlarini ishga solmoqchi ekani bildirdi.
Parlamentning yuqori palatasi rahbari Muloqotning 2021 yilga mo`ljallangan Harakatlar rejasi, shuningdek, Barqaror rivojlanish sohasida tadbirkor xotin-qizlar o`rtasidagi hamkorlik “Yo`l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning asosiy yo`nalishlariga urg`u berdi.
Forum yakunlari bo`yicha Deklarasiya qabul qilindi. Ushbu hujjatda xotin-qizlar hayoti va faoliyatining barcha sohalardagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirish nazarda tutilgan.