Bugun, 11 avgust kuni keng jamoatchilik va OAV vakillari ishtirokida ISO 9001 «Sifat menejmenti tizimi» xalqaro standarti sertifikatini Adliya vazirligiga topshirish tadbiri bo`lib o`tdi.
Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi ma`lum qildi.
Sifat standarti bo`yicha xalqaro sertifikat olindi. O`zi u nima beradi? Tadbir davomida mana shu kabi masalalar haqida aytib o`tilgan.
Ma`lum bo`lishicha, ISO 9001 standarti asosan boshqarish mexanizmidir. Ushbu standartning maqsadi – xatolar va nuqsonlarni kamaytirish, yo`q qilish va oldini olishdan iboratdir. Standart mahsulot va xizmatlarning sifati bilan emas, balki boshqaruv tizimining sifatiga bevosita bog`liqdir.
Shunga ko`ra, Adliya vazirligi tomonidan o`z faoliyatiga xalqaro standartlarni joriy qilish bo`yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, muqaddam Adliya vazirligi O`zbekistonda davlat boshqaruv organlari orasida birinchi bo`lib Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi bo`yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qo`lga kiritgan edi.
Ushbu sertifikatni qo`lga kiritish uchun Adliya vazirligida qanday ishlar amalga oshirildi?
Birinchidan, Adliya vazirligining ish faoliyati jarayonlari va ularning natijasini baholash mezonlari ishlab chiqildi. Unga ko`ra, har yarim yillik yakuni bo`yicha vazirlik ish faoliyati jarayonlari va ularning natijalari oldindan belgilangan mezonlarga ko`ra baholab boriladi.
Ikkinchidan, barcha yo`nalishlar bo`yicha erishilishi lozim bo`lgan ko`rsatkichlar belgilab olindi. Mazkur ko`rsatkichlarga erishilishi holati har hisobot davrida monitoring qilib boriladi.
Uchinchidan, Adliya vazirligining ish faoliyatini amalga oshirishda tashqi va ichki imkoniyatlar va xavf-xatarlar, manfaatdor tomonlar va ularni talablari aniqlashtirish bo`yicha tahlil o`tkazilib, faoliya sifatiga ta`sir qiluvchi xavf-xatarlarni kamaytirish va sifatni yanada oshirish bo`yicha ish rejalar ishlab chiqildi. Bunda, ish faoliyat har hisobot davrida auditdan o`tkazilib, sifatga ta`sir qiluvchi omillar bartaraf qilib boriladi.
To`rtinchidan, an`anaviy tarzda hisobotdagi ko`rsatkichlarni miqdoridan kelib chiqib baholashdan voz kechilib, har bir soha bo`yicha alohida maqsadli mezonlar belgilab olindi va ushbu mezonlarni etishilganligiga qarab baholash tizimi joriy qilindi.
Eslatib o`tamiz, bugungi kunda 170 dan ortiq mamlakatdagi 1 milliondan ortiq firma va tashkilotlar ushbu sertifikatga ega bo`lgan.