AsosiyJamiyat

Tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish Shtabiga 16 ta sohadagi 14643 ta murojaat kelib tushgan

'Tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish Shtabiga 16 ta sohadagi 14643 ta murojaat kelib tushgan'ning rasmi

Tadbirkorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo`yicha tashkil etilgan Shtabga kelib tushgan murajaatlarning 78 foizdan ortig`i hal etilgan. Bu haqda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati rahbari Gulshan Botirova AOKAda o`tkazilgan brifing ma`lum qildi.

Ma`lum qilinishicha, tadbirkorlar qulayligi uchun barcha tegishli vazirlik va idoralarning mutaxassislari jalb etilib, dam olish kunlarisiz kunu-tun faoliyat ko`rsatuvchi “koll-markaz”lar ishga tushirilgan edi. Murojaatlar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali qabul qilindi.

Buning uchun barcha vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruhlar faoliyati yo`lga quyildi. Har bir tashkilotdan 3 nafar malakali xodimlar Respublika “Shtabi”ga biriktirildi. 

Xuddi shuningdek, joylardagi hududlarda ham Shtablar tashkil etilib, har bir tadbirkorning murojaati alohida o`rganilmoqda.

Kelib tushgan murojaatlar bo`yicha Ishchi guruhlar tadbirkorlar bilan bog`lanib, individual harakterga ega bo`lgan masalalarni hal etish choralari ko`rilmoqda.

Bundan tashqari, Prezidentimizning tadbirkorlar va investorlar bilan bo`lajak ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko`rish hamda iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va biznes muhitini yaxshilash masalalariga oid dolzarb tendensiyalarni muhokama qilish maqsadida ekspertlar hamjamiyati bilan alohida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Munozara chog`ida davlat boshqaruvi, soliq va bojxona ma`murchiligi tizimlari samaradorligini oshirish, davlat korxonalari va bank sektorini xususiylashtirish, tadbirkorlar va investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash, ularni moliyaviy qo`llab-quvvatlashning yangi vositalarini yaratish va boshqa muhim masalalar alohida o`rin oldi.

Shtab faoliyati davomida 14643 ta murojaat kelib tushgan. Ularning barchasi 16 ta sohaga bo`lingan.

Tadbirkorlarimizni qiziqtirgan top-5 ta masalaga e`tibor qaratidigan bo`lsak, bular:

1. Biznesni moliyalashtirish, kreditlash va subsidiyalar bo`yicha – 6 304 ta murojaat;

2. Er ajratish masalalari bo`yicha – 2 701 ta;

3. Biznesni boshlash bo`yicha g`oyalar – 556 ta;

4. Xususiy mulkni himoya qilish bo`yicha – 473 ta;

5. Muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi bo`yicha – 419 ta

Hamda belgilangan kategoriyalarga tushmaydigan 2 412 ta murojaalar kelib tushgan.

Murojaatlarning aksariyati Toshkent shahar, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Farg`ona viloyatlaridan kelib tushgan.

1. Toshkent shahardan – 1 564 ta;

2. Surxondaryo viloyatidan – 1395 ta;

3. Toshkent viloyatidan – 1357 ta;

4. Qashqadaryo viloyatidan – 1 288 ta

5. Farg`ona viloyatidan – 1250 ta

Ayni damda kelib tushgan murajaatlarning 78 foizdan ortig`i hal etilgan.

Hozirda Shtab tomonidan murojaatlarni qabul qilish jarayonlari to`xtatilib, tahliliy guruh tomonidan kelib tushgan masalarni tizimlashtirish va tasniflash hamda aniqlangan muammolar echimini ishlab chiqish ustida ishlar olib borilmoqda.

Boshqa yangiliklar