Prezident eng katta muammolardan biri sifatida tijorat banklaridagi kredit foizlarining yuqoriligi, pul o`tkazib berilishidagi kechikishlar, asosiy kredit muddatlarining uch yildan oshmasligi kabi oqsoqliklarni keltirib o`tdi.
Bu bo`yicha kechiktirib bo`lmaydigan choralar ko`rilishi kerakligini ta`kidlab, “5 yildan beri davlat banklariga pul berib yotibmiz, ular esa uxlab o`tiradi. Raqobat yo`q! Shahar va tumanlaridagi banklar “mudrab o`tiribdi”, - dedi.
Shuningdek, Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish bo`yicha muhim yo`nalishlarni ko`rsatib o`tdi.
– Men sizlar tomoningizdan ko`tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to`la xabardorman.
Bugunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo`nalish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.
Birinchi yo`nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog`liq.
Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko`plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.
Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.
Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam o`sishi hisobiga qo`shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.
Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og`ir yuk bo`lib turganini ko`rsatmoqda.
Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo`yicha kechiktirib bo`lmaydigan choralarni ko`rishimiz talab etiladi.
Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo`yicha qo`shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasidan bozor tamoyillari asosida qo`shimcha 600 million dollar ajratiladi.
Bu mablag`lar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.
Ikkinchidan, yuqoridagi mablag`larni jalb qilmoqchi bo`lgan bankning o`zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo`shimcha resurslar jalb qiladi.
Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so`mlik milliy valyutada evrobondlar chiqariladi.
Shuningdek, O`zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo`lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz.
Bu ham, o`z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo`lgan sog`lom raqobat paydo bo`ladi.
Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat`iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – so`mda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo`lga qo`yiladi.
Valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o`z murojaatlarida ko`targanlar.
Shu bois, Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.
Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag`larni so`mga o`girib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.
Lo`nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki evro kursining oshishi tadbirkorga qo`shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi.
To`rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag`lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.
Beshinchidan, joriy yil 1 oktyabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o`rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o`tkazib beriladi.
Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o`rtacha 30-40 trillion so`mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo`shimcha resurslar shakllanadi.
Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo`ladilar.
Men o`ylaymanki, bu yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga katta turtki beradi.