AQSh prezidenti Donald Trampning fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin "olov bilan o‘ynayapti". Bu haqda Oq uy rahbari ijtimoiy tarmoqda e’lon qildi.
“Vladimir Putin tushunmayotgan narsa shuki, agar men bo‘lmaganimda, hozir Rossiya bilan juda ko‘p yomon voqealar sodir bo‘lar edi, haqiqatda yomon narsalar”, deb yozdi Tramp tafsilotlarga to‘xtalmasdan.
“U olov bilan o‘ynayapti!”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh prezidenti.
M’lumot uchun, Rossiya Ukraina shaharlariga raketa va dronlar bilan ommaviy zarbalar berganidan keyin 12 kishi halok bo‘lgach, Tramp Putinni keskin tanqid qilgan edi.
“U butunlay aqldan ozgan! U zaruratsiz juda ko‘p odamlarni o‘ldiryapti va men shunchaki askarlar haqida gapirmayapman. Ukraina shaharlariga hech qanday sababsiz raketalar va dronlar uchirilmoqda”, — deya yozdi Tramp Putin haqida.
Kreml bu tanqidni “hissiy yuklama ta’siri” ostida yozilgan, deb hisobladi.