Iqtisodiyot va tinchlik instituti tomonidan e’lon qilingan yillik Global Peace Index (GPI) reytingida O‘zbekiston 163 davlat orasida 60-o‘rinni egalladi.
Global Peace Index (GPI) har yili bir marta tuziladi. GPI 163 ta mustaqil davlat va hududlarni ularning tinchlik darajasiga ko‘ra baholaydi, bu orqali dunyo aholisining 99,7 foizi qamrab olinadi.
Indeks 23 ta sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarga asoslanadi va uchta asosiy yo‘nalishni o‘z ichiga oladi:
- jamiyat xavfsizligi va xavfsizlik darajasi;
- ichki va xalqaro mojarolar mavjudligi;
- harbiylashtirish darajasi.
Reyting 1 dan 5 gacha bo‘lgan shkala bo‘yicha tuziladi, pastroq ball esa tinchroq va xavfsizroq mamlakatni ko‘rsatadi. O‘zbekiston 1,96 ball bilanreytingning birinchi yarmidan joy oldi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida
- Qozog‘iston 59-o‘rinda,
- Tojikiston 72-o‘rinda,
- Qirg‘iziston 78-o‘rinda,
- Turkmaniston 83-o‘rinda qayd etildi.
Reytingning eng yuqori uchta o‘rnini Islandiya, Irlandiya va Avstriya band etdi. Bu davlatlar xavfsizlikning yuqori darajasi, jinoyatchilik darajasining pastligi, xalqaro va ichki qarama-qarshiliklarning yo‘qligi, barqaror boshqaruv institutlari bilan ajralib turadi. Islandiya ushbu reytingda 2008 yildan beri uzluksiz ravishda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Eng quyi 3 ta pog‘onadan esa Janubiy Sudan, Sudan, Yaman o‘rin oldi. Ukraina va Rossiya mos ravishda 159- va 156-o‘rinlarni egallab, dunyodagi xavfli davlatlar qatoriga kirdi.
Hisobotga ko‘ra, 2024 yilda butun dunyoda tinchlikning global darajasi yomonlashdi, o‘rtacha ko‘rsatkich 0,56 foizga pasaygan. Reyting mualliflari geosiyosiy keskinlikning o‘sishi, harbiy texnologiyalarning rivojlanishi, qurolli to‘qnashuvlar, shuningdek, ichki siyosiy va iqtisodiy inqirozlar bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashuvini 97 ta davlatda qayd etgan.