Emlanganlik to`g`risidagi sertifikatlarni qaysi davlatlar tan oladi? Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a`zosi Nurmat Otabekov AOKAda bo`lib o`tgan brifingda shu kabi dolzarb savollarga javob berdi.
"Emlanganlik to`g`risidagi sertifikatlarni tan olish masalasi O`zbekiston va qabul qiluvchi davlatlar o`rtasida emlanganlik to`g`risidagi sertifikatlarni tan olish to`g`risida memorandium imzolanganligiga bog`liq.Tashqi ishlar vazirligi, xorijiy davlatlardagi elchixonalar, konsullik byurolari ishtirokida bu kabi memorandumlarni imzolash masalalari bo`yicha tegishli harakatlar boshlangan.", dedi Nurmat Otabekov.
Shuningdek u koronavirus bilan bog`liq masalalarda yolg`on ma`lumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik borligini ham ta`kidlab o`tdi.
"Jinoyat kodeksining 244(5) moddasiga muvofiq, "Karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlarni tarqatish” uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobarigacha jarimaga tortish jazosi, 300 soat majburiy jamoat ishi, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
Ushbu ma`lumotni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko`paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek Internet butunjahon axborot tarmog`i orqali tarqatish esa bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobaridan, 400 barobarigacha jarimaga tortish jazosi, 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishi, 2 yildan 5 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo`llanilishi mumkin.", dedi Otabekov.






