Erkin, yunon-rum va ayollar kurashi: O`zbekistonlik sportchilar Jahon Chempionatida medallar uchun kurashmoqda. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.
Shu kunlarda Rossiyaning Ufa shahri erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo`yicha yoshlar o`rtasida Jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Bugun yunon-rum kurashi musobaqalariga start berildi.
Quvonarlisi, -55 kg vazn toifasida hamyurtimiz Alimardon Abdullaev finalga chiqdi. U 1/8 finalda qirg`izistonlik Akyikat Kuljigit uluni 5-1, chorak finalda ruminiyalik Denis Florinni 8-0, yarim finalda tojikistonlik Aslamjon Azizovni 8-3 hisobida mag`lub etdi. U ertaga Jahon chempionligi uchun eronlik Amirrizo Dehbozorgiga qarshi gilamga chiqadi.
Yana bir kurashchimiz Shahriyor Jo`raboev esa bronza medali yo`lida o`tish bahsida ishtirok etadi. -87 kg vazndagi polvonimizning raqibi xorvatiyalik Kristian Lukach bo`ladi. Ushbu juftlik g`olibi turkiyalik Tansel Ortuchuga qarshi bahs olib boradi.