Bugun Tokio shahridagi “Sportchilar shaharchasi”da O`zbekiston bayrog`i ko`tarildi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
“Tokio-2020” o`yinlarining tashkiliy qo`mitasi Xalqaro paralimpiya qo`mitasi ma`lumotiga tayangan holda xabar berishicha, bundan ancha muddat oldin Shimoliy Koreya davlati Tokio olimpiadasi tizimidagi musobaqalarda qatnashmasligini ma`lum qilgan edi. Bir qator davlatlar esa yana ikki kundan so`ng tantanali ochilish marosimi tashkil etiladigan XVI paralimpiya o`yinlarida epidemiologik vaziyat sababli ishtirok eta olmasligi bo`yicha bayonot berdi. Kecha Tinch okeani muzofotida joylashgan Samoa, Kiribati, Tongo va Vanuato davlatlari koronavirus kasalligining Okeaniya mintaqasida keng yoyilishi va mintaqadagi karantin cheklovlari sababli paralimpiya o`yinlariga o`z vakillarini yubora olmasligini ma`lum qildi.
Shu o`rinda aytish lozimki, Afg`onistondagi siyosiy vaziyatning beqarorligi sababli ushbu mamlakat paralimpiyachilari ham kunchiqar yurtda o`tkaziladigan bahslarda ishtirok etmolmasligini bildirgandi.
“Tokio-2020” tashkiliy qo`mitasi xabarida aytilishicha, bugungacha mazkur nufuzli musobaqaning tashkiliy ishlarida xizmat qilayotgan yuz nafarga yaqin xizmatchilar koronavirus kasalligiga chalingan. Ishchi va xizmatchi kuchlarining etishmasligiga va mavjud vaziyatning murakkabligiga qaramasdan 16-paralimpiya o`yinlari Yaponiya davlatida belgilangan reja asosida o`tkaziladi.
Ta`kidlash lozimki, O`zbekiston paralimpiya delegasiyasi bugun tongda Tokioga etib bordi. Vakillarimiz o`zlari uchun “Sportchilar shaharchasi”da hozirlangan hududga joylashishdi. Paralimpiya o`yinlari “shaharchasi”da O`zbekiston bayrog`i ko`tarildi.
To`lqin RO`ZIEV, O`zA






