Fransiyaning «France 5» telekanalining ommabop «Des trains pas somme les autres» («Trains like no others») ko`rsatuvining navbatdagi soni O`zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag`ishlandi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA .
Joriy yilning 23 aprelidan 8 may sanasiga qadar «STEP by STEP Productions» vakillari mamlakatimiz bo`ylab ijodiy safarda bo`ldi.
Safar davomida fransiyalik teleijodkorlar Toshkent, Marg`ilon, Nukus, Buxoro Samarqand shaharlarida hamda Mo`ynoq, Bo`stonliq tumanlari hududlarida tasvirga olish ishlarini amalga oshirdi. Film «Trains like no others: Uzbekistan» nomi ostida namoyish etildi.
Filmda taniqli teleboshlovchi Filipp Googlen O`zbekiston temir yo`llari bo`ylab sayohat qilgan. Tomoshabinlarga mamlakatimizning madaniyati va tarixi, qadimiy obidalari haqida hikoya qiladi. Mahalliy aholining yashash tarzi, mentaliteti, an`analari va urf-odatlari bilan tanishtiradi. Ushbu muvaffaqiyatli loyiha Evropa mamlakatlarida O`zbekistonning turizm salohiyatini yanada tanitishga hamda Evropadan kelayotgan sayyohlar oqimining yanada ko`payishiga xizmat qiladi.
Yaqinda Fransiyaning «France 5» telekanalida efirga uzatilgan 52 daqiqalik film tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Bir vaqtning o`zida ushbu loyihani 1,5 milliondan ortiq tomoshabin kuzatdi. Film 4 yil ichida qayta efirga uzatiladi. Natijada tomoshabinlar qamrovi 3-4 millionga ortishi kutilmoqda.






