Tokioda XVI yozgi Paralimpiya o`yinlari davom etmoqda. Bugungi dasturni ham parasuzuvchilarimiz boshlab berishdi. Ertalabki dasturda 4 nafar para suzuvchimiz S13 klassda 100 metrga chalqancha usulda suzish bo`yicha saralash bahslarida ishtirok etishdi. Bu haqda turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Xabarga ko`ra, erkaklar o`rtasida Islam Aslanov hamda Muzaffar Tursunxo`jaev, ayollar o`rtasida esa Shohsanamxon Toshpo`latova va Nigoraxon Mirzohidova startga chiqdi.
Afsuski, yigitlarimizga biroz omad etishmadi va ular saralashda 5- va 6-o`rinlarni egallab, final bosqichiga o`ta olishmadi. Biroq, ayollar o`rtasidagi saralash bahslarida qatnashgan sportchilarimiz – Shohsanamxon Toshpo`latova va Nigoraxon Mirzohidova final yo`llanmasini qo`lga kiritishdi.
Nigoraxon finishga 2-bo`lib etib kelgan bo`lsa, Shohsanamxon 5-o`rinni egalladi. Ayollar o`rtasida 100 metrga chalqancha usulda suzish bo`yicha final bahsi bugun Toshkent vaqti bilan soat 15:12da boshlanadi.






