Samarqand davlat universiteti botanika bog`i Xalqaro botanika bog`lari assosasiyasiga qabul qilindi. Bu haqda O`zA ma`lum qildi.
Mazkur botanika bog`i o`tgan asrning etmishinchi yillarida tashkil topgan, maydoni 36 gektar. Bog`da 5000 dan ziyod mevali va manzarali daraxtlar, butasimon, gul o`simliklari mavjud. Ulardan tabiiy va aniq fanlar yo`nalishiga doir ilmiy ishlarda foydalanib kelinmoqda.
Xalqaro botanika bog`lari assosasiyasi qarorgohi Londonda joylashgan bo`lib, uning asosiy maqsadi botanika bog`laridagi daraxt va o`simliklarni himoya qilish va ular ustida ilmiy tadqiqotlar o`tkazishdan iborat. Samarqand davlat universiteti botanika bog`ining ushbu assosasiyasiga a`zo bo`lishi bir qator afzalliklarga ega.
- Jumladan, dunyodagi botanika bog`lari bilan hamkorlikni yaxshilash, turli xil tadbirlar o`tkazish;
- bu erda mavjud bo`lmagan manzarali va mevali daraxtlarni namunalarini olib kelish va ko`paytirish;
- yurtimizdagi noyob o`simliklarga oid axborotlarni xalqaro doirada keng targ`ib qilish;
- Samarqand viloyatiga kelayotgan turist va mehmonlarni sayohatga taklif qilish;
- Samarqanddagi oliy ta`lim muassalari professor-o`qituvchilari hamda talaba-yoshlar o`rtasida tanlov va konferensiyalar tashkil etish, tabiiy, aniq va ijtimoiy fanlarga oid tadqiqotlar o`tkazish, o`simliklar dunyosi xilma-xilligini boyitish, tuproq unumdorligi ustida dala tajribalarini o`tkazishdan iborat.
- Hozirgi kunda bog`imizda nafaqat universitet tadqiqotchi olimlari, balki boshqa oliy ta`lim muassasalari vakillari ham ilmiy izlanishlar olib bormoqda, - deydi botanika bog`i direktori, biologiya fanlari nomzodi, dosent Shuhrat Hamroqulov. – Bog`ni yangilash, dorivor o`simliklarni ko`paytirish, katta hajmdagi issiqxona qurish loyihalarini ishlab chiqqanmiz.
Buning uchun barcha sharoit mavjud. Shahrimiz chiroyiga ko`rk qo`shish uchun turli manzarali daraxtlarni etishtiryapmiz. Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Samarqand davlat universiteti botanika bog`ining Xalqaro botanika bog`lari assosasiyasiga qabul qilinishi har birimizga faxr bag`ishlaydi.






