Hukumat qarori bilan Er uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma`muriy reglamenti tasdiqlandi
Reglamentga ko`ra, yuridik yoki jismoniy shaxslarning egaligida, foydalanishida, ijarasida yoki mulkida bo`lgan er uchastkasi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ulardan olib qo`yilgandan (sotib olingandan) va davlat mulki sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazilganidan keyin beriladi.
Er uchastkasini ajratish bo`yicha materiallarni tayyorlash ishlari buyurtmachi hamda Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasi tomonidan shartnoma asosida bajariladi.
Shartnoma tuzilgandan keyin 20 ish kuni davomida elektron shaklda er uchastkasi ajratish haqida hujjatlar yig`majildi tayyorlanadi va “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga yuboriladi.
Hokimliklar hujjatlar yig`majildini olgandan so`ng uni 5 ish kuni davomida o`rganadi hamda davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun buyurtmachiga yuboradi.
Davlat ekologik ekspertizasi Davlat ekologiya qo`mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo`linmalari tomonidan 20 ish kuni davomida o`tkaziladi.
Keyin hujjatlar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 3 ish kuni davomida o`rganib chiqilib, ajratiladigan er uchastkasi bo`yicha xulosa tayyorlanadi.
Shunga ko`ra, er uchastkasini ajratish materiallari vakolatli organlar bilan kelishiladi.
Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun er uchastkasini doimiy foydalanishga ajratish haqida qaror qabul qilingach, shu asosda 3 ish kunida er uchastkasi chegaralari joyida (naturada) belgilanadi.
Buning uchun BHMning uch yarim baravari miqdorida haq undiriladi.
Huquqiy ekpertiza yakuni bo`yicha hududiy adliya boshqarmalarining ijobiy xulosasi mavjudligi er uchastkasini doimiy foydalanishga ajratish haqida qaror qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.
Ajratilgan er uchastkasida qurilishni boshlashga yoki foydalanishga faqat er uchastkasiga bo`lgan huquq davlat ro`yxatidan o`tkazilgandan keyin yo`l qo`yiladi.
Qishloq xo`jaligi maqsadlariga mo`ljallangan er uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ajratilmaydi.






