2021-2022 o`quv yili uchun Akademik liseylarga kirish test sinovlari 2021 yil 30 avgust kuni 2 smenada o`tkaziladi.
Bunda test sinovlari:
- 1-smenada 08:00 dan 09:40 ga qadar;
- 2-smenada 18:00 dan 19:40 ga qadar bo`lib o`tadi.
Test sinovlari ta`lim yo`nalishiga mos 2 ta fan va intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo`yicha o`tkaziladi.
Bunda talabgorlarga har bir fandan 20 tadan jami 60 ta test topshirig`i va ularni bajarish uchun javoblar varaqasini to`ldirish bilan birga 1 soat 40 daqiqa vaqt ajratiladi.
Test sinovlarida to`plash mumkin bo`lgan maksimal ball – 146 ball bo`lib, ta`lim yo`nalishiga mos fanlar bo`yicha har bir to`g`ri javob uchun 3,1 balldan (jami 124 ball), intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo`yicha esa 1,1 balldan (jami 22 ball) beriladi.
Davlat test markazining rasmiy veb-saytiga o`quvchilarning intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlashda foydalaniladigan test spesifikasiyasi va namunaviy test topshiriqlari joylashtirilgan bo`lib, talabgorlar https://dtm.uz/page/iq_test sahifasi orqali ular bilan tanishishi mumkin.
Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani 29 avgust kuni 09:00 dan boshlab Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining litsey.edu.uz saytidan va Akademik liseylardan olishlari mumkin bo`ladi.
Talabgorlardan test sinovi o`tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida 1 soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat va test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnoma bilan kelishlari so`raladi.






